Kontent qismiga oʻtish

Gulchehra begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gulchehrabegim
Boburiy malika
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1515-yil
Kobul, Afg'oniston
Vafoti 1557-yil
Hindiston
Onasi Dildorbegim
Otasi Zahiriddin Muhammad Bobur
Dini Sunni Islom

Gulchehrabegim (shuningdek, GulChihra yoki GulShara nomi bilan ham tanilgan; taxminan 1515 – 1557) — boburiy malika. Hindiston hukmdori Zahiriddin Muhammad Boburning qizi va podsho Humoyunning singlisi. Keyinchalik uning jiyani shahzoda Jaloliddin Muhammad imperator Akbar sifatida Hindiston taxtiga oʻtirgan.

Gulchehra ismi forschada „Gullarga oʻxshash yuz“ degan maʼnoni anglatadi. U Oʻrta Osiyo oliy zodagonlarining avlodi boʻlgan: ota tomonidan Amir Temurning oʻgʻli Mironshohga va Chingizxonning oʻgʻli Chigʻatoyxonga bogʻlanadi. Onasi Dildor begim boʻlib, Gulchehrabegim Hindol Mirzo va Gulbadan begimning opasi boʻlgan[1].

Malika Gulbadan tugʻilganda otasi Bobur bir muddat Kobulda hukmronlik qilgan. U Qunduz va Badaxshonda ham istiqomat qilgan. 1519-yildan beri Bajaur va Svatni, bir yil Qandahorni boshqargan. Oʻsha yillarda Temur xonadoniga rahbarlik va mustaqil hukmronlik belgisi sifatida unga „podshoh“ unvoni berilgan edi. Keyinchalik Bobur Hindistondagi imperiyani zabt etish uchun Hind daryosi boʻylab soʻnggi yurishiga otlanadi.

Gulchehrabegim Boburning birinchi amakivachchasi (onasining ukasi Ahmadning oʻgʻli) Sulton Toʻxta-bugʻaxon Chigʻatol Mugʻalga turmushga chiqqan. Nikoh Bobur istagi bilan 1530-yilning oxirida boʻlib oʻtgan. Oʻshanda u oʻn toʻrt yoshda boʻlgan.

Gulchehrabegim 1533-yilda beva qolgan[2] va 1549-yilgacha, yoshi oʻttizdan oshganiga qadar uning qayta turmushga chiqishi haqida hech narsa qayd etilmagan. Uning podsho xonadoni vakili sifatida shuncha yil beva qolgani ehtimoldan yiroq emas. Ayrim manbalarda u Humoyun Balxga yurishi oldidan Abbos Sulton Oʻzbek bilan oila qurgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Kuyov keyinchalik boburiylar saroyidan qochib ketadi. Gulchehrani oʻzi bilan olib ketmagan boʻlsa kerak.

Gulchehrabegim 1557-yilda Gulbadan va Hamida bilan birga Hindistonga boradi[3] va shu yili vafot etadi.