Kontent qismiga oʻtish

Gretsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Грецияdan yoʻnaltirildi)
Gretsiya Respublikasi
Ελληνική Δημοκρατία
Ellinikí Dhimokratía
ShiorΕλευθερία ή θάνατος (Eleutheria i thanatos)
(Yunoncha Ozodlik yo Oʻlim)
Madhiya: Ύμνος εις την Ελευθερίαν
(Ýmnos eis tin Eleftherían, yunoncha Ozodlikga madhiyasi)
Location of Gretsiya
Poytaxt Afina
Rasmiy til(lar) Yunoncha
Hukumat Parlamentlik Respublika
• Prezident
Katerina Sakellaropoulou
Kyriakos Mitsotakis
Mustaqillik (Ottomon Imperiyadan)
• Sana
25-mart 1821
Maydon
• Butun
131,957 km2 (97-oʻrin)
• Suv (%)
0,86
Aholi
• 2011-yilgi roʻyxat
10,432,481[1] (89-oʻrin)
• Zichlik 79,1/km2
YIM (XQT) 2021-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$182,830 mil. (52-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$18,584
Pul birligi Yevro (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+2
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma GR
Telefon prefiksi 30
Internet domeni .gr

Gretsiya yoki Gretsiya Respublikasi (grekcha: Ελληνική Δημοκρατία, Ελλάδα) – Janubi-Sharqiy Yevropada, Bolqon yarim orolning janubida va uning atrofidagi orollarda (yiriklari – Krit, Evbeya, Rodos, Lesbos) joylashgan davlat. Maydoni 131,9 ming km2. Aholisi 11,28 million kishi (2012). Poytaxti – Afina shahri hisoblanadi. Maʼmuriy jihatdan 52 nom (viloyat)ga, nomlar yeparxiyalarga boʻlinadi. 10 tarixiy-geografik viloyatga boʻlish ham mavjud.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gretsiya – parlamentam respublika. Davlat boshligʻi – prezident. Amaldagi Konstitutsiya 1975-yilda qabul qilingan. Unga 1986-yil 7-martda kiritilgan tuzatishlarga binoan prezident parlamentda ochiq ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. U yana bir marta shu lavozimga qayta saylanishi mumkin[2]. Prezident 10 kundan ortiq chet elda boʻlganida, vafot etganida, isteʼfoga chiqqanida yoki ishga layoqatsiz boʻlib qolganida uning vazifasini Deputatlar palatasining raisi bajarib turadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Deputatlar palatasi (bir palatali parlament) va respublika prezidenti amalga oshiradi. Parlament umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish asosida 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Prezident bosh vazirni va uning tavsiyasiga koʻra hukumatning boshqa aʼzolarini tayinlaydi[3]. Bosh vazir lavozimiga parlamentda koʻpchilik oʻringa ega boʻlgan partiyaning rahbari tayinlanadi[4].

Olimp togʻi.
Zakinf oroli, Buxta Navagio

Gretsiya quruq subtropik mintaqada joylashgan. Mamlakat hududining 80 % togʻlik. Oʻrtacha balandligi 1000-1800 metrli togʻlar koʻp, eng baland choʻqqisi – Olimp togʻi (2911 metr). Togʻlar eroziya taʼsirida parchalanib ketgan va karst avj olgan. Peloponnes yarim orolning sharqida va Kiklada orollarida tez-tez zilzila boʻlib turadi.

Qazilma boyliklar, asosan, Gretsiya sharqidan topilgan: temir, marganes, xrom, nikel, qoʻrgʻoshin, rux, boksit, marmar, qum qayroq, qoʻngʻir koʻmir va boshqalar. Neft ham qazib olinadi.

Iqlimi Oʻrta dengizga xos subtropik, qishi sernam va yumshoq; yozi issiq va quruq. Afinada yanvarning oʻrtacha harorati 4— 12 °C, iyulniki 25—27 °C. Yogʻin shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa kamayib boradi. Oʻrtacha yillik yogʻin togʻlarda 1500 mm gacha, tekisliklarda 400–700 mm (80 % i qishda yogʻadi). Mamlakat shimolda iqlim sovuq, qishda harorat 0 °C dan past boʻladi.

Daryolari – Vardar, Maritsa, Strimon, Nestos (Mesta) va boshqalar. Togʻ daryolari koʻp, ular yomgʻir va qordan suv oladi, yezda suvi kamayib qoladi. Karst koʻllari va mineral buloqlar koʻp. Koʻllari – Prespa, Trixonis. Dengiz sohillaridagi va past togʻlik joylardagi butazor va quruq oʻrmonlar tagida jigarrang va qoʻngʻirjigarrang tuproqlar; balandroqda qoʻngʻir oʻrmon-togʻ tuproqlari uchraydi. Koʻp joylarda tuproq qatlami suv va shamol eroziyasiga uchraydi. Gretsiyaning 44 % maydoni oʻrmon va 28 % butazorlar bilan band.

Dub, qora qayin, kashtan, shumtol, oq qaragʻay, zarang, yongʻoq va b. oʻsadi. Togʻlarda boʻri, ayiq va yovvoyi oʻrmon mushugi yashaydi. Chiyaboʻri, ilon, kaltakesak va toshbaqa koʻp. Milliy bogʻlari – Vikos-Aoos, Mikra-Presna, Eta va boshqalar[5].

Gretsiya aholisi

Aholisining 95 % yunonlar. Mamlakatning markaziy viloyatlarida albanlar va aromunlar, sharqida turklar yashaydi. Yahudiy, loʻli va bolgarlar Gretsiyaning hamma joyida bor. Rasmiy til – yunon tili. Aholining aksariyati pravoslavlar; 5 % boshqa dinlarda. Aholining 59 % shaharlarda, 11 % shaharchalarda[6], 30 % qishloq joylarda yashaydi. Uning oʻrtacha zichligi – 1 km2 ga 75 kishi toʻgʻri keladi. 5 mln.ga yaqin yunon mamlakat tashqarisida, asosan AQShda (2 mln. kishi), Kanada, Avstraliya, Olmoniyada istiqomat qiladi. Yirik shaharlari – Afina, Saloniki, Patri[7].

Kaloniya davrida Gretsiya hududi Arxaiki.
Aleksandr Makedonskiy

Hozirgi Gretsiya hududida qadim zamonlarda antik sivilizatsiya mavjud boʻlgan. Mil. 4-asrda Gretsiya Vizantiya tarkibiga kirgan. 14—15-asrlarda Usmonli turk imperiyasi tomonidan istilo etilgan. Yunon xalqi xorijiy bosqinchilarga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtardi (1571, 1611-yillarda). Buyuk fransuz inqilobidan taʼsirlangan inqilobchi-demokrat Rigas Velestinlis Gretsiya va boshqa Bolqon davlatlari uchun konstitutsiya yozdi. 1814-yil Odesada „Filiki Eteriya“ („Axil jamiyat“) nomli maxfiy inqilobiy tashkilot tuzildi. Bu tashkilotga 1820-yilda rus armiyasi generali, yunon aristokrat oilasidan chiqqan A. Ipsilanti rahbar boʻldi. „Filiki Eteriya“ ozodlik harakati bayrogʻini koʻtardi va 1821-yil 25-martda Gretsiya mustaqillikka erishdi. 1822-yil yanvarda Epidvarda chaqirilgan Milliy majlis Gretsiyaning birinchi konstitutsiyasini qabul qildi va Gretsiyani mustaqil deb eʼlon qiddi. 1827-yil aprelda yunon siyosiy arbobi I. Kapodistriya prezident qilib saylandi. Rossiya-Turkiya urushi (1828—1829) dan soʻng 3 davlat (Angliya, Fransa, Rossiya) London konferensiyasi qarorlariga muvofiq, 1830-yilning 3-fevraldan boshlab Gretsiya mustaqilligi tan olindi. 1910-yilda Krit o. Gretsiya bilan qayta qoʻshildi. 1910—1915-yillar mobaynida Liberallar partiyasi tashkilotchisi E. Venizelos Gretsiya Bosh vaziri lavozimida ishladi. U bir qator islohotlar oʻtkazdi. Gretsiya 1912-yilgi Bolqon ittifoqini tuzishda, Bolqon urushlari (1912—1913)da qatnashdi.

Gretsiya birinchi jahon urushi davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi jahon urushining dastlabki yillarida Gretsiya betaraflik siyosatini tutdi. 1915-yilning noyabr oyidan eʼtiboran ittifoqchi davlatlar Gretsiyai iqtisodiy jihatdan yakkalab qoʻya boshladilar. Natijada u ham Antanta davlatlari tomonida urushda qatnashdi. Urush Gretsiya iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Turkiya bilan Gretsiya oʻrtasida tuzilgan Sevr sulh shartnomasi (1920)ga muvofiq, Izmir, Sharqiy Frakiya hamda Imroz, Tenedos va boshqa orollar Gretsiyaga berilishi kerak edi. Pekin Turkiyaga qarshi Angliya va Fransiya tomonidan uyushtirilgan harbiy fitna (1919—1922)da Gretsiyaning magʻlubiyatga uchrashi uni Sharqiy Frakiya, Izmir va boshqa hududlardan mahrum qildi. 1924-yil 25-martda Gretsiya respublika deb eʼlon qilindi. 1929—1933-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi davrida mamlakatda ishchilar va dehqonlar harakati avj oldi. Ikki yirik – Liberallar (Angliya tarafdorlari) bilan Xalq partiyasi (Fransiya tarafdorlari) oʻrtasida kurash kuchaydi. 1934-yil Gretsiya Rumuniya, Turkiya va Yugoslaviya bilan bitim tuzib, Bolkon Antantasi tarkibiga kirdi. Shu tariqa Gretsiya Fransiya rahbarligidagi harbiy-siyosiy ittifoqqa aʼzo boʻldi. 1935-yil soxta referendum asosida mamlakatda monarxiya tiklandi. 1936-yil 4-avgustda general I. Metaksas harbiy hokimiyati oʻrnatildi.

Gretsiya ikkinchi jahon urushi davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi jahon urushining dastlabki paytida Gretsiya betaraflik yoʻlini tutmoqchi boʻldi. Lekin 1940-yil 28-oktabrda Italiya qoʻshinlari Gretsiyaga bostirib kirib, hududining bir qismini egallab oldi. Yunon xalqi noyabr oyiga kelib, dushman askarlarini Gretsiyadan haydab chiqardi. 1941-yil 6-aprelda olmon askarlari Gretsiyaga kirdi va 2-iyungacha mamlakatni batamom egallab oldi. Hukmron partiya rahbarlari dushmanga qarshi kurashish oʻrniga, murosasozlikka oʻtdi. 1941-yil 27-sentyabrda Milliy ozodlik fronti tashkil qilinib, Gretsiya xalq, ozodlik armiyasi (ELAS) tuzildi (1941-yil dekabr). 1944-yil yozda Gretsiya hududining 2/3 qismi ozod qilindi.

1944-yil may oyida xorijda „Milliy birdamlik“ deb atalgan hukumat tuzilib, u mamlakatdagi fashizmga qarshi harakatni bostirish maqsadida ingliz askarlarini taqlif qildi. Hukumat 1944-yil 12-oktabrda Afinaga ingliz qoʻshinlari hamrohligida kelib, ELASni qurolsizlantirishga qarakat qildi. 5-dekabrda ingliz askarlari ELASga qarshi harakatgaoʻtdi. 1945-yil 12-fevralda da hukumat va Milliy ozodlik fronti Varkiz bitimini imzoladi. Bitimga muvofiq, harbiy holatni bekor qilib, afv umumiy (amnistiya) eʼlon etish, barcha qurolli otryadlarni tarqatish, davlat tuzumi haqida plebissit oʻtkazish va boshqa tadbirlarni koʻrish vaʼda qilingan edi.

Gretsiya urushdan keyingi yillarda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milliy ozodlik fronti oʻz vaʼdasida turib, ELASni qurolsizlantirdi. Biroq hukumat munofiqona yoʻl tutib, terror muhitida soxta saylov (1946-yil mart) va plebissit (1946-yil sentyabr) oʻtkazdi hamda mamlakatda monarxiya tuzumini tikladi. Hukumat mamlakatdagi demokratik kuchlarni yoʻqotish maqsadida fuqarolar urushini boshlab yubordi. 1946-yil oktabrda Gretsiya demokratik armiyasi tuzilib, bu armiya milliy mustaqillik, demokratiya va ijtimoiy taraqqiyot uchun uch yil mobaynida kurash olib bordi. 1949-yil oktabrda demokratik armiya qurolli qarshilik koʻrsatishni toʻxtatdi (ushbu armiya askarlaridan bir qismi Oʻzbekistonda boshpana topdi, shu yerda yashab, tinch mehnatda qatnashdi. Oʻz vatanida qulay siyosiy vaziyat vujudga kelgach, koʻchib ketdi). Taraqqiyparvar arboblar taʼqibga uchradi. 1952-yil noyabrda marshal A. Papagos boshchiligidagi Yunon yigʻini partiyasi hokimiyatni qoʻlga oldi. Shu partiya, soʻngra 1956-yilda uning asosida tuzilgan Milliy radikal ittifoq (ERE) K. Karamanlis boshchiligida mamlakatdagi demokratik kuchlarni bostirishni davom ettirdi. Bu esa xalk, ommasining noroziligini kuchaytirdi. 1963-yil 22-mayda parlament soʻl deputati G. Lambrakis oʻldirilganidan keyin Milliy radikal ittifoq (ERE) partiyasi hukumati isteʼfo berishga majbur boʻldi.

1963-yil noyabr – 1964-yil fevral parlament saylovlari natijasida hokimiyat Markaz ittifoqi partiyasiga oʻtdi. Hukumat rahbari G. Papandreu davlat apparatini qayta tashkil etish bilan bogʻliq tadbirlar belgiladi, maktablarda bepul oʻqitishni joriy qildi, dehqonlar toʻlaydigan soliqlarni birmuncha yengillashtirdi, ayrim toifadagi xizmatchilar maoshini oshirdi, siyosiy mahbuslarni ozod qildi va 1965-yil 15-iyulda qirolning siquvi natijasida Papandreu hukumati isteʼfo berdi.

Markaz ittifoqi partiyasidan ajrab chiqqan oʻta oʻng qanot rahbari S. Stefanopulos 1965-yil 17-sentyabrda yangi hukumat tuzishga muvaffaq boʻldi. U davlat apparati, politsiya va armiyada demokratik ruhdagi kishilarni qirol va oligarxiyaga sodiq shaxslar bilan almashtirdi. 1967-yil aprelda hokimiyatni P. Kanellopulos rahbarligidagi ERE partiyasi egalladi. Udarhol parlamentni tarqatib yubordi va 28-mayda yangi parlament saylovi oʻtkazmoqchi boʻldi. Biroq reaksion harbiy unsurlar 21-apreldayoq harbiy toʻntarish uyushtirdi va mamlakatda harbiy diktatura tartibini oʻrnatishga erishdi. Konstitutsiya bekor qilinib, demokratik tashkilotlar tarqatib yuborildi, ilgʻor kishilar esa qamoqqa olindi. Harbiy hokimiyatni K. Kollias boshqardi. 1967-yil 13-dekabrda Gretsiya qiroli Konstantin Harbin hukumatni agʻdarishga harakat qilib koʻrdi. Lekin qirol magʻlubiyatga uchrab, Rimga qochdi. Shu kuni xunta rahbari G. Papadopulos bosh vazir, general-leytenant G. Zoitakis esa regent qilib tayinlandi. 1974-yil iyulida harbiy diktaturaning ichki va tashqi siyosati butunlay barbod boʻlganligi natijasida bosh vazir K. Karamanlis boshchiligidagi fuqaro xukumati hokimiyat tepasiga chiqdi. Oʻsha yili oʻtkazilgan referendum monarxiya tugatilganligini tasdiqladi va Gretsiyai respublika deb eʼlon qildi. Gretsiya prezidenti – Konstantinos Stefanopulos (1995-yil martdan). Gretsiya 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 16-martda oʻrnatgan. Milliy bayrami – 25 mart – Mustaqillik kuni (1821).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umumgresiya sotsialistik harakati (PASOK), 1974-yilda tuzilgan; Gretsiya soʻl partiyasi, 1987-yilda tuzilgan; Soʻl va taraqqiyparvar kuchlar uyushmasi, 1989-yilda tuzilgan; Gretsiya kommunistik partiyasi, 1918-yilda asos solingan; Yangi demokratiya partiyasi, 1974-yilda tuzilgan; „Siyosiy bahor“ partiyasi, 1993-yilda tashkil etilgan. Gretsiya umummehnat konfederatsiyasi, 1918-yilda asos solingan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi[8].

Gretsiya – sanoatlashgan-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 18 %, qishloq xoʻjaligining ulushi 16 %.

Yiliga oʻrtacha 30,5 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Elektr stansiyalarning koʻpi yoqilgʻi bilan ishlaydi. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, yogʻochsozlik, sement korxonalari bor. Yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ayniqsa rivojlangan. Ip va jun gazlama, gilam toʻqiladi[9]. Yogʻ (zaytun yogʻi ishlan chiqarish boʻyicha dunyoda 3-oʻrin), un-yorma[10], meva konservalari, tamaki, vinochilik korxonalari bor. Oltingugurt kislotasi, sintetik materiallar, azotli va fosforli oʻgʻitlar, portlovchi moddalar ishlab chiqarish kimyo sanoatining asosini tashkil etadi. Asosan chetdan keltirilgan neftni qayta ishlab, turli mahsulotlar tayyorlanadi. Qazib olingan boksit, ferronikel va sh.k.ning anchagina qismi qayta ishlanmagan va konsentrat holida chet ellarga chiqariladi. Alyuminiy, poʻlat, choʻyan, baʼzi turdagi rangli metallar eritib quyiladi. Kemasozlik, avtomobilsozlik, traktorsozlik, binokorlik materiallari korxonalari mavjud. Kichikroq koʻnchilik-poyabzal va yogʻochsozlik fabrikalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Afina, Saloniki[11].

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi – dehqonchilik boʻlib, qishloq xoʻjaligi mahsuloti qiymatining 75 % ni beradi. Mayda dehqonchilik xonadonlari ham, yirik xoʻjaliklar ham mavjud[12]. Yerlarni ijaraga berish keng tarqalgan. Mamlakat maydonining 30 % ga yaqini – ekinzor. Gretsiyada zaytun daraxtining 31 turi usadi. Ular yiliga 2 marta gullab, hosil beradi[13]. Aholi jon boshiga 10 tup zaytun daraxti toʻgʻri keladi. Mamlakat ekinzorlarining 1,9 % bogʻdorchilik xoʻjaliklari koʻlida. 6 mln. tup olma, 5 mln. tupdan koʻproq shaftoli, 19 mln. tupga yaqin boshqa mevali daraxtlar bor. Salkam 20 mln. tup apelsin, limon, mandarin, greypfrut, bergamot yozda va kuzda – 2 marta hosil beradi. Bugʻdoy yetishtiriladi[14]; qand lavlagi, arpa, makkajoʻxori, sabzavot, sholi va boshqalar ham ekiladi. Chorvachilik zaif. Qoʻy, echki, qoramol, choʻchqa boqiladi. Dengiz sohillarida baliq ovlanadi[15]. Chet el sayyohligi anchagina daromad keltiradi (1 yilda 10 mln.ga yaqin kishi kelib ketadi)[16].

Gretsiyada dengiz transporti asosiy oʻrinni oladi. Savdo flotining salmogi jihatidan dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Gretsiyaning 2579 kemasidan 1000 ga yaqini boshqa mamlakatlar bayrogʻi bilan suzadi[17]. Asosiy dengiz portlari: Pirey, Saloniki, Elefsis. Temir yoʻllarning uzunligi – 2,6 ming[18], avtomobil yoʻllarining uzunligi – 130 ming km. Afina va Salonikida xalqaro aeroportlar bor[19].

Afina tramvayi

Eksport va import

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gretsiya chetga asosan zaytun yogʻi va mevasi, uzum, sitrus mevalar, tamaki va maʼdan xom ashyosi chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, yoqilgʻi, metalurgiya va kimyo sanoati uchun xom ashyo xarid qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Almaniya, AQSh, Italiya, Fransa, Buyuk Britaniya va boshqalar[20]. Pul birligi – draxma[21].

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gretsiyadagi kasalxonalarning aksariyati davlat qaramogʻida. Xususiy vrachlar ham tibbiy xizmat koʻrsatadi. Vrachlarni Afina va Salonikidagi universitetlarning tibbiyot fakultetlari tayyorlaydi. Mashhur kurortlari Delfa, Saloniki, Patri shaharlari va Kerkira orolida.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Afina universitetining tarixiy korpusi

Maorif tizimi 4 bosqichga boʻlinadi: 6 yillik umumiy[22], 3 yillik oʻrta va 3 yillik oʻrta maxsus, shuningdek, oliy taʼlim. Umumiy va oʻrta taʼlim majburiydir. Gretsiyada 17 universitet va bir qancha texnika institutlari bor. Yiriklari: Afina, Saloniki universitetlari, Afina politexnika instituti. Ilmiy muassasalari[23]: Afina akademiyasi (1926-yil tashkil etilgan; unda bir qancha institutlari va komitetlar mavjud), 20 ga yaqin i.t[24]. instituti va bir qancha ilmiy jamiyatlar, Afina shahridagi Milliy rasadxona (1842-yil tashkil etilgan) va boshqalar. Gretsiyadagi Milliy kutubxona (1828-yil tashkil etilgan), Afina shahridagi Deputatlar palatasi kutubxonasi[25], universitetlar kutubxonalari yirik kutubxonalardir[26].

Asosiy muzeylari: Milliy arxeologiya muzeyi (1874-yil tashkil etilgan). Akropol (1878-yil ochilgan), Bizantiya muzeyi (1914), Milliy tarix muzeyi (1882), Sanʼat asarlari milliy galereyasi (1900) – hammasi Afina shahrida joylashgan[27].

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gretsiyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: „Avgi“ („Tong“, kundalik gazetasi, 1952-yildan). „Akropolis“ („Akropol“, kundalik gazetasi, 1881-yildan), „Atenz nyus“ („Afina yangiliklari“, ingliz tilida chiqadigan kundalik gazetasi, 1952-yildan), „Katimerini“ („Kun yangiliklari“, kundalik gazetasi, 1919-yildan), „Rizospastis“ („Qatʼiyat“, kundalik gazetasi, 1918-yildan), „Apogevmatini“ („Oqshom yangiliklari“, kundalik kechki gazetasi, 1952-yildan), „Vima“ („Minbar“, yakshanbaliq haftanoma, 1922-yildan), „Ikonomikos taxidromos“ („Iqtisodiy xabarchi“, haftalik jurnali, 1926-yildan). Afina axborot agentligi 1896-yilda tashkil etilgan. Radioeshittirishlar 1938-yildan, telekoʻrsatuvlar 1966-yildan olib boriladi.

Platon akademiyasi

Yangi yunon adabiyoti Vizantiya yemirilgandan keyin dastlabki asrlarda antik va Vizantiya madaniyati anʼanalari, Uygʻonish davri gʻoyalari, xalq ogʻzaki ijodiyoti zaminida yuzaga kelgan[28]. 15—17-asrlar adabiyoti Kipr, Rodos, Dodekanes, Krit va boshqa orollarda taraqqiy etdi. Turli janrlarda baquvvat asarlar („Qiz va yigit lapari“, „Choʻpon“, „Erofili“, „Erotokritos“) yaratildi. Bularda asosan ijtimoiy tengsizlik asoslari fosh etildi. 18—19-asrlarda yunon tilida bayon tusidagi adabiyot rivojlandi: K. Dapontes, M. Ibannu, I. Pandzeles va Rigas Velestinlis sheʼriyati muhim ahamiyat kasb etdi. A. Kalvos, A. Valaoritis kabi adiblar xalqning inqilobiy jasoratini kuyladilar. A. Matesis „Bazilik“ dramasi bilan milliy dramaturgiyaga asos soldi. Yunon milliy ozodlik qoʻzgʻoloni (1821—1829)ning yirik arboblari Ya. Makriyannis va F. Kolokotronis memuar (yodnoma) asarlar yaratdilar. D. Solomos, P. Sutsos, A. Rangavis kabi 1-Afina maktabining vakillari ijodida adabiyot anʼanalari oʻz ifodasini topdi. 2-Afina maktabining asoschisi K. Palamas asarlari („Qalbim nigohi“, 1892; „Loʻlining oʻn ikki qoʻshigʻi“, 1907; „Hajviy etyudlar“, 1912)da milliy til va milliy mavzuga asos solindi. 20-asr boshlarida ijod qila boshlagan D. Vutiras, P. Pikros, F. Kornaros kabi adiblarning asarlarida oddiy kishilarning ayanchli hayoti tasvirlangan. A. Sikelyanosning „Lirik hayot“ sheʼrlar toʻplami, „Iso Rimda“, „Digenisning oʻlimi“ dramalari adabiyot rivojida yangi bosqich boʻldi. Qarshilik koʻrsatish davrida taraqqiyparvar shoir va adiblardan A. Sikelyanos, F. Angules, G. Kodzyulas va b. ijodida antifashizm gʻoyasi ilgari surildi. Urushdan keyingi yillar yunon adabiyoti rivojida Jahon Tinchlik Kengashi adabiy mukofotining laureati N. Kazandzakisning roli katta. U „Kapitan Mixalis. Ozodlik yoki oʻlim“ romani bilan shuhrat qozondi. 1967-yilgi davlat toʻntarishidan soʻng adabiyotda umidsizlik, tushkunlik kayfiyatlari paydo boʻldi. A. Avgerisning „Kesishgan va parallel yoʻllar“, P. Korovesisning „Sinov“ sheʼriy toʻplamlarida erk va tinchlik gʻoyalari aks etdi. Qadimgi yunon dramaturgi Sofoklning „Shoh Edip“ asari Oʻzbekistan Milliy akademik drama teatrida zoʻr muvaffaqiyat bilan koʻrsatildi. U teletasmaga yozib olinib zangori ekranda ham bir necha marta namoyish etildi[29].

Afina akademiyasining binosi
Neos Kosmos
Parfenon

Usmonli turklar hukmronligi davri (15-asr oxiri – 19-asr boshlari)da xalq meʼmorligi asosiy oʻrinni egalladi. Har bir vodiy va orolda uylar oddiy materiallardan oʻziga xos uslubda barpo etildi. Shimolda koʻproq yogʻochdan, orollarda toshdan foydalanildi. Tir orolidagi ravoqli va gumbazli, Andros, Mikonos va boshqa orollardagi yassi tomli uylar hozirgacha saqlangan. Yirik shaharlarda barpo etilgan turk mahallalari egri-bugri tor koʻchalardagi ikki qavatli uylardan iborat edi. Ibodatxonalar xochsimon-gumbazli tuzilishda boʻlgan (Afon va Metlor monastirlari). Mamlakat ozodlikka erishgach, 1830-yilda harobaga aylana-yozgan Afina poytaxt sifatida qayta tiklandi. Afina shahrining bosh qurilish loyihasi yaratilgach (1830), Gretsiya meʼmorligida yangi davr boshlandi. Yunon meʼmorlari S. Kleantis va L. Kavtadzoglu klassik uslubga asoslangan yangi xil turar joy binolarini yaratishdi. Jamoat binolari klassitsizm anʼanalari asosida, ibodatxonalar Vizantiya meʼmorligi ruhida barpo etildi[30]. Serhasham jamoat binolarini koʻpgina xorijiy meʼmorlar (Afinadagi Milliy kutubxona, 1832; universitet binosi, 1837; daniyalik meʼmor X. K. Xansen) qurgan. 20-asr boshlarida mahalliy iqlim sharoitiga moslashgan old tomoni bolxonali va lodjiyali koʻp xonali turar joylar (meʼmor K. Kitsikis), shahar tashqarisida villalar (meʼmor D. Pikionis, D. Tripodakis) qurildi. 50— 60-yillarda temir-beton va oynadan hamda mahalliy materiallardan foydalanib, xalq meʼmorligi asosida turli bino va mehmonxonalar (meʼmorlar P. Vasiliadis, P. Milonas va boshqalar) solindi. Maʼmuriy binolar koʻproq xalqaro meʼmorlik andazalari asosida (meʼmor K. Doksiadis), turar joylar (koʻp kvartirali arzon uylar, meʼmor A. Konstantinidis va boshqa), sanoat binolari (Afinadagi „Fiks“ fabrikasi, meʼmor T. Zenetos) qad koʻtardi, muzey va qadimgi yodgorliklar taʼmirlandi[31].

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

15-asr oxiri va 19-asr boshlarida Gretsiyada monastirlik (ibodatxonalarga liniy mavzudagi rasmlar ishlash) sanʼati hukmronlik qilgan. Soʻnggi Vizantiya anʼanalari saqlangan, xalq ijodiyoti rivojlangan (boʻrtma tasvir, kashtachilik va boshqalar). 19-asrda sodda va aniq portretlar N. Kandunas, N. Kunelakis asarlarida namoyon boʻlgan. 19-asr 2-yarmida rassomlar Myunxen akademizmi usulini qoʻllab, xalq milliy mavzuiga murojaat qilishgan (N. Litras, N. Gizis). Ya. Altamuras manzaralarida romantizm aks etgan. 1920-yildan rassomlar Yevropa sanʼatining yangi oqimi taʼsiri singdirilgan milliy qiyofani yaratishga intildilar (rassom K. Partenis, haykaltarosh Ya. Xalepas). 20-asr oʻrtalarida 19 va 20-asrlar realistik sanʼat anʼanalari qatorida (rassomlar A. Georgiadis, Ya. Moralis, Ya. Saruhis) milliy oʻrta asr va xalq sanʼati shakllaridan foydalanilgan (devoriy rassomlik F. Kondoglu, grafika S. Vasiliu). Ikkinchi jahon urushi yillarida xalq ozodlik kurashi demokratik realistik sanʼatning paydo boʻlishiga taʼsir etdi (V. Semersidis, D. Katsikoyanis, X. Kapralos, V. Katraki va boshqalar). 20-asr oʻrtalarida tarkib topgan modern oqimlari (N. Xajikiriakos-Gikas, A. Kondopulos va boshqalar) keyingi yillarda keng tarqaldi.

Gretsiya musiqasi – dunyodagi eng azaliy musiqiy madaniyatlardan biri. Oʻrta asr Gretsiya professional musiqasi Vizantiya musiqa madaniyatining taraqqiyot yoʻlidan bordi. 15-asr Turkiya istilosi davridan boshlab Gretsiya musiqasining rivoji toʻxtab qoldi. Milliy musiqa anʼanalari faqat xalq ijodi hamda cherkov musiqasida saqlanib qolgan. Xalq musiqasi turli shakl va janrlarga ega. Marosim, tarixiy, maishiy, lirik qoʻshiqlar mavjud. Ayniqsa, 17—18-asrlarda ezuvchilarga qarshi kurashgan kishi (kleft)lar haqidagi qoʻshiqlar mashxur boʻldi. Qoʻshiqlar joʻrligida koʻproq davra oʻyinlar (sirtos, sirtaki va boshqalar) ham ijro etiladi. Sozlar orasida lyutnya, lira, svirel (choʻpon nay), volinka va boshqalar uchraydi. Buzuki, mandolina, skripka, 1830-yillardan boshlab klarnet, gitaralar mashhur. Kerkira Filarmoniya jamiyatining (1840) asoschisi N. Mandzaros yunon milliy madhiyasini yaratgan. Kompozitor S. Samarasning Olimpiya oʻyinlari madhiyasi dastlab Afinada ijro etilgan (1896). Gretsiya milliy musika maktabi asoschilaridan biri M. Kalomiris Afinada Gretsiya milliy konservatoriyasini tashkil etdi; milliy opera va simfonik asarlari mashhur. 1940—1950-yillarda M. Xadzidakis va M. Teodorakis kabi koʻpgina qoʻshiqchi-kompozitorlar shuhrat qozondi. Gretsiyada milliy opera teatri (1919, Afina), 5 simfonik orkestr bor. Yagona davlat konservatoriyasi Salonikida (1914-yil tashkil etilgan); xususiy jamiyatlar qaramogʻidagi Afina (1871), Pirey (1904), yunon (1919) va Milliy konservatoriyalar (Afina, 1926) ham mavjud. Yil sayin ommaviy qoʻshiqlar festivali oʻtkaziladi[32].

Vizantiya imperiyasi davrida antik teatr sanʼati anʼanasi toʻxtab qoldi. Zamonaviy teatr sanʼatining tashkil topishi yunon xalqining milliy ozodlik harakati, jumladan, yashirin vatanparvar jamiyat „Filiki Eteriya“ faoliyati taʼsirida Odesa (1817) va Buharest (1821)da dastlabki havaskor teatr truppalari tuzildi. Davlat mustaqilligi eʼlon qilingach, milliy teatr shakllana boshladi. G. Mandzuranis va G. Kalognomos boshchiligida Siroye orolida teatr tashkil qilindi. J. B. Molyer, K. Goldoni, I. Shiller, V. Gyugo, V. Shekspirlarning asarlari teatr repertuarini boyitdi. Afinada birinchi spektakl 1836-yil koʻrsatildi, lekin professional truppalar 60-yillardan paydo boʻldi. 1901-yili Afinada Davlat „Qirol teatri“ tashkil qilindi. Bu yerda ishlagan rejissor T. Ikonomu akterlik sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshdi. 1910—20 yillarda Gretsiya teatr sanʼati sezilarli darajada inqirozga yuz tutdi. Rejissor F. Politis teatrning inqiroz holatini yengib oʻtishga intildi va 1925-yil Sofoklning „Shoh Edip“, N. V. Gogolning „Revizor“, F. M. Dostoyevskiyning „Akauka Karamazovlar“ini sahnalashtirdi. Dramaturg va teatr arbobi V. Rotas 1930-yilda „Xalq teatri“ni tashkil qildi (u 1934-yilga kadar faoliyat koʻrsatdi). 1945-yil „Birlashgan artistlar“ teatri tashkil qilinib, bunda koʻproq yunon dramaturglarining pyesalari qoʻyildi. 1955-yil „Yunon xalq teatri“ yuzaga keldi (rahbari M. Katrakis). 1957-yil rejissor D. Rondiris va aktrisa A. Papatanasiu asos solgan Pirey teatrining sahna asarlari Gretsiya teatrida katta burilish yasadi. 80-yillarga kelib, Gretsiya teatrlari repertuari birmuncha kengaydi. Molyer, I. S. Turgenev, A. P. Chexov, G. Ibsen, F. M. Dostoyevski asarlari Gretsiya teatri sahnasidan keng oʻrin oldi. Keyingi yillarda qoʻyilayotgan spektakllarda koʻproq maishiy va ijtimoiy mavzular oʻz aksini topdi, musiqali komediyalar ham sahnalashtirildi, eng aktual siyosiy voqealar yoritildi.

Gretsiyada 1906-yil birinchi hujjatli film suratga olindi. 1911 – 1912-yillarda bir necha kinokomediyalar yaratildi. 1914-yil asos solingan „Afina-film“ firmasi toʻla metrajli kinofilmlar muntazam ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. 1914—1918-yillarda koʻproq harbiy kinoxronikalar ishlandi. 1927—1931-yillarda tarixiy va zamonaviy badiiy asarlarni ekranlashtiruvchi yirik kinofirma – „Dagfilm“ faoliyat koʻrsatdi. „Sevgi va toʻlqinlar“ (1927, rejissor D. Gaziadis), „Dafnis va Xloya“ (1931, rejissor O. Laskos) va boshqalar shu firma mahsulotidir. 1932-yil birinchi ovozli film ekranlashtirildi („Notoʻgʻri yoʻl“, rejissor D. Gaziadis). Metaksas diktaturasi va fashistlar bosib olgan davrda „Qalb sadosi“ (1943, rejissor L. Ioanopulos), „Qarsaqlar“ (1944, rejissor G. Dzavelas) kabi milliy filmlar namoyish qilindi. Gretsiya ozodlikka erishgandan soʻng, dastlabki paytlarda yiliga 8—10 film yaratilgan boʻlsa, 50—60-yillarga kelib 46 taga yetdi. „Qonli Rojdestvo“ (rejissor G. Zervos), „Sehrli shahar“ (rejissor N. Kunduros), „Elektra“ (rejissor M. Kakoyanis), „Paroxodga“ (rejissor D. Damianos) kabi filmlar oʻzining mazmundorligi va ommaviyligi bilan ajralib turadi. A. Stavros, D. Konstandis, I. Dimopulos, I. Papas, P. Zervos, G. Kalogeratos, G. Arvinitis, A. Fonsu, O. Karlatos, T. Vengos, I. Liniku, N. Kurkulos, M. Merkuri, A. Vuyuklaki, D. Papamixail va boshqa Gretsiyaing yirik kinematografchilaridir. N. Kunduros va T. Kanellopuloslar esa hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar ishlab chiqarishda shuhrat qozondilar. Gretsiyada yiliga 100—120 film ekranlashtiriladi.

Oʻzbekiston – Gretsiya munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2022-yilning 16-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Gretsiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan oʻzaro tabrik almashdilar.

Abdulaziz Kamilov maktubida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, madaniyat, taʼlim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish uchun yetarli salohiyatga ega ekani qayd etilgan.

Oʻzaro ishonchga asoslangan Oʻzbekiston – Gretsiya sherikligi ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida barcha sohalarda yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Oʻz navbatida Nikos Dendias soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar teng huquqlilik va oʻzaro hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Gretsiya Oʻzbekiston bilan xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi yoʻnalishida hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligi maʼlum qilindi.

Mashxur grekliklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Domna Visvizi - Gretsiya mustaqillik urushi ishtirokchisi, kema qoʻmondoning turmush oʻrtogʻi va undan keyingi kema rahbari.
  • Marika Ninou - arman-yunon rebetiko qoʻshiqchisi.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. http://www.tovima.gr/files/1/2011/07/22/apografh22.pdf
  2. Ancient Greek Theater Discovered – Discovery Channel
  3. Reale Dj., Antiseri D. Zapadnaya filosofiya ot istokov do nashix dney.
  4. Leyst O. Istoriya politicheskix i pravovix ucheniy. Gl. 13.
  5. Mejdunarodnoe konsaltingovoe agentstvo, 2012-12-28da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14
  6. „Демографический кризис в Греции и других странах ЕС :: Греция от greek.ru“. 2013-yil 18-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 14-aprel.
  7. „Total population“. Eurostat (2010-yil 1-yanvar). 2011-yil 21-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 8-yanvar.
  8. Press Freedom Index 2009, 2009-10-22da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2009-10-22
  9. Οι Ελληνες 2οι πιο σκληρά εργαζόμενοι στον κόσμο! — Греки — 2-е лучшие в мире работники!, 2010-11-29da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 50 (yordam)
  10. [1]
  11. [2]
  12. Gretsiya: defolt neminuem
  13. V Gresii obʼyavili nalogovuyu amnistiyu[sayt ishlamaydi]
  14. ATHENS NEWS AGENCY, 2012-03-05da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14
  15. V Gresii budut jit bedno, no v dolg | Delovoy portal BFM.ru
  16. Human Development Report 2009 (dannie na 2007 god vklyuchitelno)
  17. Attiki Odos S. A. – Responsibility towards the environment, the society and the human being[sayt ishlamaydi]
  18. Attiki Odos Motorway, Greece
  19. Rio-Antirrio bridge//Concept & Construction – Ofitsialnaya stranitsa
  20. Oι αργίες των Eλλήνων – Yunonlar bayrami
  21. CIA Fact Book. Greece overview, 2016-08-25da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14
  22. Ο ιστότοπος του Εθνικού Κέντρου Έρευνας Φυσικών Επιστημών „Δημόκριτος“
  23. Eurybase — Descriptions of National Education Systems and Policies (PDF), 2010-05-25da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 9 (yordam)
  24. „Δημήτριος Καραμπερόπουλος. Εγκυκλοπαίδεια Νεοελληνικού Διαφωτισμού, υπό έκδοση από το Κέντρο Νεοελληνικών Ερευνών, Εθνικού Ιδρύματος Ερευνών“. 2012-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 14-aprel.
  25. arxiv nusxasi, 2011-06-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-14
  26. „Δημήτριος Καραμπερόπουλος. Ελληνική Παιδιατρική. Διαχρονική προσέγγιση, 15 Νοεμβρίου 2008“. 2012-yil 11-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 14-aprel.
  27. „Δημήτριος Καραμπερόπουλος. Η πρώτη Ιστορία της Ιατρικής στην Ελληνική Γλώσσα, 11 Ιουλίου 2008“. 2012-yil 11-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 14-aprel.
  28. Grecheskaya literatura // „Literaturnaya ensiklopediya“ (M., 1929—1939. T. 1—11)
  29. Vizantiyskaya literatura // „Literaturnaya ensiklopediya“ (M., 1929—1939. T. 1—11)
  30. Polevoy V. M. Gresiya (Korolevstvo Gresiya). Arxitektura i izobrazitelnoe iskusstvo.//Obщestvennie nauki. Bolshaya Sovetskaya Ensiklopediya. Gl. red. A. M. Proxorov, 3-e izd. T. 30. Ekslibris – 1978. 632 str.
  31. Andoza:Из
  32. For Greeceʼs Economy, Geography Was Destiny(ingl.)