Kontent qismiga oʻtish

Asfandiyorxon qabulxonasi

Koordinatalari: 41°23′03″N 60°21′05″E / 41.384062307555595°N 60.35140047872848°E / 41.384062307555595; 60.35140047872848
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Asfandiyorxon qabulxonasi
Joylashuvi Xiva, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°23′03″N 60°21′05″E / 41.384062307555595°N 60.35140047872848°E / 41.384062307555595; 60.35140047872848
Turi qabulxona
Arxitektura uslubi Yevropa va Xorazm meʼmorchiligi
Loyiha muallifi Aleksandr Roop
Asoschi Asfandiyorxon
Asos solinishi 1912-yil
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Asfandiyorxon qabulxonasi xaritada

Asfandiyorxon (Isfandiyorxon) qabulxonasiXorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. 1912-yilda qurilgan, hozirda Xiva shahridagi Yangi turmush mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan. Xorazm viloyat madaniy meros boshqarmasi tasarufida[1].

Asfandiyorxon qabulxonasi 1912-yilda Xiva xoni Asfandiyorxon tomonidan yuqori martabali mehmonlarni qabul qilib olish uchun qurilgan[1][2]. Qabulxona Moskva shahar meʼmori Aleksandr Roop loyihasi asosida Yevropa va Xorazm meʼmorchiligi uslubida to‘rtburchak shaklda barpo etilgan. Qabulxonaning ichki devor hamda shiftlari tilla bilan zarhallangan ganchkorlik namunalari va har xil rangli toshlar bilan bezatilgan. Asfandiyorxon qabulxonasi xonalarining joylashuvi rus imperatorlarining kichik qabulxonasi singari simmetrik, kichik anfilada shaklda boʻlgan boʻlib, taxt xonasi, kutish xonasi, yozgi dahliz, maslahatxona, dam olish xonasi, qishki dahliz va tantanalar zalidan iborat boʻlgan. Qabulxonadan yilning barcha fasllarida foydalanish uchun qizdirish qurilmalari – kaminlar qurilgan. Kaminlar Avstriya zavodlarida tayyorlangan koshinlar bilan bezatilgan. Qish paytida kaminlarda torflashtirilgan saksovul yoqilgʻisi va ko‘mir yoqilib, xonalar isitilgan. Qabulxona tomi zamonaviy yevropacha uslubda toʻrt nishabli qora qalin tunukadan yasalgan[1]. Xonalarda moʻtadil iqlim hosil qilish maqsadida qabulxonaning janubiy va shimoliy taraflarida lojalar (shiyponlar) hamda anʼanaviy shakldagi ustunli ayvonlar qurilgan. Qabulxona devorlari tashqi tomonlarini bir-biri bilan toʻldirib turuvchi Yevropa meʼmorchiligi uslubidagi gʻisht oʻymakorligi va Xorazm meʼmorchiligining Xiva milliy guldasta uslubida ishlangan oq va koʻk rangli koshinlar bilan bezatilgan. Qabulxona atrofida yana sud binosi, turar-joy binolari va madrasalar, ular yonida toʻrtta hovli, 100 dan ortiq xonalar, galereyalar, qoʻriqxonalar, otxonalar, xizmatchilar xonalari va haram joylashgan. Butun hudud uzunligi 650 metrda ziyod boʻlgan baland devor va „guldasta“ uslubidagi minoralar bilan oʻralgan[3].