Kontent qismiga oʻtish

Sulton qori Jumaniyozov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulton qori Jumaniyozov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1878-yil
Xorazm viloyati, Xiva shahri
Vafoti 1937-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • davlat arbobi

Sulton qori Jumaniyozov (1878-yilda tugʻilgan) — oʻzbekistonlik davlat arbobi, „Xoʻjaqul“ madrasasi qorisi, Xorazm Xalq respublikasining Markaziy Ijroiya qoʻmitasi raisi(1920—1921), XXR Maorif xalq komissari(1922) hamda hunarmand soatsoz.

Hayoti va mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulton qori Jumaniyozov koʻhna Xorazm viloyatining yangi Urganch shahrida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Sultonbek bolaligidan mehnatga koʻzib tarbiyalanadi. Dastlab tikuvchiga, soʻng esa soatsozga shogird tushib, ulardan hunarning sir-asrorlarini oʻrganadi. Eski usuldagi maktab va madrasalarda tahsil olib, savodini chiqaradi. Uning nihoyatda zakiyligi va shirali ovozini koʻrgan masjid imomi unga Urganch shahridagi „Xoʻja Toshqul“ qorixonasida oʻqishni davom ettirishni taklif qiladi. Oradan koʻp oʻtmay Sulton qori Qur’oni Karimni tajvid asosida mukammal yod olgach, uni „Xoʻjaqul“ madrasasiga qorilikka oʻtkazishadi. Biroq u asosiy tirikchiligini oʻzining halol mehnati boʻlmish soatsozlik hunari orqali davom ettiradi[1].

Bu vaqtga kelib mustamlakaga aylanib ulgurgan Xiva xonligida bir tomondan Chor imperiyasining iqtisodiy siquvi, ikkinchi tomondan esa mahalliy soliqlarning muttasil ortib borishi oqibatida oddiy xalq aziyat cheka boshladi. Shunday murakkab bir tarixiy sharoitda „Yosh xivaliklar“ harakati vujudga keldi. Sulton qori Jumaniyozov 1916-yilning mart oyida xonlikdagi milliy zulmga qarshi qoʻzgʻolonda oʻzining xalq tomonida ekanligini yashirib oʻtirmadi. Qoʻzgʻolon chor qoʻshni yordamida vaxshiylarcha bostirilgach, Sulton qori Jumaniyozov ham mavjud tuzum dushmanlari roʻyxatidan oʻrin oldi.

Ayni vaqtda „Yosh xivaliklar“ islohotchilik harakatiga qarshi tomonlar yetarlicha edi. Xon va uning maʼmurlari zulmi, turkman koʻchmanchi qabilalarining talonchilik yurishlariga qarshi kurash panasida kirib kelishga ulgurgan bolshevik „qizil qoʻshin“i Xiva xonligini butunlay bosib oldi. Xiva xonligi tugatildi va uning oʻrnida Xorazm Xalq Jumhuriyati bunyod etildi. „Yosh xivaliklar“dan iborat yangi hukumatda na harbiy, na iqtisodiy salohiyat bor edi. Amalda bolsheviklarga qaram boʻlgan hukumati „Yosh xivaliklar“ partiyasini tugatgach, uning aʼzolarini tazyiq ostida kompartiyaga aʼzo boʻlishga majburlay boshladi. Bolsheviklarning gʻayriinsoniy aqidalaridan mutloq bexabar boʻlgan Sulton qori Jumaniyozov ham 1929-yilda kompartiyaga aʼzo boʻladi.

1920—1921-yillarda Yangi Urganch tumani Ijroiya qoʻmitasida kotib, Xorazm Xalq respublikasining Markaziy Ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlib faoliyat yuritadi. 1921—1922-yillarda Xorazm Xalq Jumhuriyatining Moskvadagi vakolatli vakili sifatida faoliyat olib bordi. Sulton qori Jumaniyozov mazkur lavozimda ish yuritgan vaqtlarida Xorazm Xalq Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yoʻlida keng koʻlamli tashabbuslar olib boradi. Koʻplab Xorazm yoshlarini Moskva va Peterburg shaharlarida joylashgan oliy va oʻrta maxsus kasb-hunar bilim yurtlariga oʻqishga jalb etadi. 1922-yil soʻngida esa Xorazmga qaytgan Sulton qori Jumaniyozov XXR Maorif xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. U sakkiz oy davom etgan nozirligi davrida ham keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib ulguradi. Jumladan, koʻplab maktablar, qator bilim yurtlari ochiladi va darsliklar chop etiladi. 1922-yilning ikkinchi yarmidan esa yana avvalgidek kotiblik vazifasini bajargan.

Davlat oldidagi vazifalari koʻpligiga qaramay, Sulton qori Jumaniyozov oʻzining sodda va halol mehnatga tayangan turmush tarzidan aslo voz kechmadi. Xorazm davlatining birinchi rahbari boʻlishi bilan bir qatorda u oʻzining eski kasbi soatsozlikni ham tashlamadi. Hatto XXR va MIK raisi lavozimida faoliyat yuritgan vaqtlarida ham ramazon oylarida musulmon axlining oldida turib namozda imomlik qilishni davom etdi. Shu kabi bir qancha sabablar tufayli Sulton qori nomzodi yangidan shakllantirilayotgan Oʻzbekiston hukumati tarkibiga kiritilmay qoldi[2].

1937-yilning 4-avgustida Urganch shahrida kompartiya faollari kelishilgan holda Sulton qori Jumaniyozovning 1920—1937-yillar oraligʻidagi faoliyatini salbiy baholab, uni partiya safidan chiqarib yuborishadi. 5-avgust kuni esa yigʻilishda uni F.Xoʻjayev, A.Ikromov va boshqalar „xalq dushman“lari bilan aloqada boʻlganlikda ayblab, yetmaganiga qori va namozxon deb ham kamsitadilar.

1937-yil 1-sentabrda boʻlib oʻtgan birinchi tergovda Sulton qori oʻzining oʻtmishini hikoya qiladi va „Ozod Turkiston“ nomli aksilinqilobiy tashkilotning aʼzosi boʻlganligini qatʼiyat bilan inkor qiladi. 1937-yil 13-noyabrda oʻtkazilgan soʻnggi soʻroqda ham Sulton qori Jumaniyozov Xorazmda hech qanday aksilinqilobiy tashkilot boʻlmaganligini va aytilayotgan gaplarning barchasi tergovchilarning xayoli maxsuli ekanligini taʼkidlab oʻtadi.

IIXK Xorazm okrug boshqarmasi boshligʻi Vasilyevich tomon tasdiqlangan ayblov bayonnomasiga koʻra sobiq imom Sulton qori Jumaniyozov 1936-yilda fashistlarni maqtaganlikda aybdor deb topiladi. 1937-yil 28-noyabrda IIXK sud Xorazm okrug boshqarmasi qoshida tashkil etilgan „uchlik“ sudi Sulton qori Jumaniyozov ishini koʻrib chiqadi va aybni isbot etadigan hech bir dalil koʻrsatilmagan boʻlsada, uni oliy jazoga hukm etadi. Hukm ijrosi 1937-yilning 26-dekabrida Xorazmda tashkil etilgan maxfiy qatlgohlardan birida amalga oshiriladi.

1959-yil 19-yanvar kuni Anvar Sultonovning Xorazm viloyati militsiya idorasiga yozgan arizasiga javoban Sulton qori Jumaniyozovning 1937-yil 10 yilga qamoqqa hukm etilganini va 1942-yil jazoni ijro etish davrida vafot etgani toʻgʻrisida yolgʻon xabar yetkaziladi.

Qayta soʻroqlardan soʻng Sulton qori Jumaniyozov hech qanday dalil va isbotsiz boʻhtonlar asosida qatl etilganligi ravshan boʻladi va 1960-yil 11-iyul kuni Xorazm viloyat sudi tomonidan oqlanadi.

  1. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  2. „СУЛТОН ҚОРИ ЖУМАНИЁЗОВ“. urdu.uz. Qaraldi: 7-may 2024-yil.