Jismoniy tarbiya
Jismoniy tarbiya (badan tarbiya) – sogʻliqni mustahkamlashga, odam organizmini uygʻun ravishda rivojlantirishga qaratilgan umumiy tarbiyaning uzviy qismi. Jamiyatdagi jismoniy madaniyat ahvolini bildiruvchi koʻrsatkichlardan biri. Jismoniy tarbiyaning asosiy vositalari: jismoniy mashgʻulotlar, organizmni chiniqtirish, mehnat va turmush gigiyenasi. Jismoniy tarbiya aqliy, axloqiy, mehnat va estetik tarbiya bilan qoʻshib olib boriladi.
Ibtidoiy davrdan boshlab jismoniy tarbiyaga alohida eʼtibor qaratilgan. Dastlab u jismoniy mashqlar, turli oʻyinlar, mehnat jarayonlari, ovchilik, harbiy harakatlarga oʻxshatilgan musobaqalar va sinovlar shaklida mavjud boʻlgan, turli marosimlarni aks ettirgan. Keyinchalik yoshlarni qilichbozlik, chavandozlik, kamondan otish, yakkama-yakka kurash mahoratiga oʻrgatish jamiyatning asosiy vazifalaridan biriga aylana borgan. Uygʻonish davrida jismoniy tarbiyaga eʼtibor yanada kuchaydi. Gumanistlar jismoniy tarbiyani oʻquv dasturiga kiritishga uringanlar. Jismoniy tarbiyaga oʻrta asrlarda Yevropada oilaviy tarbiya va maktabdagi pedagogik jarayonning muhim qismi sifatida qarala boshlandi. J. J. Russo „Emil yoki Tarbiya toʻgʻrisida“ deb atalgan pedagogik risolasida jismoniy tarbiyaning bolalarning aqliy kamoloti va mehnat tarbiyasidagi ahamiyatini taʼkidlagan. XVIII asrda asosan Russo gʻoyalari taʼsirida Germaniyada paydo boʻlgan „insonparvarlik va yaxshi xulq maktablari“ – filantropinlar jismoniy tarbiyaning shakl va uslublarining takomillashuviga olib keladi. Gimnastika mashqlari maktab dasturlaridan mustahkam oʻrin oladi. XIX asr oxiri va XX asr boshida Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda jismoniy tarbiyaning milliy tizimlari tarkib topdi.
Oʻzbekistonda jismoniy tarbiyaga juda qadimdan salomatlikni mustahkamlashning asosiy vositasi deb qaralgan. Mahmud Koshg`ariyning „Devonu lugʻotit turk“ asarida 100 dan ziyod xalq oʻyinlari toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. „Alpomish“ oʻzbek xalq qahramonlik dostoni, Alisher Navoiyning „Farhod va Shirin“, Zayniddin Vosifiyning „Badoye ul-vaqoye“ („Nodir voqealar“), Boburning „Boburnoma“ asari va bsohqalarda jismoniy, jangovar mashqlar, kuchlilik bahs munozaralarining xilma-xil namunalaridan hikoya qilinadi.
Oʻzbekistonda mustaqillik yillariga kelib jismoniy tarbiya va sport davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. 1992-yilda (2000-yilda esa yangi tahrirda) „Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida“gi qonunning qabul qilinishi, 1993-yilda Sogʻlom avlod davlat dasturining ishlab chiqilishi, Vazirlar Mahkamasining sportning alohida turlarini rivojlantirishga oid va nihoyat 1999-yilda „Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori jismoniy tarbiyaning huquqiy asoslarini yaratdi.
Jismoniy tarbiyaning keng tarmoqli tizimi: oilaviy-maktabgacha davr (chaqaloqlikdan boshlab bogʻcha yoshidagi), maktab yoshi, oʻrta maxsus va oliy taʼlim davri hamda katta yoshdagi (erkak va ayol)lar jismoniy tarbiyasini oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistonda umumtaʼlim maktablaridagi jismoniy tarbiya pedagogik jarayon hisoblanib, jismoniy tarbiya darslari, sport seksiyalaridagi mashgʻulotlar orqali amalga oshiriladi. „Umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun jismoniy tarbiyadan davlat taʼlimi standarta“ boʻyicha 1 – 9-sinflarda haftasiga 2 soatdan jismoniy tarbiya darslari joriy etilgan. Oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish va ularning salomatligini mustahkamlash maqsadida 1999-yilda maxsus test sinovlari ishlab chiqildi. Mazkur testlarni muvaffaqiyatli topshirganlar uchun 3 darajali „Alpomish“ va „Barchinoy“ nishonlari taʼsis etildi. 1.588.298 nafar oʻquvchi mazkur testlarni muvaffaqiyatli topshirdi (2002). Shuningdek, maktab oʻquvchilari uchun „Umid nihollari“, litsey-kollej oʻquvchilari uchun „Barkamol avlod“, oliy oʻquv yurti talabalari uchun „Universiada“ ommaviy musobaqalarini har 2 yilda oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Xalq oʻyinlari va ommaviy sport turlari boʻyicha qar 2 yilda „Alpomish oʻyinlari“ festivali hamda „Toʻmaris oʻyinlari“ oʻtkazib kelinadi.
Jismoniy tarbiyaning ilmiy-amaliy asoslari va shu soha mutaxassislari Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, oliy oʻquv yurtlarining fakultetlari hamda boʻlimlarida tayyorlanadi. Respublikada 6 ta olimpiya oʻrinbosarlari bilim yurti, 8 ta oliy sport mahorati maktabi va 369 ta bolalar-oʻsmirlar maktabida ham oʻquvchilarga jismoniy tarbiyadan saboq beriladi. „Yoshlik“ koʻngilli sport tashkiloti, „Vatanparvar“ mudofaaga koʻmaklashuvchi tashkiloti, „Dinamo“ sport klubi kabi sport jamiyatlari aholining turli qatlamlarini jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga jalb etishga xizmat qiladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikipediyada «Sport» loyihasi bor |