Vikipediya, erkin ensiklopediya
Vahon tizmasi - Tojikistonning chekka janubidagi va Afgʻonistonning shimoli-sharqidagi tizma, Pomirning eng janubiy tizmalaridan. Vahon tizmasining gʻarbiy qismi Shoxdara va Panj daryolari, sharqiy qismi Pomirdaryo bilan Vahondaryo orasida suvayirgʻichdir. Tizmaning uzunligi 160 km, oʻrtacha balandligi 5000 m, eng baland joyi 6281 m. Gʻarbiy kismi Shohdara tizmasi deb ham ataladi, sharqiy qismi Afgʻoniston hududida. Togʻ tepalarida va qiyaroq yon bagʻirlarida doimiy qor va muzliklar (Tojikiston hududida umumiy maydoni 96,2 km²) koʻp. Vahon tizmasi kembriydan oldingi davr va paleozoyning granit, gneys, kristalli slanes va metamorfik jinslaridan tarkib topgan. Vahon tizmasida siyrak togʻ kserofit oʻtlari va butalari oʻsadi. 4000 m dan yuqorida alp oʻtloqlari bor.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil