Kontent qismiga oʻtish

Irsiyat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Irsiyat — organizmning oʻz belgilari va xususiyatlarini kelgusi avlodlarga oʻtkazish, yaʼni organizmlarning oʻziga oʻxshash nasllarni bunyod etish xossasi. Irsiyat tufayli avlodlararo moddiy va funksional izchillik taʼmin etiladi. Irsiyat har xil turlarga mansub organizmlar belgi va xususiyatlaridagi tafovutlarning avlodlar osha saqlanib qolishini ham taʼminlaydi. Organizmlarning oʻzaro oʻxshashlik va qarindoshlik darajasiga binoan oila, urugʻ, tur kabi sistematik guruhlarga muayyan tartibda taqsimlanishining asosida ham irsiyat yotadi. Irsiyat tufayli bitta sistematik guruhga mansub organizmlar belgilarining turgʻunligi, yaʼni oʻzaro oʻxshashligi bilan birga ularning bir-biridan farq qiladigan belgilar ham saqlanib qoladi. Irsiyatning muayyan bir yoʻnalishda taʼsiri tufayli organizm belgilarining avlodlar osha turgʻunligi taʼmin etiladi. Irsiyat organizmlar ontogenezining turgʻunligi, ontogenez bosqichlari ketma-ketligini va bu jarayonlarda moddalar almashinuvi xususiyatlarini belgilab beradi. Irsiyatning yana bir xususiyati uning oʻzgaruvchanligidir (qarang Oʻzgaruvchanlik). Binobarin organizmlar irsiy belgilarining turgʻunligi mutloq boʻlmaydi. Turli xil organizmlar bir-biridan turg'unlik darajasi bilan farq qiladi. Masalan, paleozoy erasi perm davridan saqlanib qolgan ochiq urug'lilar vakillaridan ginko (Ginko biloba) ni qazilma ajdodlari bilan solishtirilganda million yillar oʻtgan boʻlishiga qaramay bir qancha irsiy belgilar deyarli oʻzgarishsiz saqlanib qolganligi koʻzga tashlanadi. Xuddi shu tariqa panjaqanotli latimeriya baligʻi (Latimeria chalumnae) ham million yillardan buyon deyarli oʻzgarishsiz Hind okeanining janubi-gʻarbiy qismida saqlanib qolgan. Lekin aksariyat hollarda irsiyatnning turgʻunligi muayyan darajada nisbiy boʻladi. Organizm genetik omillar va yashash sharoitining oʻzaro taʼsiri natijasida rivojlanganligi tufayli irsiyat ham genotip va tashqi sharoitning taʼsirida turli koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Aksariyat hollarda irsiyat xromosomalar tarkibidagi DNK molekulasida joylashgan genlar orqali amalga oshadi. Bunday irsiyat xromosoma yoki yadro irsiyoti deyiladi. Genlarning nisbatan kam qismi sitoplazmada joylashgan plastidalar va mitoxondriyalarda, yaʼni xromosomalar bilan bogʻliq boʻlmagan hujayra elementlarida joylashgan boʻladi. Bu genlar faoliyati orqali amalga oshadigan irsiyat sitoplazmik irsiyat deyiladi. Irsiyat tufayli organizmlar har xil guruhlarining nisbatan mustaqilligi, ularning yaxlit sistema (populyasiyalar, turlar) sifatida muayyan yashash sharoitiga moslashganlik xususiyatlari saqlab qolinadi. Irsiyat sababdan irsiyat evolyusion jarayonning eng asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Genetik tadqiqotlar natijasida qator irsiyat qonunlari kashf etildi. Mendel tadqiqotlaridan kelib chiqadigan irsiyat qonunlari quyidagilardan iborat: organizm belgi va xususiyatlarining irsiy asosini genlar tashkil etadi; Irsiyat birligi boʻlgan genlar nisbatan turgʻundir; har bir gen har xil allel (dominant va retsessiv) xislatda boʻladi; tana hujayralarida genlar jinsiy hujayradagiga nisbatan ikki hissa koʻp.

Amerikalik Tomas Morgan tadqiqotlari negizida quyidagi irsiyat prinsiplari aniqlandi: gen xromosomaning lokus deb nomlangan maʼlum bir qismida oʻrnashgan; allel genlar gomologik xromosomalarning aynan oʻxshash lokuslarida oʻrin oladi; genlar xromosomalarda muayyan tartibda bir qator boʻlib joylashgan; jinsiy hujayralarda xromosomalar soni tana xujayralariga nisbatan ikki hissa kam (gaploid) boʻladi. Zigotada genlar jinsiy hujayralarning xromosomalari qoʻshilishi ham ikki baravar ortadi va somatik hujayralarda boʻlganidek diploid holatga oʻtadi. Irsiyat prinsiplari negizida genlarning molekulyar genetik strukturasi va funksiyasi haqidagi taʼlimot yotadi. Irsiyat qonuniyatlarini oʻrganish qishloq xoʻjaligi amaliyotida va tibbiyotda muhim ahamiyatga ega.

Joʻra Musayev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil