Rushmore togʻi
Rashmor togʻi — AQShning Janubiy Dakota shtati, Blek Hills hududida joylashgan mamlakatning asosiy turistik obyektlaridan biri. Granit tog‘ning bir tomonida AQSh tarixida muhim rol o‘ynagan to‘rt prezident — Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnning monumenti ishlangan. Balandligi 18 metr bo‘lgan bu monumentni qurishga 15 yil sarflangan bo‘lib, AQSh Konstitutsiyasining 150 yilligiga topshirilgan. To’rtovining ulkan tasviri balandligi 1745 metrga yetadigan granit qoyada taroshlangan. Har bir yuzning o’lchami engakdan peshonagacha — 18 metr bo’lib, sfinksnikidan ikki barobar kattadir.
Qurilish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rashmor tog'ining gʻoyasi Janubiy Dakota tarixchisi Doane Robinson tomonidan taklif etilgan. Robinson turizmni rivojlantirish, Blek Hillsga tashrif buyurishga koʻproq odamlarni jalb qilish uchun gʻoya oʻylab yurardi. Oxir-oqibat u 1923-yilda Amerika tarixida oʻz xalqi uchun muhim ishlarni amalga oshirgan prezidentlarni tasvirini togʻda oʻyib ishlab, sanʼat asari yaratish fikrini bayon qildi. Bu gʻoya imkonsiz emasligini isbotlash uchun haykaltarosh Gutzon Borglumni Blek Hillsga taklif qiladi. Borglum granit toshlar ustida oʻymakorlik ishlarini sinab koʻrib, monument uchun Rashmor togʻining janubiy-sharqiy tomonini tanlab oldi. Keyinchalik 1925-yilning 3-martida bu gʻoya Amerika kongressi tomonidan maʼqullandi. G.Borglum va uning oʻgʻli Linkoln birgalikda loyihani 1927 yilda boshlagan va 1941 yilda haykaltaroshning vafotiga qadar davom ettirishgan. Bu vaqt ichida Borglum va 400 ishchi birgalikda Amerika tarixining dastlabki 150 yilida mamlakat mustaqilligini saqlab qolish, uning hududini kengaytirish yoʻlida alohida xizmat qilgan toʻrt prezident: Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Avraam Linkoln va Teodor Ruzvelt yuz qismlari ifoda qilingan ulkan yodgorlikni barpo etdilar. Ammo 1941-yilning oktyabrida moliyalashtirishning yetishmasligi tufayli ishlar oxiriga yetmay toʻxtatilgan.[1]
Jorj Vashington
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jorj Vashington (1732-1799) — AQShning birinchi prezidenti. Mamlakatning asoschisi-otalaridan biri, Amerika prezidentlik instituti taʼsischisi. Uning qo‘mondonligi ostida mamlakat Buyuk Britaniya mustamlakachiligiga qarshi kurashib, uning taʼsiridan chiqib ketgan. 1789 va 1793 yillarda mamlakat prezidentligiga saylangan. Vashington Amerika demokratiyasining asoschilaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. 1934-yil 4-iyulga kelib, Vashingtonning yuzi toʻliq qurib bitkazildi. Uning tantanali ochilishi shu kuni boʻlib oʻtdi. Togʻning bosh oʻymakori Nyu-Yorkning Port Chester shahridagi hunarmand va tosh yoʻnuvchi Luidji Del Bianko edi. Del Bianko Italiyaning Friuli shahridan AQShga koʻchib kelgan va haykaltaroshlik tilini yaxshi tushunganligi va ishlangan portretlarga his-tuygʻularni singdira olish qobiliyati tufayli ushbu loyiha ustida ishlash uchun tanlangan.[2]
Tomas Jefferson
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tomas Jefferson (1743-1826) — AQShning uchinchi prezidenti. Mamlakatning asoschisi-otalaridan biri, AQSh mustaqillik deklaratsiyasi mualliflaridan biri. Uning prezidentligi davrida Fransiya koloniyasi bo‘lgan Luiziana AQSh tarkibiga qo‘shib olinadi, natijada mamlakatning o‘sha paytdagi hududi 3 baravarga kengayadi.[3] Tomas Jeffersonning surati dastlab Vashingtonning oʻng tomonidagi hududda bunyod etilishi kerak edi, ammo togʻda ish boshlangandan soʻng, Jefferson siymosi aks etadigan togʻ qismi yaroqsiz deb topildi, shuning uchun uning tasviri ustida ish bekor qilindi va boshqa qismi tanlandi. Tomas Jeffersonning tasvirini tushirishga 2 yildan ortiqroq vaqt ketdi. Qoyada yirik yoriqlar paydo bo‘lgani bois, tasvirni qaytadan — Vashingtonning qiyofasiga nisbatan ichkariroqda tasvirlashga to‘g‘ri keldi. Jefferson haykalining ochilishi 1936 yilda prezident Franklin Ruzvelt boshchiligida o‘tkaziladi. Monument qurilishi ishchilardan qoyada harakatlanish ko‘nikmasini talab etgan. Shunday qilib prezident Jefferson tasviri Vashingtonning chap tomonida joylashdi.[4]
Avraam Linkoln
[tahrir | manbasini tahrirlash]Avraam Linkoln (1809-1865) – AQShning 16-prezidenti. U tarixda pochtachidan prezident bo’lgan shaxs sifatida qolgan. 1861-1865 yillarda kechgan fuqarolik urushini bostirish orqali mamlakat birligini saqlab qolish, qullikni rasman bekor qilish singari xizmatlari bilan tarixda qolgan. Avraam Linkolnning yuz tasviri 1937-yilning 17-sentabrda tugatildi. AQSh konstitutsiyasi imzolangan sananing 150 yilligiga topshirildi.[5]
Teodor Ruzvelt
[tahrir | manbasini tahrirlash]Teodor Ruzvelt (1858-1919) — AQShning 26-prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati. Mamlakatni boshqargan davrida ishchi sinfning huquqlarini himoya qilish, yirik monopol trest va koorporatsiyalar faoliyatini cheklash orqali barcha uchun teng biznes sharoitlarini yaratishga erishdi. Siyosiy strategik obyekt — Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼasini ajratib turuvchi Panama kanalining qurilishida asosiy rol o‘ynagan shaxslardan biri. Ruzvelt „Yoʻgʻon kaltak siyosati“ (Lotin Amerikasi davlatlarida ziddiyatlar yuzaga kelganda ularni AQShning aralashuvi orqali hal qilishni nazarda tutuvchi siyosat) va Qo‘shma Shtatlarning xalqaro tinchlikni taʼminlashdagi rolini ko‘rsatuvchi „jahon politsiyasi“ atamalarini muomalaga kiritgan. Boshqalarga qaraganda ancha ichkarida joylashgan Ruzvelt monumenti 1939-yilga kelibgina birmuncha bitkaziladi, chunki u joylashishi kerak bo‘lgan o‘rinda qal’aning katta bo‘lagi ajralib tushadi va qiyofani qayta qurishga to‘g‘ri keladi. Shunday bo’lsa hamki, oxirgisi, Teodor Ruzveltning yodgorligi tugallanmasdan qolgan.
Tugallanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Har to‘rttala haykal qurib bitkazilgandan keyin ham monument ustida ishlar davom ettiriladi — loyihaga ko‘ra, prezidentlarning ko‘krak qismigacha bo‘lgan barelefi ham qurilishi kerak edi. Ammo 1941-yilda monumentning asosiy meʼmori — Gutzon Borglum vafot etadi, uning ishlarini oʻgʻli Linkoln davom ettiradi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi natijasida moliyalashtirish to‘xtaydi, bular qurilish ishlarining shu holatda yakun topishiga sabab bo‘ladi. 1941 yil 31 oktyabrda monument to‘la bitkazilgani eʼlon qilinadi. Rashmor tog‘i ustida kechgan 14 yillik mehnat davomida 450 ming tonna granit ko‘chirib tushirilgan bo‘lib, shundan 90 foizi portlatuvchi moddalar yordamida, 10 foizi qo‘l mehnati asosida ko‘chirilgan. Prezidentlar monumentini bunyod etish o‘ta qiyin sharoitlarda kechgan bo‘lsa-da, bironta ishchining hayoti qurbon etilmagani meʼmorchilik texnikasi juda rivojlanmagan davr uchun katta yutuq sifatida eʼtirof etilgan edi. Monumentning barpo etilishiga 1 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan. Federal hukumat bu bahodan 84 foizini to’ladi. Qolgan mablag’lar xususiy shaxslardan olindi. „Demokratiya qal’asi“ deb ham nomlanadigan bu obyektni tomosha qilish uchun pandemiyaga qadar yiliga 2,5 mln.dan ziyod sayyoh tashrif buyurardi.[6][7]
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Larner Jesse. Mount Rushmore: An Icon Reconsidered. Nyu-York:Nation books. 2002
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ https://www.wsj.com/articles/SB115290739146207240?mod=todays_us_pursuits
- ↑ https://kun.uz/uz/news/2020/07/14/demokratiya-qalasi-amerika-otalari-gavdalangan-rashmor-togi-haqida
- ↑ https://www.cabinetmagazine.org/issues/7/buckingham.php
- ↑ http://www.ohranger.com/mount-rushmore/making-mount-rushmore
- ↑ http://www.ohranger.com/mount-rushmore/making-mount-rushmore
- ↑ https://kun.uz/uz/news/2020/07/14/demokratiya-qalasi-amerika-otalari-gavdalangan-rashmor-togi-haqida
- ↑ https://web.archive.org/web/20160311133645/http://www.mareetmartin.com/livre/_les-visages-de-l-amerique
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- https://kun.uz/uz/news/2020/07/14/demokratiya-qalasi-amerika-otalari-gavdalangan-rashmor-togi-haqida
- https://uz.traasgpu.com/rushmore-milliy-yodgorligi-uchun-rv-destination-essentials/
- https://dvstart.com/uz/yangiliklar/38-rashmor-tog-i-deb-nomlangan-memorial-qanday-bunyod-bo-lgan.html
- http://maxima-library.org/mob/b/264782?format=read (Wayback Machine saytida 2022-05-21 sanasida arxivlangan)