Kontent qismiga oʻtish

Bayot

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Bayot (arabcha: بیات — tunash, tunab qolish):

  1. Oʻn ikki maqom tizimidagi muayyan shoʻbalar nomi (masalan: Navroʻzi Bayot, Bayoti Ajam);
  2. Shashmaqomda Navo[1][2], Xorazm maqomlarida Navo va Dugoh maqomlari tarkibidagi shoʻbalar. Asosiy pardalar tovush qatori re ioniy – fa ioniyga toʻgʻri keladi. Shashmaqomning Navo maqomi tarkibida Talqini Bayot (taronasi bilan), Nasri Bayot (taronalari bilan) va Ufori Bayot shoʻbalaridan tashqari cholgʻu qismlardan Muhammasi Bayot mavjud[1][2]. Bayot kuyi asosida yaratilgan namud esa bir necha koʻrinishlarga ega boʻlib, navo maqomi tarkibidagi shoʻbalarning avjlarida keng qoʻllanadi;
  3. Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllarida besh qismli yirik ashula turkumi[1][2]. Ularning parda tuzilishi Shashmaqomdagi Bayot shoʻbalarining aynan oʻzidir. Bayot qismlari bir-biridan, asosan usul jihatdan farqlanadi va mustaqil nomlarga ega emas. Bayot I – Saraxbor, Bayot II – Tarona, Bayot III – Savt, Bayot IV – Talqincha, Bayot V— Soqiynoma (yoki Qashqarcha) usullarida ijro etiladi. Ular shoʻba shaklida tuzilgan boʻlib, avjlarida Navo va Bayot namudlaridan unumli foydalanilgan. Bayotning oʻziga xos yoʻli hisoblangan Hofiz Sheroziy gʻazali bilan aytiladigan Bayoti Sheroziy ham besh qismdan iborat turkumli asardir. Bastakorlar bayot asosida koʻplab kuy, qoʻshiq va ashulalar yaratgan (Oʻyin Bayoti, Dutor Bayoti, Chapandozi Bayot va hokazo). Yunus Rajabiy („Layli va Majnun“, „Muqanna“ musiqali dramalari), Viktor Uspenskiy, Georgiy Mushel („Farhod va Shirin“ musiqali dramasi), Muxtor Ashrafiy („Dilorom“ operasi) va boshqa ijodida bayot yoʻllaridan foydalangan[3].
  1. 1,0 1,1 1,2 I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  2. 2,0 2,1 2,2 I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  3. „Bayot“ Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil