Osmon mandati
Osmon yorligʻi (xit. an’anaviy 天命, pinyin: Tiānmìng, pall.: T'ien-ming, so‘zma-so‘z: «Osmon irodasi») – Xitoy an’anaviy siyosiy madaniyatining asosiy tushunchalaridan biri bo‘lib, undan hukmron sulola faoliyatini qonuniylashtirish manbasi sifatida foydalanilgan. Ushbu ta’limotga koʻra, koinotning tabiiy tartibi va irodasini oʻzida mujassam etgan osmon (Tyan) Xitoyning adolatli hukmdori "Osmon o‘gʻli"ga yorliq bergan. Agar hukmdor agʻdarilsa, bu hukmdorning noloyiq ekani va yorliqdan mahrum boʻlgani belgisi sifatida talqin qilingan. Ochlik va suv toshqini kabi tabiiy ofatlar ilohiy jazo boʻlib, bu hukmdordan Osmonning noroziligi alomatlari boʻlgan, degan keng tarqalgan eʼtiqod boʻlgan. Shuning uchun ham katta ofatlardan soʻng koʻpincha qoʻzgʻolonlar boʻlib turgan, chunki odamlar bu ofatlarni Osmon yorligʻi buzilgani alomati deb bilgan[1].
Osmon yorligʻi qonuniy hukmdorning aslzodalar oilasida tugʻilishini talab qilmaydi. Buning oʻrniga u mamlakatni qanchalik yaxshi boshqara olishiga e’tibor qilingan. Han va Ming kabi Xitoy sulolalariga kelib chiqishi umumiy boʻlgan odamlar asos solgan. Ammo ular Osmon yorligʻini qoʻlga kiritgani uchun muvaffaqiyatga erishgan, deb hisoblangan. Konsepsiya qaysidir ma’noda qirollar ilohiy huquqining Yevropa konsepsiyasiga oʻxshab ketadi. Ammo Yevropa konsepsiyasidan farqli oʻlaroq, Xitoyda u hukmronlik qilish uchun soʻzsiz huquq bermaydi. Yorliqni saqlab qolish hukmdorlar va merosxoʻrlarining adolatli va qobiliyatli faoliyatiga bogʻliq.
Osmon yorligʻi tushunchasining ajralmas qismi adolatsiz hukmdorga qarshi isyon qilish huquqi edi. Xitoy faylasuflari va olimlari koʻpincha unga hukmdorning hokimiyatni suiiste’mol qilishini cheklash usuli sifatida qaragan. Xitoy tarixchilari muvaffaqiyatli qoʻzgʻolonni Osmon hukmdordan yorligʻini olib qoʻyishi dalili sifatida talqin qilgan. Xitoy tarixi davomida qashshoqlik va tabiiy ofatlar koʻpincha Osmon amaldagi hukmdorni adolatsiz deb hisoblagani va shu sabab uni almashtirish zarurligi alomati sifatida qabul qilingan.
“Osmon yorligʻi” tushunchasi birinchi marta Chjou sulolasi (miloddan avvalgi 1046–256-yillar) qirollarining hukmronligini qoʻllab-quvvatlash va oldingi Shan sulolasi (miloddan avvalgi 1600–1069-yillar) agʻdarilishini qonuniylashtirish uchun ishlatilgan. U Xitoyning butun tarixi davomida imperatorlarni, jumladan, Sin (1636-1912-yillar) kabi Han boʻlmagan sulolalar agʻdarib tashlashi va hokimiyati oʻrnatilishini qonuniylashtirish uchun qoʻllangan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hokimiyatning Shan sulolasidan Chjou sulolasiga oʻtishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rivojlangan Shan sulolasi oʻz hukmronligini koʻplab ajoyib yutuqlar bilan toʻldirgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, sulola ancha uzoq vaqt, ya’ni 17 avloddan iborat 31 qirol hukmronlik qilgan. Bu davrda sulola tinch va osoyishta davrni boshdan kechirgan va fuqarolar yaxshi yashagan. Hukumat dastlab xalq koʻrsatgan qat'iy yordam sabab ichki ishlarning aksariyat qismini nazorat qila olgan. Biroq vaqt oʻtishi bilan hukmdorlarning boshqa ijtimoiy tabaqalarni kamsitishi ijtimoiy tartibsizlik va beqarorlikka olib kelgan. Suloladagi korrupsiya yangi hukmron tabaqa – Chjou sulolasining oʻsishi uchun zarur shart-sharoit yaratgan. Shanga qarshi qoʻzgʻolonni Chjou Vu boshqargan. Ular hokimiyatni egallash huquqini Osmon yorligʻini yaratgan va yorliqga ega boʻlishning yagona yoʻli Osmon nazarida yaxshi hukmronlik qilish deb talqin etgan. Ular hukmron Shan xonadoni ma’naviy buzuqlikka mukkasidan ketganini va Shan rahbarlarining boshqaruv fazilatini yoʻqotganini odamlarga tushuntirgan. Chjou sulolasi vakillari Shan sulolasining agʻdarilishini Osmon bergan yorliqga muvofiq deb izohlagan[2].
Chjou hukmron sulolaga aylangach, asosan, turli lavozimlarga oʻz amaldorlarini tayinlagan. Bu oʻziga xos tarzda amalga olshirilgan. Ular ba’zi fuqarolarni tinchlantirish uchun Shan sulolasi vakillariga Chjou qoidalariga muvofiq oʻzining kichik hududlarini boshqarishni davom ettirishga ruxsat bergan. Imperiya kengaya borishi barobarida oʻzaro nikohlar ham kuchaya borgan. Chunki hukmdorlar nikohni sulolaga koʻproq mamlakatlarni qoʻshib olishga imkon beradigan kuchli ittifoqlar tuzish usuli deb bilgan. Urush sharoitida esa Chjou sulolasi, asosan, qoʻshib olingan mamlakatlar hisobiga mukammal harbiy texnologiyaga ega va kemasozlikda ilgʻor boʻlgan. Bu samoviy navigatsiya kashf etilishi bilan birga ularni ajoyib dengizchilarga aylantirgan. Chjou sulolasi davrida adabiyot va falsafa yaxshi rivojlangan. Koʻplab davlat lavozimlariga nomzodlar intellektual qobiliyatiga qarab ishga qabul qilingan. Chjou davrida yozilgan koʻplab adabiyotlar saqlanib qolgan: „O‘zgarishlar kitobi“, „Tarix kitobi“, „Odob kitobi“, „Qoʻshiq kitobi“, „Qasidalar kitobi“ va „Marosimlar kitobi“. Bu asarlarning aksariyati sulolaning taraqqiyoti va siyosiy hayoti haqidagi sharhlardan iboratdir. Falsafiy nuqtai nazardan, Konfutsiy va uning izdoshlari Konfutsiyning beshta munosabati belgilab bergan hukumat zehniyatini shakllantirishda muhim rol oʻynagan. Ushbu tanqidiy fikrlovchilar hukumat uchun asos boʻlib xizmat qilgan. Ular asarlarida birinchi navbatda hukmron tabaqaning ahamiyati, hurmati va quyi tabaqa bilan munosabatlariga e’tibor qaratilgan. Sulola a’zolari soni ortib borayotgani va markazlashgan hukumat ularga oʻz ta’sirini oʻtkaza yoki hammaning ehtiyojlarini barobar qondira olmasligi bois juda koʻp tartibsizlik va korrupsiyaga duchor bo‘lishi aniq boʻlib qolgan edi. Ushbu siyosiy toʻsiqni bartaraf etish uchun sulola markazlashmagan hukumat tuzgan. Unga koʻra, imperiya alohida qismlarga boʻlingan. Hukumat bu tumanlarga ma’murlarni tayinlagan. Buning evaziga ulardan asosiy ichki hukumatga sodiq qolish talab qilingan. Natijada Chjou sulolasi bir qancha tumanlar yigʻindisiga aylangan. Bu sulolaning qulashiga yoʻl ochgan. Chunki markaziy hukumatning imperiya barcha hududlariga ta’sir oʻtkazishi qiyinlashib qolgan.
Nihoyat, Chjou sulolasining kuchi zaiflashgach, Sin davlati uni kuchsiz va hukmronligi adolatsiz boʻlib qolgan, deb hisoblab hokimiyatdan chetlatgamn[2]. Bu oʻtish davri yangi siyosiy kuchning oʻsishi uchun imkoniyat yaratgan Osmon yorligʻining odatiy tamoyili sifatida talqin etiladi. Sin sulolasi dastlab Chjou sulolasi yoʻl qoʻygan xatolardan ular sababini yoʻq qilish yoki isloh etish orqali foydalanishga harakat qilgan. Bu islohot davrida maʼmuriy oʻzgarishlar amalga oshirilgan va qonun har bir shaxs, jumladan, hukmdorlar uchun ham majburiy ekanini koʻrsatuvchi huquqiy tizim ishlab chiqilgan. Sin sulolasi davrida sezilarli yutuqlarga erishilgan boʻlsa-da, olimlar va oddiy fuqarolarning ta’qib qilinishi davlat boshqaruvi beqarorligini keltirib chiqargan.
Sin sulolasining birinchi imperatori Sin Shixuandi vafotidan keyin mahbuslar, dehqonlar va baxtsiz askarlar ishtirokidagi keng qamrovli qoʻzgʻolon ortidan Sin sulolasi qulagan[3]. Han sulolasining hokimiyatga kelishi Xitoy tarixida mamlakatning siyosiy tuzilishidagi jiddiy oʻzgarishlar bilan ajralib turgan buyuk davr boʻlgan. Han imperatorlari davrida hukumat davlat xizmati yoki davlat lavozimlarini egallash uchun imperatorlik imtihonlari deb atalgan kirish imtihonlari joriy etilgan muhim oʻzgarishlar kiritgan. Bundan tashqari, Han sulolasi Ipak yoʻli va boshqa savdo yoʻllari sabab iqtisodiy jihatdan gullab-yashnagan.
Besh sulola davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Besh sulola va oʻn qirollik davrida butun Xitoyni boshqargan yagona hukmron sulola yoʻq edi. Bu keyingi Sun sulolasi uchun muammo tugʻdirdi. Chunki ular, Osmon yorligʻi bizga oʻtgan, deb da’vo qilib, oʻz hukmronligini qonuniylashtirmoqchi boʻlgan. Rasmiy olim Syue Juchjen „Besh sulolaning eski tarixi“ni (五代史) 960-970-yillarda Sun sulolasi shimoliy Xitoyni Besh sulolaning oxirgisi boʻlgan Keyingi Chjoudan tortib olgandan keyin tuzgan. Bundan asosiy maqsad osmon yorligʻini ushbu besh sulola orqali Son sulolasiga oʻtkazish uchun asos yaratish edi. Uning ta’kidlashicha, bu sulolalar hech qachon butun Xitoyni boshqarmagan boʻlsa ham, osmon yorligʻiga erishgan deb hisoblash uchun ma’lum hayotiy mezonlarga mos boʻlgan. Ular barchasi Xitoyning an’anaviy poytaxtini boshqargan, shuningdek, janubda doimiy ravishda mavjud boʻlgan boshqa Xitoy davlatlariga qaraganda ancha koʻproq hududga ega edi. Osmon yorligʻi Chjouga hukmronlik huquqini berganida, ular qanday boshqarishni aniqlashi kerak edi.
Ushbu sulolalar eplay olmay qolgan boshqa hududlar ham bor edi. Chju Ven va keyingi Lyanning shafqatsiz xatti-harakati katta sharmandalik sifatida qabul qilingan. Shuning uchun ularni yorliqdan mahrum qilish uchun bosim paydo boʻlgan. Navbatdagi uchta sulola: So‘nggi Tan, So‘nggi Jin va So‘nggi Xan xon boʻlmagan Xitoy sulolalari boʻlib, barchasini Shatuo etnik ozchiligi boshqargan. Bundan tashqari, har biri oʻz davridagi eng qudratli Xitoy qirolligi boʻlsa-da, hech biri butun Xitoy qirolligini birlashtira olmagan. Chunki janubda bir nechta qudratli davlat mavjud edi. Biroq, Syue Juchjen xulosasiga koʻra, yorliq haqiqatan ham besh sulolaning har biridan oʻtgan va shu tariqa Sun sulolasi oʻsha sulolalarning oxirgisini zabt etgach, ushbu sulolaga yorliq berilgan.
Sin istilosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oldingi besh sulola va O‘n podshohlik davrida butun Xitoyni boshqargan hukmron xitoyliklar sulolasi bo‘lmagan. Ba’zi imperatorlar Osmon yorligʻi haqiqiyligiga toʻliq ishonch hosil qilmagan. Kengashning koʻp qismi hukmdorlari haqiqiyligini qanday aniqlashni ham bilmas edi. Tan sulolasi imperatori Gaozongdan imperator Kansigacha tanlangan hukmdorlarning koʻpchiligi yorliq uchun da’vogar boʻlganida, bu haqda juda koʻp bosh qotirgan. Sababi yorliq noaniqligi va Osmon yorligʻi e’lon qilingan chogʻdagi norasmiy rasmiyatchilik edi. Biroq Xubilayxon Yuan sulolasi uchun Osmon yorligʻiga da’vo qilgan yagona farqli hukmdor edi. Chunki u katta armiyaga ega va Kidon xalqining bir qismi boʻlgan. Urf-odatlari Han xitoylariniki bilan bir xil emas edi va madaniyat jihatidan ham Xitoyning dushmanlari sifatida koʻrilgan[4].
Aytilishicha, Min sulolasining dehqonlar guruhi haqiqiy seleksionerlar boʻlgani hukmdorning Osmon yorligʻiga da’vo qilishiga imkonini bergan. Yorliqqa boʻlajak nomzod sifatida ular sulola oʻrtasida e’tibor qozonish uchun dehqonlar guruhini mamnun qilsa, yetarli edi. Bu faqat siyosat va imperatorning Osmonga nisbatan ijobiy harakatini saqlab qolishga urinishi boʻlgan. Sin sulolasining koʻplab imperatorlari, agar oʻz davrida tabiiy ofatlar yuz bergan boʻlsa, hukumatlari bilan murosaga kelishga harakat qilgan. Tabiiy ofatlar imperatorlar hukmronligiga Osmonning noroziligi va ogohlantirishi sifatida talqin qilingan. Bundan tashqari, Sin imperatorlari hukmronlik qilishda maslahatchilarning fikr-mulohazalariga jiddiy yondashgan va osmon yordam beradi, degan umid bilan sulolaning joriy qarorlari toʻgʻrisida mulohaza yuritishni zimmasiga olgan.
Hukmronlik va isyon qilish huquqi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mensiy shunday degan edi:[5]
Xalq eng muhim ahamiyatga ega; undan keyin yer va g‘alla xudolariga qurbonlik beriladigan joy turadi; eng oxiri hukmdor keladi. Shuning uchun ko‘p sonli xalq ishonchini qozongan kishi imperator bo‘ladi... Feodal yer va g‘alla xudolari uchun qurbonlik beriladigan joylarni xavf ostiga qo‘ysa, uni almashtirish kerak. Qurbon qilinadigan jonivorlar boqilgan, qurbonliklar toza boʻlgan va oʻz vaqtida qilingan taqdirda ham, [Osmon irodasi bilan] suv toshqini va qurgʻoqchiliklar yuz bersa, qurbonlik beriladigan joylar almashtirilishi kerak.
— Mensiy
Xitoy tarixchilari amalga oshgan qoʻzgʻolonlarni Osmon yorligʻi oʻtgani dalili sifatida talqin qiladi. Xitoyda nohaq hukmdorga qarshi qoʻzgʻolon qilish huquqi Chjou sulolasidan beri siyosiy falsafaning bir qismi boʻlib kelgan va amalga oshgan qoʻzgʻolonni Xitoy tarixchilari ilohiy yorliq keyingi sulolaga oʻtgani dalili oʻlaroq izohlagan. Qoʻzgʻolon huquqi hech qanday rasmiy qonunga kiritilmagan. Aksincha, isyon har doim qonundan tashqari hisoblangan va qattiq jazolangan. Lekin u hali ham Xitoy axloqiy tizimiga asoslangan ijobiy huquqdir. Koʻpincha qoʻzgʻolon amalga oshgandan va yangi sulola boshqaruvi oʻrnatilgandan soʻng avvalgi sulolani agʻdarishga qaratilgan harakatlarni oqlash uchun Osmon yorligʻidan foydalanilgan. Osmon yorligʻini kim olgani va kim uni yoʻqotgani aniq boʻlgani sababli ba’zi xitoylik olimlar uni gʻolibning adolati deb talqin qiladi. Bu haqda xitoyliklarning „G‘olib shoh, magʻlub esa qonundan tashqari boʻladi“, degan maqoli bor. Shu sabab sulola qulashi va yangisi paydo boʻlishi haqidagi Xitoy tarixiy ma’lumotlariga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, deb hisoblanadi. Xitoydagi tarixiy to‘plamlarga tartib berishning an’anaviy usullari tarix haqida hikoya qilishni nazariyaga moslashtirishga intiladigan hisobotlar yaratgan hamda ularda eski sulola Osmon yorligʻini yoʻqotgani va yangisi esa qoʻlga kiritganini isbotlovchi jihatlar ta’kidlangan, boshqa jihatlarga esa kam e’tibor qaratilgan.
XX-XXI asrlardagi talabalar qoʻzgʻolonlarining konfutsiychi guruhlari, Osmon yorligʻi yoʻqolgan, deb da’vo qilgan, bu ularning 2014-yilgi Tayvandagi Kungaboqar talabalar harakati va 2014-yil Gonkong noroziliklari davomida keng koʻlamli faolligi bilan namoyon boʻlgan[6][7].
Ta’siri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xitoyning o‘rta asrlardagi ta’siri ostida „Osmon yorligʻi“ tushunchasi ilohiy siyosiy qonuniylik asosida hukmronlik qilishning asosi sifatida Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqalgan[8]. Koreyada uchta qirollikdan biri boʻlgan Goguryeo qirolligi Osmon yorligʻi asosida Xitoyning „tianxia“ tushunchasini qabul qilgan. Ammo Goguryeo hukmronligi davrida u ilohiy ajdodlarga asoslangan boshqaruv tarzida oʻzgartirilgan. Silla shohligida ham Osmon yorligʻi qabul qilingan, degan ma’umot bor[9]. Lekin eng qadimgi yozuvlarga koʻra, Joseon sulolasi Osmon yorligʻini doimiy davlat mafkurasiga aylantirgan[10].
Ayni mafkura Vyetnamda „Thiên mệnh“ nomi bilan tanilgan. Ilohiy yorliq Vyetnam imperatoriga nasl-nasabiga qarab emas, balki boshqarish qobiliyatiga qarab hukmronlik qilish huquqini bergan. Keyingi va koʻproq markazlashgan Vyetnam sulolalari konfutsiychilikni davlat mafkurasi sifatida qabul qilgan. Bu esa Janubi-Sharqiy Osiyoda Vyetnam vassallari tizimi yaratilishiga olib kelgan va oʻsha tizim Xitoyning markazida Xitoy turuvchi tizimi andozasi bo‘yicha yaratilgan.
Yaponiyada hukumat ushbu konsepsiyani mafkuraviy jihatdan muammoli deb topgan. Shuning uchun shartli va bekor qilinishi mumkin bo‘lgan ilohiy siyosiy legitimlikka ega bo‘lmaslikni afzal bilgan. 703-yilda tuzilgan Yaponiya Tayho kodeksi, asosan, Tan sulolasi hukumat tizimining mahalliy sharoitga moslashtirilishi edi. Ammo unda Osmon yorligʻi alohida e’tiborga olinmagan. Keyingi davrlarda bu ehtiyoj bartaraf etildi, chunki Yaponiya imperatorlik xonadoni oʻzini yapon quyosh ma’budasi Amaterasudan ibtido olgan uzluksiz bir shajaradan kelib chiqqan deb da’vo qildi. Shunga qaramay, Yaponiya imperatori Nara va Xeyan davrlarida Fujivara urugʻining kuchli regentlari davlat boshqaruvini oʻz qoʻliga olib, imperatorlar siyosiy jihatdan chetga surilgan. VIII asrdan keyin yapon imperatorlik shajarasining oʻzi buzilmagan boʻlsa ham, haqiqiy siyosiy hokimiyat Xitoy sulolalariga oʻxshash tarzda regentlar va syogunlarning ketma-ket sulolalari qoʻlida boʻlgan. 1868-yilda Meydzi inqilobidan keyin ham imperator siyosiy hokimiyat markaziga qaytarilganda, taxtning oʻzi Meydzi oligarxiyasiga nisbatan juda kam kuchga ega edi. Meydzi inqilobidan beri haqiqiy siyosiy hokimiyat kamida quyidagi toʻrtta tizimdan oʻtgan: Taysho demokratiyasi, militaristlar, Yaponiyani bosib olish va urushdan keyingi demokratiya. Zamonaviy davrda imperator mustaqil hukmron emas, balki faqat vakillik funksiyalarini bajaradi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Szczepanski. „What Is the Mandate of Heaven in China?“. About Education. 2014-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 28-iyun.
- ↑ 2,0 2,1 Tignor, Robert L., et al. (2014).Worlds Together, Worlds Apart. 4th ed., vol. 1, W.W. Norton & Company
- ↑ „Qin Dynasty“.
- ↑ Porter, Jonathan. Imperial China. Rowland & Littlefield, 2016. ISBN 978-1442222922.
- ↑ Mencius.. Mencius, Lau, D.C. (Dim Cheuk), Rev., London: Penguin, 2004. ISBN 978-0140449716. OCLC 56648867.
- ↑ Ming-sho Ho, Challenging Beijing's Mandate of Heaven: Taiwan's Sunflower Movement and Hong Kong's Umbrella Movement (Temple University Press, 2019).
- ↑ Thomas B. Gold, "Occupy Central/Sunflower: Popular Resistance in Greater China." Foreign Policy Research Institute E-Notes (Oct. 2014) online (Wayback Machine saytida 2019-10-30 sanasida arxivlangan)
- ↑ Jenkins. „Why the North Vietnamese will keep fighting“. RAND. Qaraldi: 5-dekabr 2015-yil.
- ↑ Korea's Ancient Koguryŏ Kingdom: A Socio-Political History. Brill, 13-mart 2014-yil. ISBN 9789004262690.
- ↑ „South Korea's President Lost the 'Mandate of Heaven'“.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jiang, Yonglin. The Mandate of Heaven and The Great Ming Code, Asian Law Series. University of Washington Press, 2011. ISBN 978-0295990651.
- Lee Jen-der (2014), „Crime and Punishment: The Case of Liu Hui in the Wei Shu“, Early Medieval China: A Sourcebook, New York: Columbia University Press, 156–165-bet, ISBN 978-0-231-15987-6.
- Mote, F.W.. Imperial China: 900–1800. Cambridge, MA: Harvard University Press, 1999. ISBN 0-674-01212-7.