Pavel Bulgakov
Pavel Georgiyevich Bulgakov | |
---|---|
Tavalludi |
7-iyul 1927-yil |
Vafoti |
28-oktyabr 1993-yil (66 yoshda) Toshkent, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Taʼlimi | Sankt-Peterburg davlat universiteti |
Kasbi | filolog |
Pavel Georgiyevich Bulgakov (1927-yil 7-iyul, Toshkent – 1993-yil 28-oktyabr, Toshkent) – sovet arab filologi, mashhur sharqshunos olimlardan biri, koʻzga koʻringan tadqiqotchi va Oʻrta Osiyo xalqlari arab tilidagi adabiyotining oʻrta asr yodgorliklari tarjimoni. Yaqin Sharq, Oʻrta asrlar Sharq astronomiyasi, geografiyasi va matematikasi tarixchisi, arab qoʻlyozmalari, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va boshqa oʻrta asrlar Sharq olimlari hayoti va faoliyatini oʻrgangan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikada xizmat koʻrsatgan fan arbobi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati. Filologiya fanlari doktori, professor[1].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pavel Bulgakov 1927-yil 7-iyulda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan.
1944—1945-yillarda armiyada (aviatsiya maktabida) xizmat qilgan. 1951-yilda Leningrad davlat universiteti (LDU) Sharq fakulteti arab filologiyasini tamomlagan. 1954—1957-yillarda Leningrad davlat universitetining Sharq fakultetida oʻqituvchi, 1957—1964-yillarda Oʻzbekiston SSOD raisi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim (1964—70), direktor oʻrinbosari (1970-yildan) boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasida 1971-yildan direktorning fan boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan. U Ibn Sinoning „Tib qonunlari“ asarini rus tiliga tarjima qilishda ishtirok etgan. „Abu Dulafning ikkinchi risolasi“ asarini rus tiliga (A.Xolidov bilan hamkorlikda) tarjima qilgan, nashr ettirgan (1960). U Beruniyning „Tahdid nihoyot ila mokin li tashih masofat ilmasokin“ („Geodeziya“) asarining arab tilidagi tanqidiy matnini birinchi marta Qohirada chop ettirgan (1962), soʻng uni rus tiliga tarjima qilib, izohlar bilan Toshkentda nashr qildirgan (1966). U „Beruniyning hayoti va ijodi“ asari muallifi (1972). Beruniyning saylanma asarlarining 5 jildiga kirgan „Masʼud qonuni“ asari va boshqa astronomiyaga oid risolalarini rus tiliga tarjima qiladi (1973). Shuningdek, Xorazmiy haqida ham asarlar yozgan.
Pavel Georgiyevich Bulgakov Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati hisoblanadi (1971).
1954-yilda P.G.Bulgakov „IX-X asr boshlaridagi arab geograflarining Markaziy Osiyo yoʻnalishlari va shaharlari haqidagi maʼlumotlari“ nomli nomzodlik, 1967-yilda Abu Rayxon Beruniyning „Geodeziya“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1977-yilda unga professor ilmiy unvoni berildi, 1979-yilda P.G.Bulgakov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi etib saylandi.
Oʻrta Osiyoning tarixiy geografiyasiga bagʻishlangan 60 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Oʻrta asrlar Sharq astronomiyasi, geografiya va matematikasi, arab qoʻlyozmalarilarini oʻrgangan. U Beruniyning „Geodeziya“ (1962, 1966) asarining arabcha matni, tadqiqoti va ilmiy sharhlangan tarjimasi, Beruniyning „Mas’ud qonunlari“ asarining tadqiqoti va tarjimasi muallifi. Abdulloh an-Nasafiy qalamiga mansub „Yulduzlar koʻtarilgan maskan va ilmlar markazi“ nomli arab tilidagi ilmiy qoʻlyozmasini oʻrgangan. Ibn al-Asirning Al-komil fi-t-ta’rix asarini oʻrgangan.
1971-yilda P.G.Bulgakov bir qator olimlar bilan birgalikda Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
P.G.Bulgakov koʻplab ilmiy sessiyalar, simpoziumlar, konferensiyalar, jumladan semitikologlarning II konferensiyasi (Tbilisi, 1966), Oʻrta Osiyo fanlari tarixi boʻyicha Butunittifoq konferensiyasi (Dushanbe, 1967) va boshqalar ishtirokchisi.
P.G.Bulgakov ilmiy faoliyatini ilmiy-tashkiliy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan muvaffaqiyatli birlashtirdi. Uning rahbarligida 10 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
1993-yil 28-oktyabrda ogʻir xastalikdan soʻng vafot etdi va Do‘mbrobod qabristoniga dafn qilindi[2].
Ilmiy ishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Булгаков П. Г. Жизнь и труды Беруни / Институт востоковедения им. Абу Райхана Беруни. — Ташкент: Фан, 1972. — 430 с.
- Баратов М. Б.; Булгаков П. Г.; Каримов У. И. Абу Али Ибн Сина: к 1000-летию со дня рождения. — Ташкент: Фан, 1980. — 248 с.
- Булгаков П. Г.; Розенфельд Б. А.; Ахмедов А. А. Мухаммад ал-Хорезми: около 783 — около 850. — М.: Наука, 1983.
- Материалы по истории и истории науки и культуры народов Средней Азии / составители: Павел Георгиевич Булгаков, Усмон Каримов. — Ташкент: Фан, 1991. — 337 с.
- Nerazik E. E.; Bulgakov P. G. Khwarizm // History of civilizations of Central Asia (англ.) / edited by B. A. Litvinsky. — P.: UNESCO Publishing, 1996. — Vol. III: The crossroads of civilizations: A.D. 250 to 750. — С. 207—231. — ISBN 92-3-103211-9.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- ↑ „Булгаков Павел Георгиевич“. www.tashkentpamyat.ru. Qaraldi: 25-noyabr 2023-yil.
- ↑ „Сотрудники РНБ — деятели науки и культуры“. www.nlr.ru. Qaraldi: 25-noyabr 2023-yil.