Kontent qismiga oʻtish

Xalfa Xudoydod majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xalfa Xudoydod majmuasi
Muqobil nomlari Xalfa Xudoydod majmuasi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi majmua
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1777—1855-yillar
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1

Xalfa Xudoydod majmuasi – Buxoro viloyatidagi meʼmoriy yodgorlik. Majmua Buxoro amirligida hukmronlik qilgan mangʻitlar sulolasi davrida 1777—1855-yillarda Shayx Xudoydod ibn Toshmuhammad Azizon al-Buxoriy tomonidan qurilgan. Majmua madrasa, masjid, hovli, sardoba va qabristondan iborat.

Xalfa Xudoydod majmuasi Buxoroning Havzi Nav guzarida joylashgan boʻlib, Xalfa Xudoydod tomonidan bunyod etilgan. Uning toʻliq ismi Shayx Xudoydod ibn Toshmuhammad Azizon al-Buxoriydir. Xalfa Xudoydod asli xorazmlik boʻlgan. „Tuhfat uz-zoirin“ maʼlumotlariga koʻra, Xalfa Xudoydod ushbu majmua uchun 12 tanob yer sotib olgan va xonaqoh, madrasa, sardoba va tahoratxona qurdirgan. Mazkur majmua joylashgan guzarda ilgari Eshoni Imlo va Xalfa Xudoydod qabristonlari boʻlgan, ammo bu qabristonlar sovet yilllarida buzib tashlangan. Hozirgi kunda ushbu qabristonlar oʻrniga 14-maktab va maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Majmuaga kirish eshigi ikkita boʻlib, gʻarbiy tomonda asosiy darvoza joylashgan. Majmuaning miyonsaroyi boʻlib, uning tepasida kichkina minora joylashgan. Minora azon oʻqish maqsadida ishlatilgan. Madrasalar esa eshigi ikki tabaqali boʻlib, har bir xonada 2-3 tadan tokchalar mavjud. Majmuaning sharqiy tomondagi hujrada Xalfa Xudoydodning qabri mavjud. Majmuada sardoba ham mavjud boʻlib, ikkita kirish eshigi mavjud[1]. Xalfa Xudoydod majmuasida 39 ta bir qavatli hujralar boʻlgan. Yodgorlik janubiy-gʻarbida masjid bor. Manbalarga koʻra ushbu majmuadagi madrasada 150-200 talaba tahsil olgan. Mazkur majmuaning bir qator vaqf hujjatlari saqlanib qolgan boʻlib, 1797—1798-yillarda ushbu hududda Boqi Muhammadxon chorbogʻi boʻlib, masjid, madrasa va sardoba boʻlgan va Xalifa Xudoydod nomiga vaqf qilingan[2].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hovli uch tomondan bir qavatli hujralar bilan oʻralgan. Hovlining janubi-gʻarbida joylashgan masjid murabba tarxli, gumbaz bilan yopilgan, uch tomoniga yogʻoch ustunli ayvon ishlangan, tarzi ganch oʻymakorligida, ustunlari oʻymakori naqshlar bilan jozibador bezatilgan. Sardobaga zinapoya orqali kiriladi. Madrasaning old tomonida koshin qoldiqlari saqlangan. Hovlining shimoliy markazi orqali Xalfa Xudoydod qabri boʻlgan qabristonga oʻtiladi, qabr yaqinida 2 ustunli, shifti boʻyama naqshlar bilan pardozlangan ayvon bor. Xalfa Xudoydod majmuasi turli diniy va memorial inshootlarni oʻz ichiga olgan majmua namunasidir, tarhi hamda shakli jihatidan XVIII-XIX asrlar meʼmorligi uchun xos. Majmuadagi masjid maydoni 25x25.4 metrga teng va masjid ustida kitoba boʻlgan ammo hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Masjid shimoliy tomonida ayvon mavjud, va uning oldida darsxona ham bunyod etilgan. Tarixchi Nosiruddin al-Hanafiyning „Tuhfat uz-zoirin“ („Ziyoratchilarga tuhfa“) asarida yozilishicha, Xalfa Xudoydod majmuasi shayx, yassaviylik tariqatining namoyandasi shayx Xudoydod ibn Toshmuhammad Azizon al-Buxoriy tomonidan qurilgan[3].

  1. Бобожонов 2017, s. 155-156.
  2. Бухоро тарихий обидалари географияси 2020, s. 34.
  3. "Xalfa Xudoydod majmuasi" OʻzME. X-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Бобожонов Ш. Шариф шаҳар ёдгорликлари (Бухоро тарихий обидаларига саёҳат). Бухоро: Бухоро нашриёти, 2017 — 310-bet. 
  • Баҳромов Қ, Шодиева Н. Бухоро тарихий обидалари географияси. Бухоро: Дурдона нашриёти, 2020 — 124-bet.