Televizion stansiya
Televizion stansiya, televizion eshittirishlarni tayyorlash va radiotoʻlqinlar yordamida uzatish uchun moʻljallangan qurilma va inshootlar majmui; televizion uzatish tarmogʻining asosiy boʻgʻini. Televizion stansiya televizion markaz deb ataladigan dasturli va retranslyatsion deb ataladigan uzatuvchi xillarga boʻlinadi. Televizion markaz — televizion dasturlar hosil qilinadigan televizion uzatuvchi tarmoqning boshlangʻich boʻgʻini. Telemarkazning asosiy texnik bazasi apparatstudiya majmui hisoblanadi. Unga texnik apparatlar, televideniya orqali filmlar koʻrsatish, televizion dastur signallarini magnit lentaga yozib olish va uni namoyish qilish (qarang Videomagnitofon) jihozlari, shaharlararo aloqa liniyalari boʻyicha boshqa telemarkazlardan kelgan dasturlarni kundalik koʻrsatuvlarga kiritish apparatlari, shuningdek oʻz koʻrsatuvlarini boshqa telemarkazlarga uzatuvchi apparatlar, televizion studiya kiradi.
Televizion studiya tovushdan izolyatsiya qilingan xonadan iborat. Studiya devorlari va shipi tovush yutuvchi materiallar bilan qoplanadi va kondensirlangan havo bilan majburiy shamollatadigan tizim bilan taʼminlanadi. Televizion stansiya tarkibida muharrirlar va rejissorlar, dastur tuzish, tayyorlash hamda uni koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar uchun xonalar boʻladi.
Studiyadan tashqari joylar (teatr, studiya va boshqalar)dan telekoʻrsatishda koʻchma televizion stansiyadan foydalaniladi.
Uzatuvchi stansiya — tasvir signallarini tovush signallari bilan birgalikda radiotoʻlqinlar tarzida Yer sirtida tarqatishni taʼminlaydigan televizion koʻrsatuvchi tarmoqning oxirgi boʻgʻimi. Bunga televizion radiouzatkichlar, televizion antenna va nazoratoʻlchash apparaturalari kiradi. Televizion antennaning tayanchi qanchalik baland boʻlsa, uzatuvchi televizion stansiyadan shunchalik samarali foydalanishga imkon beradi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |