Shaftoli
Shaftoli (Persica) — raʼnodoshlar oilasiga mansub bo‘lgan mevali daraxt; Vatani — Oʻrta Osiyo.
AQSH, Yevropaning janubi, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Oʻrta Osiyo, Kavkazortida keng tarqalgan. Bundan 2 ming yil oldin madaniylashtirilgan. 5000 ga yaqin navi bor. Hozirgi davrda Shimoliy va Janubiy yarim sharning barcha subtropik va tropik mamlakatlarida oʻstiriladi. Jahon boʻyicha yalpi hosili 12,0 mln. tonna (1999-yil). Oʻzbekistonda ekin maydoni jihatidan mevali daraxtlar orasida 3-oʻrinni egallaydi.
Bogʻdorchilikda, asosan, oddiy shaftoli navlari oʻstiriladi (boshqa turlaridan manzarali oʻsimlik yoki payvandtag sifatida foydalaniladi). Boʻyi 3-9 m, bargi ketma-ket joylashgan, nashtarsimon, gullari ikki jinsli. Mevasi sersuv (50-600 g. gacha), danakli, yassi dumaloq, tuxumsimon, oqish yashildan toʻq qizilgacha, tukli va tuksiz (luchchak). Eti koʻkimtirroq, och pushti, sariq, toʻq qizil, danagidan ajraladi (ajralmaydigan navlari ham bor), mazasi nordonshirin, shirin. Tarkibida 80-90% suv, 10-14% qand, 0,081-02% olma, vino, limon kislota, 0,56-1,26% pektin, shuningdek, oshlovchi va azotli moddalar; A, S, V vitaminlari; danagi magʻzida 20-60% yogʻ, amigdalin, oqsil moddalar va boshqalar bor. Yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva (jem, murabbo, kompot) qilinadi, bargi va guli qaynatmasi xalq tabobatida bosh ogʻrigʻi, revmatizm, oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda qoʻllanadi. Shaftoli yaxshi asal beruvchi daraxt.
Shaftoli danagidan va payvand qilib koʻpaytiriladi. Payvandtag sifatida oddiy shaftoli va boshqalar turlari urugʻ koʻchati, bodom, togʻolcha, baʼzan oʻrikdan foydalaniladi. Hosildorligi 200-400 s/ga. Ekilganidan keyin 3-4yilda hosilga kiradi. 12-15 yil yaxshi hosil beradi (1 ta daraxt 100-150 kg gacha). Oʻzbekistonda aprelda gullaydi, naviga qarab mevasi may-oktabr oylarida pishadi. Shaftoli nisbatan issiqsevar, yorugʻsevar va —15, — 20° li qisqa sovuqlarga chidaydi, —25° da nobud boʻladi, ayniqsa, gullagan paytida bahorgi sovuqlardan koʻp zararlanadi. Koʻchati kuzda va bahorda 25-30 sm chuqurlikda haydalgan yerga 5x4, 5x5, 6x3 m sxemada ekiladi. Yosh daraxtlar vegetatsiya davrida 15-16, hosilga kirganlari 4-5, toshloq yerlarda 10-12 marta sugʻoriladi. Shahriga kosasimon shakl beriladi va har yili erta bahorda butaladi. Oʻzbekistonda 50 ga yaqin navlari yetishtiriladi. Shaftolining ertapishar — Anjir shaftoli, Lola, Morettini; oʻrtapishar — Zafar, Start, Malinoviy, Elberta, Shirinmagʻiz, Oq shaftoli; kechki — Salvey, Farhod navlari koʻp ekiladi.
Kasalliklari: barg bujmayishi, shira oqishi, dogʻlanish va boshqalar.
Zararkunandalari: Shaftoli barg biti, shaftoli kuyasi, shaftoli tana biti. Ularga qarshi bahorda kurtaklar boʻrtishiga qadar insektitsidlar va fungitsidlar bilan ishlov beriladi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻrik, shaftoli, olxoʻri, T., 1960; Pomologiya Uzbekistana, T., 1983; Sobirov M. Q., Tomorqa bogʻdorchiligi, T., 1991
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |