Omon Muxtor
Muxtor Sulaymonovich Omonov | |
---|---|
Tavalludi |
16-iyul 1941-yil Buxoro shahri |
Vafoti |
10-may 2013-yil (71 yoshda) |
Taxallusi | Omon Muxtor |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Omon Muxtor (asli ismi: Muxtor Sulaymonovich Omonov; 16-iyul, 1941 — 10-may, 2013) Buxoro shahrida tavallud topgan. Mashhur aktyor Baxtiyor Ixtiyorov bilan sinfdosh boʻlgan. Yozuvchi, shoir, dramaturg boʻlgan. 1958-yil Buxoro shahrida maktabni, 1964-yil Toshkent Davlat Universiteti jurnalistika boʻlimini tugatgan. Bolalar gazetasi, Oʻzbekiston radiosi, Kino qoʻmitasida ishlagan. Adabiyot nashriyotida muharrirlik qilgan. 1983-yildan „Sharq yulduzi“ jurnalida ishlab keladi. Vafotidan avval jurnalning bosh muharriri edi.
Omon Muxtorning „Yogʻdu“ (1979), „Marvarid“ (1985), „Shiddat“ (1990) va boshqa sheʼr toʻplamlari, tarjima kitoblari bosilgan. Bundan tashqari kattalar va bolalarga moʻljallangan yangi ertaklar, xayoliy manzaralardan iborat bir necha kitoblari ham nashr etilgan. Adib qator hikoyalar va qissalar kitoblari muallifi, „Nigoh“ (1968), „Qushlar va tushlar“ (1971), „Shaharlik kelinchak“ (1973), „Vazifa“ (1988), „Oʻlmagan jon“ (1995) singarilar shular jumlasidan. Uning qahramonlari oddiy kasb-hunar kishilari. Sheʼrlarida ham, hikoya va qissalarida ham yozuvchi birovga ergashmaydi, oʻzi topgan aniq fikr bilan jonli manzara chizishga urinadi. Ayniy, Fitrat, Gʻafur Gʻulom kabi ustozlardan saboq olgani sezilib turadi.
Omon Muxtor dastlab „Yillar shamoli“ (1976) va „Egilgan bosh“ (1989) degan ikki roman eʼlon qildi. Bu romanlar keyinchalik „Buxorolik bir yigit“ (1998) va „Oʻlmagan jon“ (1995) kitoblarida qayta nashr etildi. Yozuvchining shundan soʻng „Toʻrt tomon qibla“ trilogiyasi („Ming bir qiyofa“, „Koʻzgu oldidagi odam“, „Tepalikdagi xaroba“ romanlari) (2000) bosildi. U yana „Ffu“, „Ayollar mamlakati va saltanati“ (1997), „Aflotun“ (1998), „Maydon“ („Sharq yulduzi“ jurnali 2001-yil 1-son) romanlarini yozdi. Dastlabki ikki romani maʼlum darajada anʼanaviy uslubda boʻlsa, keyingi romanlar oʻz shakli va yoʻnalishi bilan butunlay yangichadir. Ular asosan, oʻzbek xalq ertaklari, qissalari, dostonlari va afsonalariga suyangan holda, bu kungi inson hayotini aks ettirish bilan birga, uning xayol olamiga, ruhiyatiga sayohatni eslatadi. Adib ijodiga xos boʻlib kelgan falsafaga moyillik bu romanlarda boʻrtib koʻrinadi. Inson qismati ham, uning ruh olami ham naqadar murakkab ekanligini aks ettiradi.
Omon Muxtor 2013-yil 10-may kuni vafot etdi.[1]
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Omon Muxtor. Ming bir qiyofa. Roman. Toshkent, „Sharq“, 1994.
- Omon Muxtor. Koʻzgu oldidagi odam. Qissa va roman. Toshkent, Adabiyot va sanʼat, 1996.
- Omon Muxtor. Ayollar mamlakati va saltanati. Romanlar. Toshkent, „Sharq“, 1997.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qoʻshjonov M. „Ishq ahli“ romani haqida. „Sharq yulduzi“ jurnali, 2001, 1-son.
- Otaboev Ahmad. Romanga soʻz. „Yoshlik“ jurnali, 1996, 6-son.
- Otaboev Ahmad. Roman haqida soʻz. „Sharq yulduzi“ jurnali, 1999-yil, 1-son.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Шоир ва ёзувчи Омон Мухтор вафот этди“. kun.uz (2013-yil 10-may). 7-sentabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13-may 2013-yil.