Kontent qismiga oʻtish

Siyum Yagudina

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Siyum Ilyazetdinovna Yagudina (1916-yil, 25-may, Astraxan — 1991-yil, 24-oktabr, Toshkent) — rezavor ekinlar seleksiyasi sohasida nom qozongan sovet agronomi. Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan agronom.

Siyum Ilyazetdinovna Yagudina 1916-yil 25-mayda Astraxanda tatar savdogar I.N.Yagudin oilasida tugʻilgan.  Yetti yillik ta’limni tugatgandan soʻng Turkmanistonning Chorjou shahriga katta opassinikiga koʻchib keladi. 1930-yilda u agropaxtachilik bilim yurtiga oʻqishga kiradi va shu bilan birga MTT(moddiy texnik ta’minot)ga agrotexnik boʻlib ishga kirdi. 1935-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirib, uni 1940-yilda imtiyozli tamomlaydi. Mazkur dargohni tugatgach, R.R.Shreder nomidagi tajriba stansiyasining (bugungi kunda institut) subtropika boʻlimiga ishga joylashadi. Xuddi shu yili u K.A.Timiryazev nomidagi Qishloq xoʻjaligi akademiyasining aspiranturasiga ta’lim olish uchun yuboriladi. Lekin koʻp oʻtmay, uzoq qarindoshining sotqinligi tufayli kelib chiqishi burjua boʻlgani uchun aspiraturadan haydalgan. Ma’lum bir vaqt oʻtgach, uning boshiga tushgan omadsizlikka qaramay, u rezavor ekinlarni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar ishlarini davom ettiradi va 1957-yilda qulupnayni saralash boʻyicha koʻp ashyoviy materiallarni toʻplab, nomzodlik dissertasiyasini himoya qiladi. Shu bilan birga, Oʻrta Osiyoning qurgʻoqchillik mintaqasi sharoitida rezavor mevaning boshqa turlarini – qora va oltin rang qoragʻatni, malina, Bektoshi uzum(krijovnik)ni oʻrganish bilan shugʻullangan. 1968-yilda R.R.Shreder institutida rezavor ekinlar sektori tashkil etilgan boʻlib, u 1976-yilgacha mazkur sektorga boshchilik qilgan. Siyum Ilyazetdinovna 1991-yil 24-oktabrda Toshkent shahrida ogʻir xastalikdan vafot etadi.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1939-yil, S.I.Yagudin akademik R.R.Shreder bilan Toshkentdagi mevachilik-rezavorchilik stansiyasida amaliyot paytida.

S.I.Yagudina oʻz ilmiy faoliyatini oʻsha yillarda mevachilik-rezavorchilik tajriba stansiyasini (keyinchalik R.R.Shreder nomidagi bogʻdorchilik va uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti) boshqargan va shu bilan bir qatorda Toshkent qishloq xoʻjalik instituti fakulteti dekani boʻlgan. Ilmiy-amaliy faoliyati Markaziy Osiyo iqlim sharoiti mintaqalarida yetishtirish uchun rezavorlar navlarini koʻpaytirishdan iborat edi. Siyum Yagudina rezavor ekinlarini yetishtirishning progressiv usuli muallifi. U yetishtirgan yertutining “Shreder xotirasi”, “Shirin kechkipishar navi”, “Oʻzbekiston” navlari, shuningdek, tilla (oltin) qoragʻatning “Goʻshtdor”, “Shirin”, “Oʻzbekiston yirik mevali” navlari Oʻzbekistonda va undan tashqarida mintaqalashtirilgan.

Yagudina 1957-yilda K.A.Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xoʻjaligi akademiyasida “Toshkent vohasida yirik mevali bogʻ qulupnayining oʻsishi va meva berishning ayrim xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. Uning ilmiy faoliyat xulosasi oltin qoragʻatni koʻpaytirish, navlarni oʻrganish, seleksiya va agrotexnika boʻyicha koʻp yillik mehnati natijalarini jamlagan "Qoragʻat"[1] monografiyasining nashr etishi boʻldi.

S.I.Yagudina ommaviy malakali rezavor yetishtiruvchilarni tayyorlash va havaskor bogʻbonlar orasida bilimlarni ommalashtirish boʻyicha ajoyib ishni amalga oshirdi. U rus va oʻzbek tillarida chop etilgan ilmiy-ommabop kitoblar[2][3] va risolalar[4] nashr ettirdi..

S. I. Yagudina tomonidan yetishtirilgan qulupnay va oltin qoragʻat navlari Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida va XXYUK(Xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasi)da bir necha bor namoyish etilgan. Mamlakat qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun u Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasining kumush medali (1958), XXYUKning bronza medali (1960), XXYUK kumush medali (1962, 1963) bilan taqdirlangan. Ikki marta Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan. 1973-yilda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining Farmoni bilan “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan agronom” faxriy unvoni berilgan. 70 dan ortiq ilmiy ishlar, qulupnay va qoragʻatning 20 ta navi muallifi.

Oltin smorodinani “Goʻshtdor”, “Oʻzbekiston yirik mevali” va boshqalarning yuqori hosildorligi (bir tupiga 10 kg gacha) boʻlganligi sababli Rossiyaning janubiy viloyatlari Krasnodar, Qrim oʻlkalarida yetishtirish uchun tavsiya etilgan. Bular Oʻzbekiston, Qozogʻiston davlat reyestriga kiritilgan. Ayni paytda Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida (sobiq R.R.Shreder nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti) shogirdlaridan biri, hozirda direktor oʻrinbosari R.M.Abdullayev tomonidan rezavor mevalarning yangi navlarini koʻpaytirish ishlari muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Shogird ustozining xotirasiga hurmat bajo keltirar ekan, u oltin qoragʻat naviga Siyuma[5] nomini berdi.

  1. Ягудина С. И. Смородина, Изд-во ФАН, Ташкент, 1976
  2. Ягудина С. И. Ягодные культуры, Ташкент, Изд-во Узбекистан, 1966.
  3. Ягудина С. И. Ягодники в приусадебном саду, Ташкент, Изд-во ЦК Компартии Узбекистана, 1970.
  4. Абдуллаев Р., Ягудина С. Приусадебные ягодники, Изд-во Мехнат, 1988.
  5. „arxiv nusxasi“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 17-iyun.