Embrionda qon yaratilishi
Odam homilada dastlabki qon hosil boʻlishi embrion taraqqiyotining sariqlik xaltasida boshlanadi. Bu birinchi yoki angioblastik qon taraqqiyoti davridir. Sariqlik xaltasi devoridagi mezenxima hujayralari qon orolchalari shaklida ajralib chiqadi. Keyinchalik mezenxima hujayralari oʻz oʻsiqlarini yoʻqotib yumaloq shaklni oladi va qonning oʻzak hujayralariga aylanadi.
Qon orolchalarining chekka qismlarida joylashgan mezenxima hujayralari esa, aksincha, yassilashadi va boʻlajak qon tomirlarining devorini hosil qiluvchi endotelial hujayralarga aylanadi. Uzak hujayralarning maʼlum bir qismi birlamchi qon hujayralariga differensiallashadi. Birlamchi qon hujayralari yirik, yumaloq va ovalsimon boʻlib, bazofil boʻyaladigan sitoplazmaga ega boʻladi. Ular mitoz yoʻli bilan boʻlinib koʻpayadi. Birlamchi qon hujayralarining keyingi takomili yoki differensialanishi hujayralar sitoplazmasida Gemoglobin toʻplanishi va yadro (maʼnolari)ning kichrayib zichlanishi (piknoz) bilan xarakterlanadi. Soʻngra yadro hujayradan siqib chiqariladi va nihoyatda birlamchi qon hujayralari megaloblast bosqichidan toʻgʻridan-toʻgʻri megalotsitlarga yoki birlamchi yirik eritrotsitlarga aylanadi. Sxematik tarzida bu protsessni quyidagicha ifodalash mumkin: birlamchi qon hujayrasi — megaloblast — megalotsit. Shuni taʼkidlash kerakki, megaloblastik eritropoez normal sharoitda faqat embrional davridagina uchraydi, voyaga yetgan organizmda esa faqat patologik holatlarda (kamqonlik, vitamin B]2 yetishmovchiligida) uchraydi. Oʻz yashash muddatini oʻtagan megalotsitlar yemiriladi va tomirlarning endoteliyhujayralari tomonidan fagotsitoz qilinadi. Qolgan birlamchi qon hujayralaridan, masalan, sariqlik xaltasi tomirlarida ikkilamchi eritrotsitlar rivojlana boshlaydi. Ularning taraqqiyoti megalotsitlar takomillashishidan farq qilib, sekinroq amalga oshadi va normotsit bosqichini oʻtaydi. Bu jarayon sxematik tarzida quyidagicha ifodalanadi: birlamchi qon hujayralari > ikkilamchi eritroblastlar > polixromatofil normotsitlar > oksifil normotsitlar > ikkilamchi eritrotsitlar. Taraqqiyot bosqichidagi barcha hujayralar ikkilamchi eritroblastlardan boshlab to ikkilamchi eritrotsitlargacha, megalotsitlarga nisbatan ancha kichik boʻladi, yaʼni ularning kattaligi yetuk organizmdagi eritrotsitlarning kattaligiga yaqin keladi.
Dastlabki embrional davrida eritrotsitlar taraqqiyotining oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, bu protsess sariqlik xaltasi tomirlarining ichida, yaʼni intravaskulyar amalga oshadi. Shu bilan birga bu davrda donador leykotsitlar ham taraqqiy qiladi — ularning takomili tomirlardan tashqarida, ekstravaskulyar joylashgan birlamchi qon hujayralaridan boshlanadi. Shuning bilan embrional taraqqiyotining birinchi davri, yaʼni angioblastik davr tugaydi. Embrional taraqqiyotning 4-5 haftasiga kelib sariqlik xaltasi atrofiyaga uchraydi va uning qon yaratish funksiyasi yoʻqoladi. Shu vaqtdan boshlab xususiy embrional qon yaratilish davri boshlanadi. Eritrotsitlar va leykotsitlar jigar, taloq, timus, suyak koʻmigi va limfa tugunlarida yaratiladi.
Jigarda qon yaratilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Embrional davrning b e sh i n ch i haftasidan boshlab jigar embrionda qon yaratilishi markazi boʻlib qoladi. Hosil boʻladigan qon hujayralari oʻzak hujayralaridan rivojlanadi. Ular birlamchi qon hujayralariga aylanadi va yuqorida koʻrsatilgan bosqichlarni bosib oʻtib ikkilamchi eritrotsitlarni beradi. Takomillashgan eritrotsitlar bilan bir paytda jigarda donador leykotsitlar, asosan takomillashgan neytrofil va eozinofillar ham koʻriladi. Voyaga yetgan organizmdan farqli oʻlaroq, bu protsess oraliq bosqichlarni tashlab oʻtib, yaʼni miyeloblast, promiyelotsit bosqichlarni oʻtamasdan turib amalga oshadi. Sxematik tarzida donador leykotsitlar takomili quyidagicha boʻladi. Birlamchi qon hujayrasi yetuk granulotsit. Bulardan tashqari, jigarda gigant hujayralar — m e g a k a r i o t s i t l a r ham rivojlanadi. Barcha elementlarning taraqqiyoti jigarda tomirlardan tashqarida, yaʼni ekstravaskulyar amalga oshadi. Jigarda qon yaratilishi asta-sekin susayib boradi va embrional taraqqiyotning oxiriga kelib butunlay toʻxtaydi.
Taloqda qon yaratilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Embrional hayotning birinchi yarmida taloqda gemopoezning barcha hujayralari taraqqiy etadi. Taloqda ekstravaskulyar qon yaratilishining manbai boʻlib mezenximadan takomillashuvchi oʻzak hujayralar hisoblanadi.
Homila tugʻilishi paytiga kelib taloqda eritrova granulotsitopoez jarayonlari susayadi va butunlay toʻxtab, taloq asosan agranulotsitlar va trombotsitlarni yaratuvchi manba rolini oʻtaydi.
Limfa tugunida qon yaratilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Embrion taraqqiyotining uchinchi oyiga kelib limfa qopchasi devorining mezenximasidan harakatchan oʻzak hujayralari ajralib chiqa boshlaydi. Mezenxima sintsitiysi retikulyar to'qimaga aylanib, bu toʻqima orasida erkin hujayralar — limfoblastlar va limfotsitlar joylashadi. Limfa tuguni kurtaklarining dastlabki taraqqiyot davrlarida ularda eritroblastlar va miyeloid elementlarining borligini koʻrish mumkin, biroq bu elementlarning koʻpayishi limfotsitlar paydo boʻlishi bilan toʻxtaydi.
Boʻqoq bezida qon yaratilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Timusda T-limfotsitlar yaratilishi homila takomilining 9- 10 haftasidan boshlab, homila tugʻilgandan keyin ham davom etadi. Hozirgi paytda timus T- limfotsitlarning asosiy yaratilish manbai hisoblanadi.
Suyak koʻmigida qon yaratilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suyak ko’migida qon yaratilishi embrion taraqqiyotining oxirgi oylarida boshlanib, homila tugʻilgandan keyin kuchayadi. Voyaga yetgan organizmda suyak koʻmigi eritrotsitlar, donali va donasiz leykotsitlar va qon plastinkalari yaratiladigan eng asosiy universal organ boʻlib qoladi. Suyak koʻmigi timus va boshqa qon yaratuvchi organlariga oʻzak hujayralarni yetkazib beradi. Shu bilan birga u odamda B-limfotsitlarning asosiy taraqqiyot manbai hisoblanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Gistologiya. Toshkent: Ibn Sino, 2005 — 103-104-bet. Qaraldi: 9-dekabr 2022-yil. (Wayback Machine saytida 2022-07-09 sanasida arxivlangan)