Nasr
Nasr (arab. — koʻmak, zafar), proza — adabiy tur; vazn va qofiya singari sheʼriyatga xos unsurlarga ega boʻlmagan yozma nutq mahsuli. Yevropa xalqlari adabiyotida boʻlganidek, Sharq xalqlari adabiyotida ham N. yozma nutq shakli sifatida sheʼriyatga nisbatan kechroq paydo boʻlgan. 5—8-asrlarga oid Urxun-Enasoy yodgorliklarini turkiy xalqlar adabiyotidagi N.ning eng qad. namunalari, deb hisoblash mumkin. Sheʼriyatning rivojlanishi "Qutadgʻu bilig" (Yusuf Xos Hojib) va "Hibat ul-haqoyiq" (Ahmad Yugnakiy) kabi dostonlarning yaratilishi bilan birga 10—12-asrlarda Abdulmuayyad va Abuali Balxiylarning "Shohnoma", Abdulmuayd Balxiyning "Gershaspnoma", Homididdin Balxiyning "Makrmati Homidiy", Saidaddin Muhammad Av-fiy Buxoriyning "Javome ul-hikoyot va lavomeʼ ur-rivoyot" ("Hikoyalar toʻplami va rivoyatlar yolqini") singari nasriy asarlari vujudga keldi. 14-asr boshlarida Rabgʻuziyning "Qisasi Rabgʻuziy", Navoiyning "Mahbub ul qulub" singari nasriy asarlari, ayniqsa, "Boburnoma"ning yaratilishi bilan oʻzbek adabiyotida milliy N.ning asosiy qirralari nurlanib ketdi. Ammo shunga qaramay, hozirgi tushunchadagi N.ning taraqqiyoti bevosita 20-asr bilan — zamonaviy adabiyotning shakllanish va rivojlanish davri bilan bogʻliq. Xuddi shu davrda tom maʼnodagi oʻzbek badiiy N.i yaratildi va u adabiy tur sifatida oʻz shoxobchalariga ega boʻldi. 20-asr boshlarida vaqtli matbuotning paydo boʻlishi, gaz. va jurnal sahifalarida Choʻlponning "Qurboni jaholat", "Doʻxtir Muhammadyor", Qodiriyning "Juvonboz", "Uloqda" singari hikoyalarining yaratilishi, Hamzaning "Yangi saodat", S. Ayniyning "Buxoro jallodlari", "Odina" qissalari, Qodiriyning "Oʻtgan kunlar" romanining eʼlon qilinishi bilan zamonaviy realistik oʻzbek N.i uzil-kesil shakllandi. Bu N. mumtoz oʻzbek adabiyotidagi N.dan dastavval ijobiy va salbiy qahramonlar obrazi, syujet va kompozitsiyasi, badiiy konfliktga egaligi, hayotiy yoki afsonaviy-fantastik voqealarni muayyan badiiy til va uslubda tasvirlab berganligi hamda badiiy qonuniyatlarga toʻla rioya etib yozilganligi bilan farqlanadi.
Agar nasriy nutq yangi paydo boʻlganida, sheʼriy nutq singari, jimjimador va balandparvoz boʻlgan boʻlsa, 20-asrning 1-choragiga kelib, ortiqcha hashamlardan xoli boʻla boshladi, realistik tasvirning qonun-qoidalariga tobora boʻysunib bordi. N.ga jonli til xususiyatlari, prozaizm (maishiy turmush belgilari), dialektizm (shevachilik) unsurlari kirib keldi. Badiiy soddalik, tabiiylik, real hayotga yaqinlashish mayli N.ning asosiy mezonlariga aylandi. Shu bilan birga yozuvchilar N.ning badiiy nutq koʻrinishi ekanligini ham unutmadilar. Ular xususiy ijodiy uslublari va yozilayotgan asar harakteridan kelib chiqqan holda zarur ritm (ohang)ni tanlab, tasvir vositalaridan samarali foydalandilar va foydalanmoqdalar.
Badiiy adabiyot soʻz sanʼatidir. Soʻz N.da ham asosiy tasvir materiali boʻlib xizmat qiladi. Ammo u, sheʼriyatdagi soʻzdan farqli oʻlaroq, kitobxonning diqqat-eʼtiborini oʻziga qaratmaydi. Aniqroq aytganda, soʻz N.da harakterlar yaratuvchi roman yoki hikoyadagi badiiy olamni tashkil etuvchi voqealar, harakatlar va boshqalarning, yaʼni asar syujetining badiiy mujassamlanishiga yordam beradi; soʻz N.da tasvir vositasidir. Agar shoir (muallif) soʻzi ustuvorlik qilgani va personaj soʻzi ham shoir (muallif) soʻzi bilan uygʻun boʻlgani uchun sheʼriyat monologik hodisa hisoblansa, N. dialogik hodisadir. U oʻziga rangbarang , hatto bir-biriga muvofiq boʻlmagan ovozlarni "yigʻib" oladi. Badiiy N.da nosir (muallif), hikoyanavis va personajlarning ovozlari oʻzaro murakkab aloqaga kirishib, soʻzga sermaʼnolik, seryoʻnalishlik xususiyatlarini bagʻishlaydi. N. sheʼriyat singari, real voqelikka oʻzgacha tus berib, oʻziga xos badiiy olamni yaratadi.
N. adabiy tur sifatida turli shoxobchalardan tashkil topadi. Bu shoxobchalar janr deb ataladi va quyidagicha tasniflanadi: ocherk, hikoya, qissa, roman, epopeya. Bu janrlarning har biri, oʻz nav-batida, yangi-yangi koʻrinishlarga boʻlinadi. Mas, tarixiy roman, biofafik roman, psixologik roman, sarguzasht roman, ilmiy-fantastik roman va boshqa
N. bilan nazm yoki sheʼriyatning oʻzaro bir-biriga yaqin shakllari ham mavjud. Agar lirik proza yoki lirik N., shuningdek, nasriy sheʼr N.ning sheʼriyatga xos lirik tuygʻu va ohanglar ustuvorlik qilgan koʻrinishlari boʻlsa, sochma, sarbast sheʼr yoki erkin sheʼr sheʼriyatning N.ga xos belgilariga ega shakllaridir. Agar Qodiriy, Choʻlpon yoki Oybek romanlarida lirik harorat va nafosat yogʻdulari jilva berib tursa, Abdulla Qaxdor, Shukur Xolmirzayev hikoyalarida shafqatsiz realizm unsurlari koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Togʻay Murod romanlari uslubida esa ritmik N. belgilari ustuvordir. Hozirgi oʻzbek N. har tomonlama badiiy yuksaklikka erishgan va jahon N.ining eng yaxshi tajribalari va anʼanalari bilan boyigan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |