Neville Chamberlain
Neville Chamberlain (1869-yil, 18-mart, Ejboston, Birmingem — 1940-yil, 9-noyabr, Xikfild) — Buyuk Britaniya davlat arbobi. Konservatorlar partiyasi rahbarlaridan biri. 1915—1916 yillarda Birmingem shahrining lordmeri. 1918-yildan parlament aʼzosi (konservatorlar partiyasidan). Pochta vaziri (1922—1923), Sogʻliqni saqlash vaziri (1923, 1924—1929, 1931). Moliya vaziri (1931—1937). Konservatorlar partiyasi raisi (1930—1931). 1937—1940 yillarda bosh vazir va konservatorlar partiyasi rahbarlaridan biri. Gitler, Mussolini va Daladye bilan 1938-yilda Myunxen bitimini imzolagan. Chamberlain 1939-yilda Moskvada boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan agressorlarni jilovlashga qaratilgan harbiy-siyosiy ittifoq boʻyicha muzokaralarni barbod qilganlikda ayblangan. Natijada Angliya nihoyatda ogʻir vaziyatda Ikkinchi jahon urushiga kirgan. Ayni vaqtda Chamberlain Germaniya agressiyasini Sharqqa, yaʼni SSSRga qarshi yoʻnaltirish boʻyicha koʻp harakatlarni amalga oshirdi. Germaniya 1940-yilning bahorida Gʻarbiy frontda keng koʻlamda xujumga oʻtganda Chamberlain bosh vazir lavozimidan isteʼfoga chiqishga majbur boʻlgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |