Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Abdulhakam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdulhakam ibn Aʼyon ibn Lays al-Molikiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 767-yil (hijriy 150-yil)
Vafoti milodiy 829-yil (hijriy 214-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi imom Molikning peshqadam shogirdlaridan

Andoza:Wikidata image

Abdulloh ibn Abdulhakam (arabcha: عبد الله بن عبد الحكم — Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdulhakam ibn Aʼyon ibn Lays al-Molikiy) — imom Molikning peshqadam shogirdlaridan.

Oilasi asli Qizil dengiz sohilidagi Ayla (Aqaba)dan 16 mil masofa uzoqlikda joylashgan Haql qishlog‘idan. Shu bois u al-Haqliy nisbasi bilan ham zikr qilinadi. Bobosi A’yon Misrga kelib, Iskandariyaga joylashadi va katta boylikka ega bo‘ladi. Abdullohning otasi Abdulhakam shu yerda tug‘iladi, faqih bo‘lib yetishadi va shu yerda vafot etadi. Baʼzi manbalarda Abdulloh ibn Abdulhakamning tavallud sanasi sifatida 154/771 va 156/773-yillar ham ko‘rsatilgan. Otasi va mintaqaning peshqadam olimlaridan dars olgan Abdulloh ibn Abdulhakam ke­yinchalik ilmini oshirish maqsadida Hijoz, Suriya, Iroq va Yaman mamlakatlariga safar qiladi. Imom Molik va u kishining peshqadam shogirdlaridan bo‘lgan Ashhab al-Qaysiy, Ibn Vahb, Ibn al-Qosim kabi olimlardan hadis hamda fiqhdan tahsil oladi. Imom Molikdan "Al-Muvatto"ni tinglaydi. U, shuningdek, Asad ibn Furot, Ismoil ibn Ayyosh, Imom ash-Shofe’iy, Abdurrazzoq as-San’oniy, Abdulloh ibn Maslama al-Qa’nabiy, Sufyon ibn Uyayna, Ibn Ulayya, Abdulloh ibn Lahi’a, Lays ibn Sa’d kabi ko‘plab olimlardan hadisdan dars olgan. Hadis munaqqidlari fik­richa siqa va sodiq sifatida baholangan Abdulloh ibn Abdulhakamdan o‘g‘illari Muhammad, Abdurrahmon, Abdulhakam va Saʼdlar bilan bir qatorda, Abu Yazid al-Qarotisiy, Ibn Habib, Ibn Numayr, Ibn al-Mavvoz, Rabi’ ibn Sulaymon al-Jiyziy, Abdulloh ibn Abdurrahmon ad-Dorimiy, Sahnun ibn Sa’id, Horun ibn Ishoq al-Hamadoniy kabi olimlar hadis rivoyat qilganlar.

Abdulloh ibn Abdulhakam Misrda ilmiy mavqeidan tash­qari siyosat sohasida ham mashhur bo‘lgan. Chunonchi, uning tavsiyasi bilan Valiy Abdulloh ibn Tohir tomonidan Iso ibn al-Munkadir Misrga qozi etib tayinlangan (211/826-yil). 214/829-yilda xalifa Maʼmun ukasi Mu’tasimni Misr­ga voliy etib tayinlaydi. Bundan norozi bo‘lganlarning istagiga ko‘ra, Qozi Ibn al-Munkadir xalifaga maktub yozadi. Maktubdagi noxushlikdan xabar topgan Mu’tasim qozini ishdan bo‘shatadi va uning yaqin do‘sti Abdulloh ibn Abdulhakamni ham maktub yozilishida qo‘li bor, deya hibsga oladi. Holbuki, Abdulloh ibn Abdulhakam qoziga mazkur maktubni xalifaga yubormaslikni tavsiya etgan edi.

Qamoqda azoblangan Abdulloh ibn Abdulhakam aksar manbalarga ko‘ra, 829-yil 22 noyabr (214-yil 21 ramazon oyi)da, Ibn Hibbonning taʼkidlashiga ko‘ra esa, 213/829-yilda vafot etadi va Imom ash-Shofeʼiyning qabri yoniga dafn etiladi. Vafotidan so‘ng fatvo berish maqomiga o‘g‘li Muhammad o‘tadi. Abu-l-­Arab at-Tamimiy Abdulloh ibn Abdulhakamning Mihna hodisasi vaqtida yoqilib o‘ldirilganiga doir rivoyatni naql qilsa-da (Kitāb al-mihan, 258-yil), Mihna hodisasi uning vafotidan keyin sodir bo‘lgani mazkur rivoyatni inkor etadi. Biroq Abdulloh ibn Abdulhakamning o‘g‘illari bu hodisa vaqtida so‘roqqa tortilgan, katta o‘g‘li Abdulhakam iskanja ostida vafot etgan.

Abdulloh ibn Abdulhakam o‘z davrida Imom Molik mazhabi fiqhi va uslubiyati bilimdonlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Ustoz­larining hukm chiqarishda qo‘llagan usullarini yaxshi bilgani va yangi masalalarni yechishda ulardan foydalangani bilan o‘zgalar eʼtiborini tortgan. Imom Molik fiqhini kelgusi avlodga yetib kelishida Ashhab al-Qaysiydan keyin Misr­da molikiy mazhabining fatvo beruvchisi bo‘lgan Abdulloh ibn Abdulhakam, chiqargan fatvolari va asarlari bilan Imom Molik fiqhini o‘zidan keyingi avlodlarga qoldirgan hamda molikiy mazhabining yoyilishida xizmat qilgan.

Abdulloh ibn Abdulhakamning "Al-Muxtasar al-kabӣr" nomli asari bag‘dodlik molikiylar tomonidan madrasalarda asosiy manba sifatida o‘qitilgan. Qozi Iyozning maʼlum qilishicha, molikiy mazhabiga oid kitob­lar qatorida "Al-Muvatto" va "Al-Mudavvana"dan so‘ng, Abdulloh ibn Abdulhakamning "Muxtasar"idek hurmat qozongan bosh­qa asar bitilmagan. Biroq uning Imom Molikdan qilgan rivoyatlari mazhab ichida Ibn al-Qosim, Ashhab al-Qaysiy va boshqalarning rivoyatlaridek ishonchli deb topilmagan. Abdulloh ibn Abdulhakamning do‘sti bo‘lgan Imom ash-Shofeʼiy 199/815-yil Bag‘doddan Misr­ga safar qilganida uning uyi­da mehmon bo‘lgan. Imom ash-Shofeʼiy u yerda bo‘lganida Abdulloh ibn Abdulhakamdan iltifot ko‘rgan va uning yonida vafot etgan. Abdulloh ibn Abdulhakam Imom ash-Shofeʼiyning kitoblarini yozgan va o‘g‘li Muhammadni uning dars­lariga qatnashini taʼminlagan.

  • "Sӣra (Manāqib) Umar bin Abdul­’azӣz ’alā mā ravāh al-Imām Mālik bin Anas va ashābuh". Umaviy xalifasi Umar ibn Abdulaziz haqida yozilgan ilk biografik asar bo‘lib, muallifning Umar ibn Abdulaziz yashagan davrga yaqin davr­da yashagani sababli bu mavzuda yozilgan eng ishonchli manbalardan biri sifatida qabul qilingan.
  • "Al-Muxtasar al-kabӣr fi-l-fiqh". Imom Molikdan Ibn Vahb, Ashhab al-Qaysiy, Ibn al-Qosim hamda Abdulloh ibn Abdulhakamlar rivoyat qilgan 18000 masalani o‘z ichiga olgan asar. Asarning baʼzi bo‘limlari Fos Qaravayn kutubxonasida (inv. raqam 810) saqlanmoqda.
  • "Al-Muxtasar al-avsat". Ushbu asar o‘z ichiga 4000 fiqhiy masalani qamrab olgan.
  • "Al-Muxtasar as-sag‘ӣr". Mazkur asar "Al-Muxtasar al-avsat" asarida keltirilgan masalalardan 1200 tasini o‘z ichiga olgan xulosa bo‘lib, "Al-Muvatto"dagi maʼlumotlar bilan chegaralangan.

Shuningdek, "Al-Masāil va ajvibatuhā", "Al-Ahvāl", "Al-Manāsik", "Al-Qazā fi-l-­bunyān" kabi asarlar ham unga nisbat berilgan[1].

  1. Abu-l-Arab at-Tamimiy. Kitāb al-mihan. — Bayrut: 1988. 258;
  2. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. V, 105-106;
  3. Al-Bayhaqiy. Manāqib ash-Shāfi’iy. — Qohira: 1970. II, 263, 331;
  4. Ibn Hibbon. As-Siqāt. VIII, 347;
  5. Al-Xattobiy. Maʼālim as-sunan. — Bayrut: 1991. I, 4;
  6. Qozi Iyoz. Tartӣb al-madārik. — Rabot: 1982. I, 21; III, 363-368;
  7. As-Sam’oniy. Al-Ansāb. IV, 179;
  8. Yoqut. Mu’jam. II, 278; Az-Zahabiy. Siyar. X, 220-223;
  9. Ibn Xallikon. Vafayāt. III, 34-35; Brockelmann, GAL. I, 186;
  10. Sezgin. GAS. I, 464, 467-468, 477;
  11. F. Rosenthal. "Ibn Abd al-Hakam". EI2 (Ing.). III, 674-675;
  12. Nûrullah Kisâyî. "İbn ʿAbdilḥakem". DMBİ. IV, 183-184;
  13. Jonathan E. Brockopp. "Early Islamic Jurisprudence in Egypt: Two Scholars and Their Mukhtasars". IJMES. XXX/2 (1998), 167-182;
  14. Saffet Köse. „İbn Abdülhakem, Abdullah“. TDV İA. — İstanbul: 1999. XIX, 276-277.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.