Kontent qismiga oʻtish

Yusuf Shomansur

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yusuf Shomansur
Tavalludi 1936-yil
Vafoti 1978-yil 8-dekabr
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi Shoir

Yusuf Shomansur (1936-yil, Toshkent, OʻzSSR, SSSR—1978-yil, SSSR) – oʻzbek shoiri[1]. Turli yillarda ertak, doston va sheʼrlardan iborat boʻlgan koʻplab toʻplamlari nashr etilgan. Taniqli ingliz dramturgi William Shakespearening sonetlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[2].

Yusuf Shomansur 1936-yil Oʻzbekiston SSRga qarashli boʻlgan Toshkent shahrida ishchilar oilasida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tamomlagach, 1956-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutiga oʻqishga qabul qilinadi hamda oliygohni 1960-yilda muvaffaqiyatli tamomlaydi. 1965-yilda Moskva shahridagi oliy adabiyot kurslariga qatnashni boshlaydi va u yerda 2 yil tahsil oladi[3].

Yusuf Shomansur sheʼr va roman janrlarida ijod qilgan. Ilk sheʼrlarini yozishdan oldin, oʻzbek xalq shoiri Gʻayratiy rahbarlik qilgan toʻgarakda Erkin Vohidov, Xayriddin Saloh hamda Toʻlqinlardan sheʼr yozish boʻyicha darslarni oʻzlashtirgan. Institutga qabul qilingach, shoir va yozuvchi Maqsud Shayxzodadan nasr yoʻnalishidagi bilimlarni egallagan. Institutda 2-kursda oʻqiyotgan davrlarda, 1957-yili uning birinchi sheʼriy toʻplari „Gorn sadolari“ nomi ostida chop etilgan. Bundan soʻng esa, bolalar uchun moʻljallangan hikoya, sheʼr va ertaklarini oʻz ichiga olgan bir qancha toʻplamlari nashr etilgan. Jumladan, 1962-yilda „Mehringga toʻymayman“, 1964-yilda „Oydan kelgan bolalar“, 1965-yilda „Sheʼr dardida“, 1966-yilda „Akrom va makaron“, 1968-yilda „Qalam va umr“, 1970-yilda „Yuragim“, 1971-yilda „Tabassum“, 1972-yilda „Xolva“, 1975-yilda „Qiziq-qiziq“, 1977-yilda „Dostonlar“ kabi toʻplamlari nashrdan chiqqan. Shoir 1978-yil vafot etgan boʻlsa-da, vafotidan soʻng, 1979-yilda „Kulguga nima yetsin“, 1981-yilda „Qoʻsh yurak“, 1986-yilda „Men oʻtqazmagan daraxt“, 1987-yilda „Qoʻzivoy“ sheʼriy va nasriy kitoblari chop etilgan.

1975-yilda Yusuf Shomansurning „Qora marvarid“ nomli romani Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan. Romanda Andijon neft koni geologlari, oddiy ishchilar hayoti bilan birgalikda roman qahramonlari Oqila va Hikmatning sevgi-muhabbatlari ochib berilgan[4]. Romanda muallifning aytishicha, roman shoirning yaqin doʻsti Xayriddin Salohga bagʻishlangan.

Yusuf Shomansur roman yozishdan tashqari dramaturgiya sohasida ham qalam tebratgan. Bunga uning muallifligida yozilgan „Yor qayrilib boqmadi“ komediyasini misol qilish mumkin. Bu komediyada tarbiya olmagan yoshlarning kaltafahmligi oxirida ularning boshiga yetishi ochib berilgan.

Uning 1977-yilda „Sheʼrlar va hikoyalar“ deya nomlangan rus tilida chop etilgan kitobi, hozirgi kunda Rossiya davlat kutubxonasida saqlanadi.

  1. Sobir Mirvaliyev,, Rixsiya Shokirova. O'zbek adiblari (2016). G'.G'ulom nomidagi davlat nashriyoti — 183-bet. ISBN 978-9943-03-940-7. 
  2. „Уильям Шекспир СОНЕТЛАР Русчадан Юсуф Шомансур таржимаси“. kh-davron.uz. Qaraldi: 3-fevral 2025-yil.
  3. „Юсуф Шомансур (1936-1978)“. Ziyouz.uz.
  4. Shomansur, Yusuf „"Qora marvarid" romani“. NZiyo.uz.