Sardoba
Sardoba — suvni toʻplash va saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli hovuz. Markaziy Osiyo va Sharqdagi boshqa mamlakatlarda qurilgan. Sardobaning devori silindr shaklida, diametri 12–13 metr, chuqurligi 10–15 metr, hovuz yuzasi yer sathi bilan bir tekis boʻlgan. Sardoba gumbazi sifatli pishiq gʻisht va ganchdan ishlangan, tepasi tuynukli, atroflarida hovuzga suv tushadigan teshiklar qilingan. Kirish uchun sardobaga eshik ham oʻrnatilgan, uning oldi suvni toza saqlash maqsadida devor bilan oʻralgan. Sardoba yoniga mollarni sugʻoradigan oxur qilinib, unga hovuzdan maxsus tarnov orqali suv oqizilgan. Baʼzi sardobalarda ularni nazorat va tozalab turuvchi miroblar uchun xonalar ham boʻlgan.
Sardobalar geografik joylashuvi, joyning tabiati, relyefiga koʻra, bir necha xil (qor-yomgʻir suvlari, anhor-ariq suvlari, yer osti suvlari (korizlardan) yigʻiladigan sardobalar) boʻlgan. Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda Movarounnahrda 44 ta sardoba boʻlgan. Ulardan 29 tasi Qarshi choʻlida, 3 tasi Mirzachoʻlda, 3 tasi Toshkent bilan Fargʻona oʻrtasidagi qadimgi savdo yoʻlida, 1 tasi Karmana yaqinida — Choʻli Malikda qurilgan (Malik sardoba). XIX asr oxirigacha ishlatilgan sardobalardan biri hozirgi Turkmanistondagi Sandiqli choʻlida XVI asr oʻrtalarida Kerki va Qarshi shaharlarini bogʻlovchi karvon yoʻlida qurilgan, hovuzining diametri 17 metr boʻlgan Sangi suvloq sardobasidir. Sardobalar qadimda dasht va choʻllarda chorvani va savdo karvonlarini suv bilan taʼminlashda muhim oʻrinda turgan. Hozirgi saqlanib qolgan sardobalar tarixiy-etnografik ahamiyatga ega.[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qudratov., Sardobalar oʻlkasi, T., 2001.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |