Kontent qismiga oʻtish

Doroshukuh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Doroshukuh (1616-59) - Ollohobod, Panjob va Moʻlton hokimi. Boburiylardan. Shoh Jahonning katta oʻgʻli va valiahdi. D. otasi betoblik kezlarida uning nomidan saltanatni idora qilgan. Shunda ukalari — Shoh Shujo, Avrangzeb va Murodbaxsh hasad qilib unga qarshi jangga hozirlik koʻrgan. 1657-yil dekabrda Murodbaxsh Ollohobodni, Shoh Shujo esa Bengaliyani egallab, oʻzlarini mazkur yerlar podshohi deb eʼlon qilganlar. 1658-yil martda Avrangzeb va Murodbaxsh Ujayn sh. yaqinida uchrashib, D.ga qarshi kurashish uchun oʻzaro bitim tuzganlar. Soʻng, koʻp oʻtmay Bahodirpurda ikki tomon qoʻshinlari oʻrtasida dastlabki toʻqnashuv sodir boʻlib, unda D. yengilgan. 1658-yil 29-mayda esa Agra yaqinidagi Samugarx sh.da boʻlgan hal qiluvchi jangda D. qoʻshinlari butunlay tor-mor keltirilib, Avrangzeb saltanat taxtini egallagan. D. qochib, birmuncha vaqt yashirinib yurgan, ammo Dadar viloyati hokimi Malik Jevonning xiyonati sababli qoʻlga olinib, 1659-yil 30 avgustda qatl qilingan.

D. olim, adib va shoir edi. Uning "Majmaʼ ul-baxrayn" ("Ikki dengizning qoʻshilish joyi"), "Safiynat ul-avliyo" ("Valiylar kemasi"), "Hasanot ul-orifiyn" ("Oriflar amali solihlari"), "Haqnoma" nomli nasriy asarlari va sheʼriy devoni mavjud. Shuningdek, u sanskrit tilidagi bir necha asarni forschaga tarjima qilgan (mas, "Sirr ul-asror").

Turgʻun Fayziyev.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil