Kontent qismiga oʻtish

William Petty

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

PETTI (Petty) Uilyam (1623.26.5, Romsi shahri, Xempshir – 1687.16.12, London) – ingliz klassik siyosiy iqtisodining asoschisi. Leyden, Parij va Oksford universitetlarida tibbiyotdan taʼlim olgan. U serqirra qobiliyatga ega boʻlib, 1647-yilda nusxa koʻpaytiradigan mashina ixtiro qilgan. 1649-yilda fizika doktori ilmiy darajasini olgan, 1651-yilda musiqa va anatomiyadan professor Petty yirik yer egasi edi. Petty Angliyada 17-asrda boʻlib oʻtgan burjua inqilobidan keyin oʻz hokimiyatini mustahkamlab olgan ingliz burjaziyasining nazariyotchisi sifatida tanildi. „Soliqlar va yigʻimlar haqidagi risola“ (1662), „Soʻz donishmandlarga“ (1665) „Irlandiyaning siyosiy anatomiyasi“ (1672), „Pul haqida soʻz“ (1682), „Siyosiy arifmetika“ (1683) kabi asarlarida qiymatning mehnat nazariyasini asoslab berdi. Petty merkantilistlardan farqli ravishda, boylik manbai muomala sohasida emas, ishlab chiqarishda deb hisoblagan. Petty jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotini obyektiv qonunlarga bogʻliq deb qaraydi, lekin ijtimoiy va iqtisodiy qonunlar tabiat qonunlariga oʻxshash abadiy va uzgarmasdir, deb izohlaydi. Petty iqtisodiy hodisalarni tahlil qilishda tabiatshunoslik fanlarining tadqiqot usullaridan foydalandi va uni statistik tahlil bilan toʻldirdi. Petty mehnatning qiymat nazariyasini birinchi boʻlib asoslab bergan.

Pettyning „Mehnat boylikning otasi, yer esa uning onasidir“ degan fikri butun dunyo iqtisodchilari tomonidan tan olinadi. Petty tovarlar qiymatini ularni ishlab chiqarish uchun sarflangan mehnat bilan aniqlash nuqtai nazaridan qoʻshimcha qiymatnint kelib chiqishi muammosini hal etishga urindi. Uning fikriga koʻra, renta qoʻshimcha qiymatning umumiy shakli boʻlib, yer rentasi va pul rentasi (foiz) tar-zida namoyon boʻladi. P. differensial yer rentasi muammosini iqtisodchi olimlar orasida birinchi boʻlib oʻrgandi, yerning bahosi toʻgʻrisidagi masala ham Petty tomonidan ilmiy jihatdan toʻgʻri qoʻyildi. Petty davlat statistika xizmati tuzish zarurligi masalasini koʻtardi va statistik maʼlumot toʻplashning ayrim yoʻnalishlarini belgilab berdi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil