Ariya
Ariya (italyancha: „aria“ — ashula) – kuychan shaklga ega, mukammallashgan va keng qamrovli lirik yoki dramatik mazmuni bilan tugallangan musiqiy asar[1][2].
Asosan opera, musiqali drama, kantata va oratoriyalarda ishlatiladi. Unda asosan qahramonning xarakteri, uning his-tuygʻulari va voqealarga boʻlgan munosabatlari tasvirlanadi. Odatda orkestr joʻrligida xonanda tomonidan ijro etiladi. Mazmunining jiddiyligi va gʻoyaviy maqsadga ega boʻlishi tufayli opera dramaturgiyasida dramadagi monologga teng keladi. Qoʻshiq va romansga nisbatan birmuncha murakkab, koʻp qismdan tuzilgan. Badiiy vazifasi – opera qahramonining ruhiy kechinmalari va intilishini ochib berish. Shu bois keng ohangdorligi bilan ajralib turadi. Koʻpincha, orkestr muqaddimasi bilan boshlanadi, baʼzan undan oldin rechitativ keladi. Ariyetta, ariozo, kavatina, kabaletta va boshqa ariya turiga mansub. Baʼzan tabiatan kuychan cholgʻu asarlar ham ariya deb ataladi (Johann Sebastian Bach ariyalari)[3].
Oʻzbekiston kompozitorlari turli ariyalarni, asosan opera, musiqali drama va komediya hamda oratoriya janrlarida (ayrim oʻrinlarda cholgʻu ariyalarni) qoʻllashadi. Ilk oʻzbek musiqali dramalari („Layli va Majnun“, „Farhod va Shirin“) va ular zaminida yaratilgan shu nomdagi operalarga maqom (baʼzan ashula va katta ashula)larga asoslangan ariyalar kiritilgan. Oʻzbekiston kompozitorlaridan Aleksey Kozlovskiyning „Ulugʻbek“ operasidagi Ulugʻbekning monologlari, Reyngold Glier va T. Sodiqovlarning „Gulsara“ operasidagi Gulsara – bular ariyalarga misol boʻla oladi[1][2].
Konsertlarda ijro etiladigan ayrim vokal asarlar ham opera ariyasining xususiyatlariga ega boʻlishi mumkin. Baʼzan, lirik va odatda sekin sur’atda ijro etiladigan, fortepiano yoki boshqa cholgʻulardan uchun yaratilgan musiqa asari ham ariya deb ataladi[1][2].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2.
- ↑ "Ariya" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Vikiomborda Ariya mavzusiga oid fayllar bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |