Rixard Shreder
Rixard Shreder | |
---|---|
Tavalludi |
15-oktyabr 1867-yil |
Vafoti |
27-aprel 1944-yil (76 yoshda) Toshkent |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va SSSR |
Mukofotlari |
Rixard Rixardovich Shreder (1867-yil 15-oktyabr, Moskva – 1944-yil 27-aprel, Toshkent) – rus va sovet agronom olimi, oʻqituvchi, Oʻzbekistonda ilmiy qishloq xoʻjaligi asoschisi, shuningdek, bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik boʻyicha birinchi Markaziy Osiyo mintaqasi ilmiy-tadqiqot institutida (NPO) 42 yil davomida yetakchilik qilgan, VASXNIL akademik (1935), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1943), professor (1918), qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (1936), Mehnat Qahramoni (1927).
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rixard Rixardovich 1867-yil 15-oktyabrda Moskvada tavallud topgan. Uning otasi Rixard Ivanovich Shreder Petrovskiy qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi akademiyasida professor boʻlib ishlagan[1].
Rixard 1887-yilda 4-gimnaziyani tugatgach, Rixard Rixardovich Moskva universitetining fizika-matematika fakultetining tabiiy fanlar boʻlimiga oʻqishga kirgan va uni 1891-yilda birinchi darajali diplom bilan tugatgan. U 1894-yilda Petrovskiy qishloq xoʻjaligi akademiyasini ham xuddi shunday muvaffaqiyatli tugatgan va shundan soʻng qishloq xoʻjaligi boʻshqarmasiga tayinlangan.
Rixard Rixardovich 1895–1900-yillarda xususiy qishloq xoʻjaligi kafedrasida assistent boʻlib, professor D. I. Pryanishnikov bilan Rossiya qishloq xoʻjaligi ensiklopediyasi va boshqa nashrlar uchun bir qator maqolalar yozgan. Jumladan: „Otnoshenie ozimix xlebov k fosfornim udobreniyam“, „K voprosu o znachenii ostey u zlakov“, „K voprosu o sinteze belkov s visshimi rasteniyami“ va boshqa maqolalar yozgan. 1900-yil bahorida Moskva universitetida magistrlik imtihonlarini topshirgan va agronomiya boʻyicha privat-dotsent unvonini olgach, uch yilga Germaniya va Shveysariyaga yuborilgan. Rixard Leypsigda professor Pfeffer bilan oʻsimliklar fiziologiyasi boʻyicha va Tsyurixda Professor Shulze bilan fiziologik oʻsimliklar kimyosi boʻyicha ishlagan.
Shreder xorijdagi ilmiy safardan toʻlaqonli olim va tadqiqotchi sifatida qaytgach, agrotexnik yordamga ehtiyoj boʻlgan joyda ishlash istagini bildirgan. Bunday joy oʻshanda ilgʻor agronomiya usullarini qoʻllash boʻyicha eng qoloq, oz oʻrganilgan Turkiston viloyati edi.
1902-yil oxirida Qishloq xoʻjaligi vazirligi R. R. Shrederni 1898-yilda tashkil etilgan Turkiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasiga rahbarlik qilgan va ilmiy ishlar boshligʻi lavozimiga tayinlangan. Stansiya qadimiy Chimkent shossesiga tutash joyda, Toshkentdan oʻn olti kilometr uzoqda, Achchi qishlogʻida joylashgan edi. Shreder 1902-yildan umrining oxirigacha Turkiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi (hozirgi akademik R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti) rahbari boʻlgan[2].
Stansiyaning tashkil etilishiga Rossiya toʻqimachilik sanoatining paxtaga boʻlgan talabi ortib borayotgani sabab boʻlgan. Dastlabki eʼtibor mahalliy va xorijdan keltirilgan paxta navlarini sinovdan oʻtkazishga qaratilgan.
Shreder Yevropaning asosiy tillarida (ingliz, fransuz, nemis va italyan) soʻzlasha bilgan va Turkistonga kelib, eng avvalo oʻzbek tilini mukammal oʻrgangan. Bu esa unga mahalliy urf-odat, anʼanalarni va madaniyat sirlarini oʻrganish imkonini bergan. Stansiya tajriba muassasasi sifatida faqat Shreder kelgan paytdan boshlab ishlay boshlagan va ilmiy ishlarning asosiy qismi shaxsan unga tegishli boʻlgan yoki bevosita uning rahbarligida bajarilgan.
Rixard Oʻrta Osiyoda yetishtiriladigan mahalliy bugʻdoy navlaridan mingdan ortiq namunalarni yigʻib, sinovdan oʻtkazgan. Ulardan eng samaralilarini ajratib koʻrsatgan. Shunday qilib, qishloq xoʻjaligiga sugʻoriladigan kuzgi bugʻdoyning 584-sonli yangi serhosil va uzun boshoqli navi yetishtirilgan.
1904–1918-yillarda Turkiston qishloq xoʻjaligi jamiyati prezidenti etib saylangan. 1918-yilda Turkiston xalq universitetini tashkil etishda faol qatnashgan va Oʻrta Osiyo universiteti qishloq xoʻjaligi fakultetining birinchi dekani boʻlgan hamda professor Shreder rahbarligida gʻoʻza, don, meva, rezavormeva, sabzavot ekinlari, pillachilik va boshqa sohalarda keng qamrovli tadqiqotlar olib borilgan, ayniqsa, bogʻdorchilikka katta ahamiyat berilgan. Kuzgi bugʻdoyning „Qora kaltak“ yoki № 584 navini, gʻoʻzaning oʻz davrida mashhur, tezpishar № 1306 yoki „Shreder“ navini yaratgan. Mevali oʻsimliklar kolleksiyasini tashkil etib, olma, nok va boshqalarning 200 dan ortiq navini oʻrgangan. Uning ishini keyinchalik oʻgʻli A. G. Shreder (Argus, Toshkent borovinkasi, Toshkent kalvili, Piskent olmasi va boshqalar navlari yaratgan), nabirasi Y .A. Shreder (Choʻlpon, Goʻzal, Oltin olma va boshqalar navlar muallifi) davom ettirgan. Institutda chiqarilgan serhosil uzum („Shreder ertagisi“), qulupnay („Shreder xotirasi“), olma („Shreder reneti“) navlari uning nomi bilan atalgan. 2001-yil bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining 100 yilligi munosabati bilan institut markaziy binosi oldiga Rixard Shreyderning bronza byusti oʻrnatilgan[3][4]. 1939-yilda Shrederning Oʻrta Osiyodagi ilmiy-pedagogik va ijtimoiy faoliyatining 35 yilligi tantanali ravishda nishonlangan va tajriba stansiyasiga uning nomi berilgan. Oʻsha yili Oʻzbekistonning 15 yilligi munosabati bilan SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan[5].
Rixard 2003-yilda Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan R. R. Shreder vafotidan keyin "Buyuk xizmatlar uchun" ordeni bilan taqdirlangan[6]. 1944-yil 27-aprelda yetmish yetti yoshida vafot etgan. U Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Rixard Ivanovich Shreder zalojil obshirniy dendrologicheskiy sad, pitomnik, provodil opiti po akklimatizatsii ryada drevesnix i kustarnikovix porod, stal avtorom mnogokratno pereizdavavshegosya truda „Russkiy ogorod, pitomnik i plodoviy sad“, kotoriy i nine polzuetsya bolshoy populyarnostyu sredi spesialistov i lyubiteley-sadovodov.
- ↑ Nauchno-issledovatelskiy institut imeni R. Shredera pereimenovali (Wayback Machine saytida 2017-07-19 sanasida arxivlangan): Soglasno Postanovleniyu Kabmina Respubliki Uzbekistan № 254 ot 24 avgusta 2013 goda bivshiy NII im. R. R. Shredera teper nosit imya akademika Maxmuda Mirzaeva.
- ↑ Trudi plodoyagodnogo instituta im. akademik R. R. Shredera, vsh. 18 (18981948), T, 1950; Pomologiya Uzbekistana, T., 1983.
- ↑ Deyatelnost Turkestanskoy selskoxozyaystvennoy stansii po polevodstvu, v chastnosti, po xlopkovodstvu. Pravleniye zemleustroystva i zemledeliya, T., 1913; Kultura xlopchatnika v Sredney Azii, M., 1925.
- ↑ „Старые газеты : "ПРАВДА", 22 января 1939г. (стр. 2)“. www.oldgazette.org. Qaraldi: 2023-yil 22-noyabr.
- ↑ Указ Президента Республики Узбекистан от 25 avgust 2003 года № УП-3298 «О награждении посмертно деятелей науки, литературы и искусства, внесших огромный вклад в развитие науки и культуры Узбекистана. — ISSN 0206-6637.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 15-oktyabrda tugʻilganlar
- 1867-yilda tugʻilganlar
- Moskvada tugʻilganlar
- 27-aprelda vafot etganlar
- 1944-yilda vafot etganlar
- Toshkentda vafot etganlar
- Sotsialistik Mehnat Qahramonlari
- Buyuk xizmatlari uchun ordeni sohiblari
- Mehnat Qizil Bayroq ordeni sohiblari
- Shaxsiyatlar haqidagi chala maqolalar
- Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademiklari