Said Mir Mansur
Said Mir Mansur | |
---|---|
Said Mir Mansur va oʻgʻli Said Mir Xudoyorxon (Nikolay Seretelli) | |
Karmana hokimi (bek) | |
Mansab davri 1917 – 1918 | |
Hukmdor | Amir Said Olimxon |
Avvalgisi | Togʻaybek |
Keyingisi |
Ahmadbek Yovqochdibek |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1863-yil Buxoro |
Vafoti |
1918-yil Karmana |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi |
Turmush oʻrtogʻi | Sofiya Ivanovna Seretelli |
Bolalari |
Oʻgillari Said Mir Xudoyorxon (Nikolay Seretelli) Ikkinchi oʻgʻlining ismi nomaʼlum Georgiy Valeriy Qizlari Lyubov Tamara |
Otasi | Amir Muzaffar |
Dafn etilgan joyi | Kattaqoʻrgʻon |
Said Mir Mansur, yana Sayyid Mir Mansurxon toʻra (1863-yil, Buxoro — 1918-yil, Karmana, Buxoro amirligi) — mangʻitlar sulolasi vakili, Buxoro amiri Muzaffarning oʻgʻli[1].
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said Mir Mansur 1863-yil Buxoroda tavallud topgan, amir Muzaffarning 14-oʻgʻli[1]. 1918-yil Karmanada vafot etgan. Kattaqoʻrgʻonda dafn etilgan.
Rossiya imperiyasida taʼlim olishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said Mir Mansur XIX asrning 70-yillari ikkinchi yarmidan boshlab Rossiyada yashab, u yerdagi „Pajlar korpusi“da tahsil oladi. Toʻra bilan birga Sankt-Peterburgda otaligʻi Abdulvose toʻqsoba ham boʻlgan[1]. Korpusga oʻqishga kirishi bilan Mansur imperator Aleksandr II monogrammasi tushirilgan tilla soatni sovgʻa sifatida olib, umrining soʻnggi kunigacha saqlaydi. 1876-yil 15-dekabrdagi oliy farmoyishiga koʻra, chor hukumati Mansur va uning otaligʻiga moddiy taʼminot uchun yiliga 500 rubl ajratadi, shundan 310 rubli ijara toʻlovi va kundalik xarajatlar uchun shaxsan Abdulvose toʻqsobaga berildi. Korpus oʻqituvchilarining taʼkidiga koʻra, Mansur „fanlarni yaxshi oʻzlashtirib“, „aʼloga“ oʻqigan va yaxshi xulq-atvorga ega boʻlgan. 3-sinfda oʻqib yurganida nemis tilini oʻrganishdan ozod qilingan, sababi tilni oʻrganishda qiynalgan. Boʻsh vaqtlarini esa boshqa Yevropa tillarini, shuningdek, oʻz ona tili va musulmon diniy adabiyotini jadal oʻrganishga bagʻishlaydi. 1881-yilning yozida Mansur Qrim va Odessaga taʼtilga ketadi. 1882-yil sentyabrda Buxoroga otasini koʻrib kelib, u yerdan dekabrda amirning sovgʻa-salomlari bilan oʻqishga qaytib kelgan. Zamondoshlarining maʼlumotlariga asosan rus tilini juda yaxshi bilgan Mirzo Nasrullohbiy toʻqsoba „Pajlar korpusi“ning oxirgi oʻquv yillarida Mansurga otaliq etib tayinlanadi[1].
Rossiya imperiyasi armiyasida xizmat qilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1886-yil 13-aprelda Said Mir Mansur „Pajlar korpusi“ni tamomlagach, kornet harbiy unovini berilib, Moskvadagi 3-Sumi dragunlar polkiga harbiy xizmatga olinadi[2]. Mansur ofitserlik maoshidan tashqari amir Said Abdulahadxondan har yili 2400 rubl ham olgan. 1892-yilda Said Mir Mansur leytenant (poruchik) harbiy unvonini oladi. 1892-yil dekabr oyida Sumi polkining ofitserlari bilan birgalikda Moskvaga tashrif buyurgan amir Abdulahadxon sharafiga ziyofat uyushtiradi[2]. 1895-yilda Mansur shtabs-rotmistr (nemischa: Stabsrittmeister ) harbiy unvoni olgan va 1899-yilda xuddi shu unvonda nafaqaga chiqadi. Keyinchalik chor hukumati Mansurning qarzlarini uzib, doimiy nafaqa tayinlaydi. Shundan soʻng Said Mir Mansur bir necha yil davomida Rossiyada yashashni davom ettiradi.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said Mir Mansur knyazlar xonadonidan boʻlgan Sofiya Ivanovna Seretelliga uylangan, Sofiyadan bir nechta farzandlari boʻlgan. Katta oʻgʻli Nikolay Seretelli yigirmanchi yillarda Moskvadagi Tairov kamerniy teatrining yetakchi aktyorlaridan biri boʻlgan. 1906-yilda Nikolay otasi bilan birga buvisini koʻrish uchun Buxoroga kelgan. Said Mir Mansurning ikkinchi oʻgʻli harbiy boʻlgan boʻlib, Rossiyada harbiy xizmatni oʻtagan, bir nechta rus ordenlari bilan taqdirlangan. U 1918-yil mart oyida Karmanaga hujum paytida vafot etadi. Bundan tashqari, Said Mir Mansurning Georgiy, Valeriy ismli oʻgʻillari, Lyubov, Tamara ismli qizlari ham boʻlgan.
Buxoro amirligida beklik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said Mir Mansur Buxoroga qaytgach, Karmanaga bek etib tayinlanadi[3]. 1918-yil mart oyida Kolesov voqeasi paytida bolsheviklar Karmanaga hujum qilishib, bekning 5 minglik otryadini magʻlubiyatga uchratishib, Mansurni qattiq yarador qilishadi[1] va xotini, uch nafar yosh bolasi va ularning oʻqituvchisi bilan birga asirga olishadi. Halok boʻlgan Said Mir Mansur amir Olimxonning saʼy-harakati bilan Kattaqoʻrgʻonda dafn etilgan. Bolsheviklar tomonidan Said Mir Mansur oilasining barcha mol-mulki, qimmatbaho buyumlari, oilaviy taqinchoqlar va bolalarining oʻqituvchisiga tegishli boʻlgan Karl Marksning „Kapital“ asari ham talon-toroj qilinadi. 1918-yil sentyabr oyida Said Mir Mansurning bevasi Sofiya Ivanovna Seretelli Buxoro amirligi hukumatidan yetkazilgan zarar uchun 200 ming rubl (uch nafar yosh bolani tarbiyalash uchun) va kundalik xarajatlar uchun yana 100 ming rubl oladi[2][4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Mirza Salimbek. „Tarixi Salimiy“ (rus tilida). Toshkent. Akademiya (2009). 2022-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-noyabr.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Ismoil Gaspirali. „Tochniy perevod dnevnika yego svetlosti emira Buxarskogo“ (rus tilida). Qozon (1894). 2022-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-noyabr.
- ↑ Mirza Salimbek. „Tarixi Salimiy“ (rus tilida). Toshkent. Akademiya (2009). 2022-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-noyabr.
- ↑ Bahodur Iskandarov. „Buxara (1918—1920)“ (rus tilida) 62—63-sahifalar. Dushanbe. Donish. 2022-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-noyabr.