Kontent qismiga oʻtish

Koʻzoynak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zamonaviy koʻzoynak.

Koʻzoynak (koʻz va oyna soʻzlaridan) koʻz nurini yaxshilash yoki uni himoya qilish maqsadida koʻzlar roʻparasiga linza tutib turuvchi romchalardir. Koʻzoynak linzalari shisha, plastmassa kabi materiallardan tayyorlanadi.

Koʻzoynak — koʻzning koʻrish qobiliyatidagi nuqsonlarni tuzatish, uni mexaniq shikastlanishdan, yorugʻlik, chang va boshqalardan himoya qilish uchun qoʻllaniladigan oddiy optik asbob. Birinchi ko'zoynak XIII asrda niderdandlar tomonidan ishlatilgan. Ko'zoynak linza (oynak) va gardishdan iborat. Bosh fokusining holatiga qarab oynak yoki linza yigʻuvchi (qanariq) va sochuvchi (botiq) xillarga boʻlinadi. Ko'zoynakda ishlatiladigan linzalar sferik sirtining botiklik yoki qavariqlik darajasi (egrilik radiusi) turlicha boʻladi; sirtning egrilik radiusi katta boʻlsa, linzaning nur sindirish kuchi — optik kuchi katta boʻladi. Optik kuchi kichik yigʻuvchi oynak uzoqdan koʻrishda, optik kuchi katta sochuvchi oynak esa yaqindan koʻrishda qoʻllanadi. Optik kuchi katta boʻlgan koʻzni tuzatish uchun manfiy optik linza (botiq), optik kuchi kichik boʻlgan koʻzni tuzatish uchun musbat optik linza (qavariq) tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, ko'zoynak linzalarining sferik va silindrik xillari ham bor. Sferik ko'zoynakda nur sindirish kuchi barcha yoʻnalishlarda bir xil, silindrik ko'zoynakda esa turli yoʻnalishlarda turlicha, (silindrik linzalar ham qanariq va botiq) boʻladi; astigmatizmga chalingan koʻzning optik nuqsonini yoʻqotishda silindrik, sferik-silindrik ko'zoynak qoʻllanadi. Linzaning nur sindirish kuchi (optik kuchi) dioptriyalarda oʻlchanadi. Koʻrish quvvati keskin pasayganda teleskopik ko'zoynak (buyumning koʻzning toʻr pardasida hosil boʻladigan tasvirini yaxshilash uchun 2—3 juft linzadan iborat ko'zoynakdan foydalaniladi. Koʻz gʻilay boʻlganda prizmatik ko'zoynak taqish tavsiya etiladi. Himoya ko'zoynaklari har xil maqsadda, masalan, koʻzni o'ta ravshan yorugʻlikdan (payvandlashda), uni mexanik shikastlanishdan, quyosh nuri va boshqa taʼsiridan, chang, gaz va hokazolardan himoya qilishda, shuningdek, suvda suzishda taqiladi.

Ko'zoynak gardishi oynaklarning koʻzga nisbatan toʻgʻri joylashuviga yordam beradi. Gardish tanlanganda kanshar balandligi, oynaklar bilan qorachiqlarning markazlari oʻrtasidagi masofa hisobga olinadi. Koʻz optik nuqsonsiz (sogʻ), yaʼni qorachigʻining oldi va orqa fokuslari orasidagi masofa teng (23 mm ga yaqin) boʻlsa, ravshan koʻradi. Buyumdan keluvchi nurlar fokusi koʻzning toʻr pardasiga tushea, koʻz buyumni aniq koʻradi. Nurning fokusi tur parda oldiga (yaqindan koʻrish) yoki uning orqasiga (uzoqdan kurish) tushishi mumkin. Har ikkala holda buyum tasviri tur pardada aniq hosil boʻlmaydi, koʻz oʻtkirligi kamaygan hisoblanadi. Bu nuqson ko'zoynak bilan tuzatiladi (korreksiyalanadi). Ko'zoynak bilan koʻzni korreksiyalash uchun vrach-okulist maxsus asbob yordamida linzalar tanlaydi. Bunda vrach koʻzning oʻziga xos optik nuqsonlarini, kishining yoshini, kasbini va boshqa shaxsiy xususiyatlarini hisobga oladi. Vrach maslahatisiz boshqalarning ko'zoynagidan foydalanish mumkin emas.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil