Tovushqator
Tovushqator (qadimgi yunoncha: „τάξις τῶν φθόγγων“; lotincha: „vocum“) – muayyan musiqa tizimidagi barcha tovushlarning tartiblashgan majmuasi (masalan, lad tovushlarining izchil tuzilmasi, gamma).
Turli musiqa uslublarida tovushqator ahamiyati har xil boʻladi. Masalan, dodekafoniya uslubidagi asarlarda tovushqatordan koʻra intervallar izchilligining mohiyati balanddir. Ogʻzaki anʼanadagi musiqa, jumladan, oʻzbek xalq va mumtoz musiqa ijodida tovushqatorlarning bir nechta tarixiy – uslubiy koʻrinishlari ajratiladi. Masalan, mavsum marosim qoʻshiqlariga xos tor (kvarta-kvinta) hajmdagi tovushqatorlar, xalq lirik va raqs qoʻshiq-kuylarda asosiy oʻrin tutgan oktava diapazonidagi tovushqatorlar, maqom tovushqatorlari va boshqalar. Baʼzi (yigʻi, alla, qissaxonlik kabi, kompozitorlik ijodida esa – sonoristika, elektron musiqa va boshqa yoʻnalishidagi) musiqa shakllarida muayyan tovushqator tizimi oʻrniga tovushlarning erkin munosabatlari asosiy oʻrin tutadi[1].
Oktava oraligʻida do notasidan boshlanuvchi asosiy bosqichlarni oʻz ichiga olgan tovushqator asosiy (unqator) tovushqator deyiladi. Asosiy bosqichlar do, re, mi, fa, sol, lya va si notalaridan iborat boʻlib, ushbu notalar fortepianoda oq klavishlarga toʻgʻri keladi va diatonik (tabiiy) tovushqatorning asosini tashkil etadi[2][3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Tovushqator“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987.
- ↑ I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Vaxromeyev V., Muzikaning elementlar nazariyasi, 2-nashri (maxsus muharrir T. Gʻafurbekov), T., 1980.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |