Kontent qismiga oʻtish

Tarixshunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tarixshunosliktarix fanining tarixini oʻrganuvchi fan. U tarixiy bilimlar taraqqiyotini, muayyan tarixiy bosqichda yaratilgan ilmiy mahsulotlarni yoki maʼlum bir muammoga bagʻishlangan tarixiy tadqiqotlarni oʻrganadi va tahlil qiladi. Nafaqat tarix, balki maxsus tarix fanlari (masalan: sharqshunoslik, etnologiya, arxeologiya va boshqalar) tarixi bilan ham shugʻullanadi. Bu fanning asosiy vazifasi tarix fani rivojini chuqur va har tomonlama xolisona anglashdan, muayyan taraqqiyot davrida toʻplangan tarixiy bilimlarni tahliliy tadqiq etishdan, amalga oshirilgan ishlarning natijasini chiqarishdan hamda shu asosda tadqiq etilgan dolzarb muammolarni aniqlab, kelgusi tadqiqotlarning yoʻnalishlarini belgilashdan, tarixchilarni muayyan tarixiy-ilmiy muammo doirasidagi adabiyotlarga yoʻnaltirishdan iborat. Tarixshunoslik oʻtmishda kechgan va bugungi kunda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarning odamlar ongida qanday aks etishini, tarixiy adabiyotlar orqali ijtimoiy-tarixiy rivojlanish jarayonini kuzatish; jamiyat tarixiy rivojining turli bosqichlarida tarixiy bilimlarning oʻsib borishi jarayonini kuzatish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, maʼlum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishi bilan bogʻliqlikda ifodalaydi, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy muhitning tarix faniga taʼsirini, u yoki bu yoʻnalishdagi rivojlanish va tanazzulga yuz tutish sabablarini aniqlaydi. Shuningdek, fan taraqqiyotida oʻz oʻrniga ega boʻlgan markazlar tarixini, unda faoliyat koʻrsatgan ilmiy kadrlarning salohiyati, ularning fan rivojiga qoʻshgan hissalarini oʻrganish kabi vazifalarni ham bajaradi.

Tarixshunoslik tadqiqotlarining bir qancha tahlil usullari mavjud: qiyosiy tarixiy usul —turli tarixiy davrlarda tarixiy maʼlumotlar qanday paydo boʻldi, harakatlandi, oʻzgardi va rivojlandi, jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo boʻlishi va rivojlanishi jarayonini aniqlashda qoʻllanadi; aniq tahliliy usul — olib borilgan tarixshunoslik tadqiqoti voqea-hodisalar tafsilotini kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning oʻzaro aloqasida tahlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini oʻrganadi; mantiqiy tahliliy usul — katta imkoniyatlarga ega boʻlib, tarixiy muammoning oʻziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bogʻliqligini oʻrganishda qoʻllanadi. Boshqacha aytganda, maʼlum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishi bilan bogʻliqlikda ifodalaydi; xronologik usul — voqea-hodisalar haqida turli bosqich yoki davrda toʻplangan tarixiy faktlarni oʻzaro bogʻliqlikda oʻrganishda qoʻllanadi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakatini, muammoga yondashuvda konsepsiyalar, qarashlar, gʻoyalarning oʻzgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma-xil jihatlarini ochib beradi; davriylashtirish usulida maʼlum bir tarixiydavriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining oʻzgarishiga ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning taʼsiri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy gʻoyalarni harakatlantiruvchi omil va yoʻnalishlar aniqlanadi; retrospektiv tahlil — har bir ilmiy adabiyot oʻz davriga taalluqli boʻlib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini oʻzida aks ettiradi. Tarixshunoslikka doir tadqiqotlarda tadqiqotchining vazifasi oʻzidan avvalgi bosqichlarda yaratilgan ilmiy asarlarni zamonaviy bilimlar nuqtai nazaridan oʻrganish, ularning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilishdan iborat.

Tarixshunoslik tarix faniga nisbatan yangi fan hisoblanadi. Oʻrta asrlarda yaratilgan baʼzi tarixiy asarlarda, jumladan, Abu Rayhon Beruniyning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ va „Hindiston“, Abu Bakr Narshaxiyning „Tarixi Buxoro“, Sharafuddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“, Boburning „Boburnoma“, Muhammad Yusufbek Bayoniyning „Tarixi Xorazm“, „Shajarai Xorazmshohiy“, Ahmad Donishning „Buxoro amirlarining tarjimai hollari“ va boshqalarda muayyan maʼlumotlarni umumlashtirishga, fakt va tarixiy jarayonlar bayonida tahliliy yondashuvga boʻlgan harakatlar kuzatiladi.

Oʻzbekistonda tarixshunoslik tarix fanining maxsus sohasi va alohida tadqiqot predmeti sifatida XX asrning ikkinchi yarmida shakllandi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tashkil topgach, bir qator tarixshunoslar, jumladan, V.Ya. Nepomnin, R.N.Nabiyev, I.K. Dodonov, L.M.Landa, X.I.Inoyatov, B.V.Luninlar muayyan muammolarning tarixshunosligini tadqiq qilishga kirishdilar. 1968-yil Tarix instituti qoshida „Tarixshunoslik“ sektori, keyinroq boʻlim tashkil etilishi bu sohaning rivojiga katta hissa qoʻshdi (boʻlimni 1968—1988 yillarda tarix fanlari doktori B.V.Lunin, 1988—1992 yillarda tarix fanlari nomzodi V.A.Germanov boshqargan, 1992-yildan tarix fanlari doktori, professor D.A.Alimova rahbarlik qilib kelmoqda).

Oʻzbekistonda tarix fani va uning baʼzi sohalari rivoji dinamikasini yorituvchi asarlar [Axunova M.A., Lunin B. V., Istoriya istoricheskoy nauki v Uzbekistane, T., 1970; XX asrning dastlabki oʻttiz yilligi Oʻzbekistonda tarix fani (tarixshunoslik ocherklari), 1— 2qism, T., 1994; Alimova D. A., Ivanova L. S, 50 let izucheniya istorii Uzbekistana v godoʻ voynoʻ 1941—1945 gg. sovremennie zadachi i perspektivoʻ yeye istoriografii, T., 1995; Lunin B. V., Istoriografiya obhestvennoʻx nauk v Uzbekistane, T., 1974; Saidqulov T. S, Oʻrta Osiyo xalqlari tarixining tarixshunosligidan lavxalar, T. S, 1992; Doniyorov A. X., Mustaqil Oʻzbekiston etnografiyasi tarixshunosligining ayrim masalalari, T., 2003] yaratildi. Sharqshunos olimlar (Lunin B. V., Biobibliograficheskiye ocherki o deyatelyax obhestvennoʻx nauk Uzbekistana, t. 1, T., 1976; t. 2, T., 1977), mustamlakat totalitar tuzum sharoitida Oʻzbekiston tarix fani sohasida xizmat qilgan tarixchilarning hayoti va faoliyati (Alimova D. A., Rashidova D., Mahmudxoʻja Behbudiy va uning tarixiy tafakkuri, T., 1999; Germanov V. A., Istoriki Turkestana v usloviyax politicheskogo terrora 20—30x godov, T., 2000; Germanov V. A, Professor Pulat Saliyev i yego vremya, T., 2002) asarlarda aks ettirildi; xotinqizlar muammosi tarixshunosligi [Alimova D. A., Jenskiy vopros v Sredney Azii: istoriya izucheniya i sovremennie problemoʻ (20—80e gg.), T., 1991]; milliy ozodlik harakatlari, ularning xorijda oʻrganilishi (Ziyayeva D. H., Turkistonda milliy ozodlik harakati, T., 2000) asarlarda oʻz ifodasini topdi.

Tarix fanining boshqa muammolari koʻplab maqolalarda oʻzining tahliliga erishdi.

Tarixshunoslik boʻlimi tomonidan oʻtkazish anʼanaviy boʻlib qolgan „Tarixshunoslik oʻqishlari“ Oʻzbekiston tarix fani sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilib boradi. Oʻzbekistonda tarixshunoslik fani ilmiy maktablariga B. V. Lunin, G.I.Jeltova, F.H.Qosimov, R. Rajapova, D.A. Alimova kabi olimlar tomonidan asos solindi.

Tarixshunoslik fani doirasida oʻtkaziladigan tadqiqotlar mustaqillik yillarida ancha kengaydi. 5 ta doktorlik, 20 dan ortiq nomzodlik ishlari himoya qilindi. Ayniqsa, xorijiy tadqiqotchilar (AQSH, Koreya, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya) Oʻzbekiston tarixshunoslari bilan ilmiy-amaliy aloqalar oʻrnatib, Oʻzbekiston tarixshunosligining muhim muammolarini oʻrganishda davom etmoqdalar.

Nodira Mustafoyeva.