Kontent qismiga oʻtish

Ab (Islom dinida)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ab, abun – arab. أَبٌ ota, padar (koʻplik shakli – أَبُونَ، آباءٌ، أَبُوٌّ، أَبُوَّةٌ. Oʻzagi أبو). „Ab“ soʻzining izofaga kirishgan, aniq holatdagi bosh kelishik shakli – Abu (أبو).

1. Arablar, shuningdek, Islom olamidagi boshqa xalqlar kunyalari tarkibiga kiruvchi soʻz. Masalan, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy va boshqalar. „Abu“ bilan kelgan ism shaxsning otasi, „ibn“ bilan kelgan ism esa shaxsning oʻgʻli ekanini bildiradi.

Bir odamning bir nechta kunyasi boʻlishi mumkin. Masalan, Usmon ibn Affonda 3 ta kunya boʻlgan: Abu Amr (أبو عمرو), Abu Abdulloh (أبو عبد الله) va Abu Laylo (أبو ليلى).

„Abu“ soʻzidan keyin quyidagi ismlar keladi:

1) odatda eng katta oʻgʻilning ismi;

2) baʼzan kichik oʻgʻil yoki qizning ismi;

3) ajdodiga boʻlgan hurmat yuzasidan nabira yoki undan keyingi avlodidan boʻlgan shaxs ismi;

Masalan, Ibrohim (a.s.) odatda Abu Ishoq (Ishoqning otasi) yoki Abu Yaʼqub (Yaʼqubning otasi) deb nomlangan.

Kunya biror istalgan sifatga nisbatan majoz boʻlishi mumkin, masalan, Abu-l-Fazl (أبو الفضل – „Fazilat otasi“) yoki Abu-l-Xayr (أبو الخير – „Yaxshilik otasi“) va hokazo.

Baʼzan „abu“ soʻzi qoʻshilgan birikma laqab sifatida qoʻllanadi: insonning shaxsiy xususiyatiga bogʻliq holda, masalan, Abu-d-Davoniq (أبو الدوانق) – „Qiymatsizlik (qadrsizlik) otasi“ (دوانق – „mayda pul“, „chaqa“). Bu sifat ziqnaligi bilan tanilgan abbosiylar xalifasi al-Mansurga nisba­tan berilgan. Abu Hurayra – mushukcha otasi (هريرة – mushukcha), unga mushuklarni yaxshi koʻrgani uchun kinoya bilan berilgan kunya. Kamsitish maʼnosidagi, masalan, Abu Jahl (أبو جهل) – „johillik otasi“, yoki biror jismoniy xususiyatni koʻrsatish uchun, masalan, Abu Shoma (أبو شامة) – „tugʻma xoli bor odam“ kabi kunyalar ham uchrab turadi.

„Abu“ soʻzining kunyadan tashqari „ega“ maʼnosida qoʻllanish holatlari ham mavjud. Masalan, Abu-n-nazzora – koʻzoynak egasi (yaʼni koʻzoynak taqib yuradigan kishi).

„Abu“ soʻzi, shuningdek, turdosh ot sifatida ayrim jonivorlar, oʻsimlik­lar yoki ularning mevasiga nisbatan birikma shaklida qoʻllanadi, masalan, sher – abu foris (أبو فارس), xoʻroz – abu-l-yaqzon (أبو اليقظان), uzun tumshugʻli oʻrmon loyxoʻragi – abu misalla (أبو مسلة) yoki abu minqor (أبو منقار), sakrash odatiga koʻra, burga – abu-l-vassob (أبو الوثّاب) deb nomlangan; oʻsimliklardan chilibuxa achchiqliqligi tufayli abu zaʼqa (أبو زعقة), kashtan mevasi poʻsti moʻynaga oʻxshash boʻlgani uchun abu farva (أبو فروة) deyilgan va hokazo. Jonsiz narsalar nomini yasaydi, masalan, abu riyoh – shamol otasi (yaʼni qaysi tomondan shamol esayotganligini koʻrsatuvchi temir parrak – flyuger).

Shuningdek, „abu“ haqiqiy maʼnosini butunlay yoʻqotib, zu/zat (ذو/ذات ..ga ega odam)ga sinonim boʻladi. Masalan, yumor tariqasida (abu lihya/abu lahya – „soqolli odam“, yoki evfemizm (yomon) abu-l-basir – koʻr odam va hokazo) usulida odam, hayvon yoki biror narsaning oʻziga xosligini koʻrsatib beradigan ifodali nom yasaydi.

Bu soʻz vositasida Sfinks haykali – Abu-l-havl va Abu Qubays – togʻ nomi kabi toponimlar ham yasaladi.

Koʻpgina adabiy soʻz va atamalar qato­ri „Abu“ soʻzi ham oʻzbek adabiy tilida IX-X asrlardan boshlab turkiy soʻz va atamalar bilan yonma-yon, goh ularning oʻrnida qoʻllanila boshlangan. Masalan, Alisher Navoiy quyidagi sheʼriy baytida „bobo“ soʻzi oʻrnida arabcha „jadd“ va „ota“ soʻzi oʻrnida „ab“ soʻzini qoʻllagan[1].

Degach abjad, boshigʻa uyrulurlar -

Qamar birla quyosh, yaʼni jadu ab.

2. Qadimiy turkiy tilidagi koʻmakchilardan biri. Yozuvda ikkinchi harf „b“ yozilsa ham, talaffuzda „p“ aytiladi; „ap ezgu“ („juda yaxshi“), „ap ak“ („oppoq“)[2].

  1. Ibn Manzur. Lisān al-’arab;
  2. A. J. Wensinck. „Kunya“ EI2 (Ing.). V, 396-397;
  3. Al-Jahiz. Bayān. 342;
  4. Mahmud Qoshgʻariy. Devonu lugʻotit turk. – T.: 1960. I, 70; OʻzME. – T.: 2000. I, 13.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4. 
  2. „Ibrohim alayhissalom“.