Lapar
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Lapar — musiqiy folklor janri; voqeabandligi va kuy tuzilishi jihatidan uncha murakkab boʻlmagan, tor diapazonli, naqarotsiz, cholgʻu joʻrligisiz aytiladigan qoʻshiqlarga yaqin. Ikki turi mavjud: 1) toʻy marosimi, xalq sayili, hashar kabi yiginlarda yigit va qizlar tomonidan tarafma-taraf boʻlib dialog shaklida ijro etiladigan laparlar. Bunda davradagi qizlar navbatmanavbat xohlaganiga "lapar soladi", bunga yigit javob qaytarishi kerak. Mos javob qaytarilsa, dastroʻmol, belbogʻ kabi sovgʻalar beriladi. Laparni maxsus laparchi ayollar boshqarib boradi. Marosim laparlarning kuylari, koʻpincha, epik tusda, nutqdosh yoki kuychan ohanglarda boʻladi. Bularda, asosan, yigit va qizning muhabbat kechinmalari, orzu-umidlari aks etadi, shuningdek, yengil hajv va yumor ham qoʻshilib ketadi. Toʻrtlik shaklidagi termalardan iborat boʻlgan laparning bu turi, asosan, Toshkent viloyati va Janubiy Qozogʻiston oʻzbeklari orasida keng tarqalgan; 2) oʻyin lapar Xorazm xalfalari, Buxoro sozandalari orasida "labidan", "labi uchidan" aytiladigan, yengil harakterdagi qoʻshiqlarga nisbat berilgan. Odatda, ikki kishi galma-galdan raqs tushib ijro etadi. Kuylari yengil, oʻynoqi, jozibali boʻladi. Yakka qoʻshiqchi tomonidan cholgʻu joʻrligida ham raqs bilan aytiladi. Xalq orasida "Qora soch", "Oyijon", "Qilpillama", "Bilak uzuk", "Nahoru nashta" kabi L.lar ommalashib ketgan. Lapar ijrochilaridan Tamaraxonim, G. Otaboyeva va boshqa mashxur. Xalq laparlari oʻzbek kompozitorlari tomonidan qayta ishlanib, xor, vokal-simfonik, estrada musika asarlaridan keng oʻrin olgan. Laparlar baʼzan, keng maʼnoda, umuman qoʻshiq tushunchasini ham ifodalaydi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |