Kontent qismiga oʻtish

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
Turi Davlat boshqaruv idorasi
Maqomi Amalda
Ishga tushgan sanasi 25-yanvar, 2023-yil (20 oy avval) (2023-01-25)
Joylashuvi Toshkent shahri, Labzak koʻchasi, 3-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Direktori Shohruh Shorahmedov
Vebsayti raqobat.gov.uz
Til(lar)i oʻzbek, rus

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi — Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi negizidagi tashkilot[1].

1992-yil Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tarkibida Monopoliyaga qarshi va narx siyosati Bosh boshqarmasi tashkil etilgan[2].

1996-yil Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi tashkil etilgan[3].

2000-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligi tarkibidan chiqarildi, unga davlat qoʻmitasi maqomi berilib, respublikada monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshirish vakolati berilgan.

2005-yil raqobat, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq monopoliyaga qarshi organ qayta tashkil etildi va unga yangi vakolatlar berildi.

2005-yil qoʻmitaga yangi nom berildi — Oʻzbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi[4].

2010-yil monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solishni yanada kuchaytirish va sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq monopoliyaga qarshi organ qayta tashkil etildi[5].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-sonli hamda 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-sonli Farmonlariga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tashkil etilgan[6].

2023-yil 6-iyulda PF-108-sonli Farmon bilan Qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari, tashkiliy tuzilmasi, sohada islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha „Yoʻl xaritasi“, qoʻmitaning xususiy sektorga beriladigan funksiyalari roʻyxati qabul qilingan[7].

Qoʻmitaning vazifalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quyidagilar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:

  • raqobatni taʼminlash, tovar-xomashyo birjalari faoliyatini tartibga solish, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat muhitini taʼminlash, „kartel“ kelishuvlari va til biriktirish holatlari, insofsiz raqobat amaliyotlarini aniqlash va ularga chek qoʻyish;
  • monopoliyalarga qarshi kurashish, ustun mavqega ega xoʻjalik subyektlarining, shu jumladan, tabiiy monopoliya subyektlarining oʻz mavqeini suiisteʼmol qilishi va raqobatga qarshi harakatlariga chek qoʻyish;
  • normativ-huquqiy hujjatlarning hamda ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yoʻl qoʻymaslik;
  • tanlov (tender) savdolarida, iqtisodiy konsentratsiya va davlat koʻmagini monopoliyaga qarshi tartibga solish;
  • tovar-xomashyo birjalari va ularning aʼzolari faoliyatini, shuningdek, tovar derivativlari savdolarini tartibga solish;
  • asosiy isteʼmol, monopol va yuqori likvidli tovarlar narxlarining asossiz oshirilishiga qarshi choralar koʻrish;
  • sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish, raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama yoʻnalishida faoliyat yuritadigan nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash;
  • raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohalarida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar taqdim etish.

Boshqaruv tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Qayumov Asadulla Urolovich — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.
  • Karabayev Farrux Esanaliyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.
  • Qodirova Goʻzal Toshkenboyevna — Raisning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchisi.
  • Usmonov Otabek Odilbek oʻgʻli — Raisning jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha maslahatchisi.