Faxriddin Ali Safiy
Faxriddin Ali Safiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Tasavvuf, Xojagoniya - Naqshbandiya - Ahroriya tariqati tazkirachisi |
Faxriddin Ali Safiy(arabcha: فخر الدين علي صافي — Faxriddin Ali Safiy — Toʻliq ismi: Faxriddin Ali Safiy ibn Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy) — tasavvuf va xojagoniya, naqshbandiya, ahroriya tariqati tazkirachisi.
Faxriddin Ali Safiy (taxallusi Safiy) (1463-yil 11-fevral, Sabzavor — 1532-1534-yillar, Hirot) — tarixchi va faylasuf, shoir, voiz, tarjimon.[1]
Taʼlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Husayn Voiz Koshifiyning oʻgʻli. Ilk saboqni otasidan olgan. 1468-yilda oilasi Hirotga koʻchib kelgan. Faxriddin Ali Safiy Qarshida Xoja Ahror Valiy bilan ilk marta uchrashib, 4 oy uning xizmatida boʻlgan (1484). Keyinchalik Samarqandga kelib 8 oy uning yonida turgan va kotiblik qilgan (1487). U Xoja Ahrordan eshitganlarini doimo yozib borgan. Xoja Ahror vafotidan soʻng Hirotga qaytib Husayn Boyqaro xizmatiga kirgan va otasi singari uning voizi boʻlgan. Shahar shayboniylar tasarrufiga oʻtgach, bir yilga yaqin zindonda yotadi. Keyin Gurjistonga hijrat qiladi. Hirot safaviylar hukmronligi ostiga oʻtganidan soʻng qaytib kelib, voizligini yana davom ettiradi.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faxriddin Ali Safiy fors tilida 10 ga yaqin asarlar yozib qoldirgan. „Rashahot ayn alhayot“ („Obi hayot tomchilari“; qisqacha „Rashahot“), „Latoif uttavoyif“ („Latofatnoma“ nomi bilan 1996-yil Toshkentda nashr etilgan), „Aniysul orifin fil mavoiz“ („Donolarning nutq paytidagi yoʻldoshi“), „Hirz ulamon min fitan izzamon“ („Zamonning fitnalaridan saklovchi tumor“), „Kashful asror“ („Sirlar kashfi“) asarlari va „Maxmud va Ayoz“ lirik doston muallifi. U Shahobuddin Suhravardiyning „Uyun alhaqoiq va izoh altaroiq“ („Haqiqatlar bulogʻi va tariqatlar izohi“) asarini arabchadan fors tiliga tarjima qilgan.
Tasavvuf namoyandalari haqidagi „Rashahot“ (1503) asarida mashhur shayx Xoja Ahrorning hayoti va faoliyatidan tashqari Movarounnahr va Xurosonda yashab oʻtgan yuzlab shayxlar (asosan, Buxorolik 7 pir)ning ham tarjimai hollarini keltirgan. Asarda Movarounnaxrning XV asrdagi ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy va madaniy ahvoliga oid qimmatbaho maʼlumotlar mavjud. Bu asar tasavvuf tarixini oʻrganishda, Oʻrta Osiyoda yashagan mashhur mutasavviflar, olimlar va shayxlarning hayotini tadqiq etishda muhim manba qisoblanadi. „Rashahot“ debocha, muqaddima, 3 bob va xotimadan iborat. Asar fors tilida Hindiston (1890, 1897, 1906)da, Toshkent (1911)da nashr etilgan. Uning arabcha (1852, 1889), turkcha (1888) tarjimalari ham chiqqan. Xorazmda domla Xudoybergan ibn Bekmuhammad tomonidan eski oʻzbek tili (1879)ga qilingan tarjimasi Toshkentda sharqshunos olimlar — Mahmud Hasaniy va Bahriddin Umrzoq tomonidan nashr qilindi (2003, 2004). Bu asarning 50 dan ortiq qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik intida saqlanadi.
Alisher Navoiy „Majolis un-nafois“da Ali Safiyning darveshtabiat, foniysifat va dardmandsheva yigitligi, Xoja Ahror suhbatiga muyassar boʻlgani, undan qabul sharafi va irshod talqinini topib Hirotga qaytgani haqida maʼlumot beradi. Sheʼriy salohiyatini taʼriflab, namuna sifatida bir baytini keltiradi[2][3][4][5]
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Rashahotu ayni-l-hayot“,
- „Latoifu-t-tavoif“,
- „Aniysu-l-orifiyn fi-l-mavoiz“,
- „Hirzu-l-amon min fitani-z-zamon“,
- „Kashfu-l-asror“,
- „Mahmud va Ayoz“
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |