Xoʻjamqulibek Balxiy
Xoʻjamqulibek Balxiy (taxallusi: Qipchokxon; XVII asr oxiri — XVIII asrning 1-yarmi) — tarixchi olim va davlat arbobi. Otasi Imomquli qoʻshbegi Subhonqulixon saroyida xizmat qilgan. Xoʻjamqulibek Balxiy Balx hokimi huzurida siyosiy faoliyat boshlagan. 1692—1693-yillarda Xorazm qoʻshinlari Qorakoʻlga bostirib kelganida Xoʻjamqulibek Balxiy otasi bilan birgalikda Mahmudbiy qatagʻon rahbarligida dushmanga qarshi kurashgan. Otasini Makkaga haj safariga kuzatib borgan (1695—1696) va orqaga qaytishda Panjobda qolishgan. Chunki bu paytda Balx hukmdori Mahmudbiyning markaziy hokimiyatga (Buxoroga) nisbatan ayirmachilik siyosati natijasida Balxda siyosiy ahvol murakkablashgan edi.
Xoʻjamqulibek Balxiy Panjobning poytaxti — Lohurda yashab, mahalliy noib Abdul Samadxonga bagʻishlab 1718—1724-yillarda fors tilida „Tarixi Qipchoqxon“ („Qipchoqxon tarixi“) asarini yozadi. Asar muqaddima, 9 ta bob va xotimadan iborat. Asarning oxirgi bobida Shayboniylar va Ashtarxoniylar, Oʻzbek ulusi xoni Abulxayrxondan boshlab 1724-yilgacha Dashti Qipchoq, Movarounnahr, Xuroson, Janubiy va Sharqiy Turkiston, Eron, Hindistonda yuz bergan muxim siyosiy hodisalar tasvirlangan. Hatto Turkiya va Misr tarixidan ham ayrim lavhalar keltirilgan. Asarda temuriyzoda Sulton Abu Said bilan Abulxayrxon oʻrtasida tuzilgan ittifoq, Buxoroda qalmiqlar, qipchoqlar, qoraqalpoqlar, xitoy-qipchoqlar koʻtargan qoʻzgʻolonlar (1681, 1715—1716, 1718—1719) haqida ham muhim maʼlumotlar bor. Asar qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida ham saqlanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |