Kontent qismiga oʻtish

Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti
Xalqaro nomi
Scientific-Research Institute of Horticulture, Viticulture and Winemaking named after Academician M.Mirzaev
Turi Institut
Asos solingan sanasi 1898-yil
Rektori Esonqulov Alijon Sayidovich
Doktorantura 39 nafar tayanch doktorant
Manzili
Veb-sayti [1]

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti yoki Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik institutiOʻrta Osiyoda mevachilik va uzumchilik sohasidagi eng yirik ilmiy markaz. Dastlab 1898-yilda Turkiston qishloq xoʻjaligi tajriba dalasi sifatida Rixard Shreder tomonidan asos solingan. 1925-yildan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi (1928-yilda R. R. Shreder nomi berilgan), 1930-yildan bogʻdorchilik va sabzavotchilik tajriba stansiyasi, 1937-yildan mevarezavor oʻsimliklar stansiyasi, 1948-yildan mevarezavor oʻsimliklar ilmiy tadqiqot instituti, 1958-yildan bogdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti, 1977-yildan mevachilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, 1995-yildan „Mevasharbat“ ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasining bosh korxonasi. 2014 yildan Mahmud Mirzayev nomi bilan yuritiladi.

Institut tarkibida agrotexnika va bogʻdorchilikni jadallashtirish; seleksiya; iqtisodiyot; mexanizatsiya; subtropik va sitrus oʻsimliklari; mevani qayta ishlash va saqlash boʻlimlari, oʻsimliklarni himoya qilish; agrokimyo; fiziologiya va biokimyo laboratoriyalari bor. Institut qoshida doktorantura (aspirantura) boʻlimi, meva-sabzavotchilik kolleji, bogʻdorchilik maktabi mavjud. Institutning bogʻdorchilik va uzumchilik muammolari bilan shugʻullanadigan Samarqand filiali, Fargʻona (Quva tumanida), Samarqand, Togʻli bogʻdorchilik va uzumchilik (Chorvoq, Toshkent viloyati), Vinochilik (Toshkent viloyati Qibray tumanida; vinochilik zavodi bilan birga), Janubiy Oʻzbekiston tajriba stansiyasi (Denov) bor (2000). Institut Andijon, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Izboskan, Namangan, Qarshi, Samarqand, Toshkent, Xorazm (Urganch), Bandixon, Sirdaryo, Oyqor (Baxmal tumani), Charxin (Pastdargʻom tumani), Tavois (Qiziltepa tumani), Oqtosh (Payariq tumani) tajriba xoʻjaliklariga ilmiy rahbarlikni amalga oshiradi (bu xoʻjaliklarning umumiy ekin maydon 17324 gektar; 2000 yil).

Institut faoliyati mobaynida meva, rezavor meva va tokning 200 yangi navi yetishtirildi va tavsiflandi. Shulardan 64 nav rayonlashtirildi, 139 nav davlat sinovidan oʻtkazilmoqsa. Institut faoliyati M. M. Mirzayev. V. Kuznesov, S. S. Kalmikov, A. G. Shreder, K. V. Smirnov, A. K. Pavlov, A. S. Cherevatenko, S. I. Yagudina, O. K. Afanasyev, S. Eshonxonov, M. K. Sobirov, X. F. Gʻulomov, Yu. M. Javakyans, M. J. Razzoqov va boshqa olimlarning nomlari bilan bogʻliq. Institutda bogʻ va tokzorlardan moʻl hosil olish agrotexnikasi ishlab chiqilib, respublikaning hamma rayonlarida tatbiq etildi. Bogʻdorchilik va uzumchilikni ixtisoslashtirish masalasi hal qilindi. Institutda meva, rezavor meva va tokning biologik xususiyatlarini oʻrganish, yangi oʻzlashtirilgan yerlarda, togʻ etagi va togʻli rayonlarda, shu jumladan Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida, Fargʻona vodiysining toshloq hududlarida bogʻdorchilik va tokchilikni rivojlantirish, qoqi va mayiz quritish hamda saqlash texnologiyasini takomillashtirish, meva daraxtlari va toklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish usullarini yaratish, bogʻ va tokzorlarda mexanizatsiyani keng joriy etish, koʻchat yetishtirishda zamonaviy usullarni qoʻllash ishlari olib boriladi.

Institutning 50 jild ilmiy asarlari toʻplami nashr etilgan. Institutda 157 ilmiy xodim, jumladan 2 nafar fan doktori va 44 nafar fan nomzodi ishlaydi (2000). Institut Xalqaro koʻrgazmalarning oltin va kumush medallari bilan mukofotlangan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil