Bibixonim madrasasi
Madrasa | |
Bibixonim madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Samarqand viloyati |
Shahar | Samarqand |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Madrasa turi | Katta |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Bibixonim |
Binokorlik sanasi | XIV asr oxiri |
Holati | Saqlanib qolmagan |
Bibixonim madrasasi – Amir Temurning katta xotini Bibixonim (Saroymulk xonim) "oʻz onasi sharafi"ga (Klavixo) 14-asr oxirida Samarqandda qurdirgan Madrasa. Sayyoh, olim A. Vamberi taʼkidlashicha, bu madrasada 1000 ga yaqin talaba oʻqigan.
Bibixonim madrasasi Bibixonim jome masjidining kirish peshtogʻi qarshisida joylashgan. Lekin jome masjididan oldin qurilgan. Saroy tarixchisi Gʻiyosiddin Alining "Amir Temur 1399-yil 10-mayda madrasada toʻxtab oʻtganligi" haqidagi maʼlumoti shundan dalolat beradi. Tarixnavis Fasih Havofiy (1375— 1442) taʼkidlashicha, Amir Temur jome masjidi qurilishini kelib koʻrarkan, meʼmoriy majmuada mutanosiblik buzilganligi—Madrasa peshtogʻi va ayvoni jome masjidga nisbatan balandroq va qiyaroq boʻlib qolganligi uchun dargʻazab boʻladi va meʼmorlar (Xoja Mahmud Dovud va Muhammad Jald)ni jazoladi. Arxeologik qazishlar ham shu nomutanosiblikni tasdiqlaydi. Bino peshtogʻi qanchalik mahobatli boʻlmasin, uning qarshisidagi binoga monand emasligi koʻzga tashlanib qolgan. Meʼmoriy uslub talabiga koʻra, nomaqbul tushgan Madrasa peshtogʻi buzib tashlashga mahkum boʻldi. Shuning uchun ham keyingi ayerlarda Madrasa qoldiqlari buzib tashlandi.
Bibixonim madrasasi yonida unga "qoʻsh" uslubda Tuman ogo xonaqohi qurilgan. Tarixiy manbalar bu xonaqoh ham 1399 yildan oldin bunyod etilganligi haqida maʼlumot beradi. Chortokli keng xonaqoh, tepasi baland gumbaz bilan bogʻlangan. Devorlariga manzara naqshin gullar, serhasham bezaklar ishlangan. 4 tarafidagi keng derazalar—tobadonlar va eshiklar orqali xonaqoh juda yaxshi yoritilgan. Ostidagi tagxona—sardoba esa kichikroq boʻlib, devorlari yirik kulrang toshtaxtalar bilan bezatilgan. Tagxonada bir necha tosh tobutlar saqlangan. 1875-yil zilzilasi natijasida tagxona gumbazchasi oʻpirilib, pastda toshtobutlar borligi maʼlum boʻldi. Shu vaqgdan boshlab aholi orasida bu tobutlardan biri Bibixonimga tegishli degan ovoza tarkaldi. 1941-yilda oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlar goʻyo bu rivoyatni tasdiklagandek boʻldi. Shu sababli yaqingacha ushbu xonaqoh Bibixonim maqbarasi deb yuritilgan.
Keyingi tadqiqotlar bu muammoga aniklik kiritdi. Bibixonim (Saroymulk xonim) Amir Temur vafotidan keyingi boʻhron yillarida zaharlab oʻldirilgan. Bu binodagi ayol jasadi esa moʻmiyolangan (demak, uzoq joydan keltirilgan) va antropolog aniqlashicha, oʻrta yoshlardagi, sochlari qora va jingalak qandaydir boshqa ayol ekan.
Tuman ogʻo xonaqohi Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996-yilda taʼmir etilgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Zohi dov P., Temur davrining meʼmoriy qahkashoni. T., 1996.
Poʻlat Zohidov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |