Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston 24

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Oʻzbekiston 24
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Namoyish vaqti kunu-tun
Namoyish hududi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til(lar)i Oʻzbek tili
Rus tili
Ingliz tili
Boshqaruv markazi Toshkent shahri
Mazmuni axborot-maʼrifiy
Efirga chiqqan 24-iyul 2017-yil

Oʻzbekiston 24Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanal[1][2]. Telekanal sutkasiga 24 soat faoliyat olib boradi. Oʻzbekistondagi va jahondagi siyosat, iqtisodiyot, biznes, madaniyat, texnologiya va shu kabi sohalarga oid yangiliklarni va reportajlarni efirga uzatadi.

2017-yil 2-may kuni oʻzbek ommaviy axborot vositalarida sobiq „Diyor“ telekanali oʻrnida „Oʻzbekiston 24“ telekanali tuzilishi haqida xabarlar tarqaldi[3]. 4-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti „Oʻzbekiston 24“ axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi[4]. Qarorga muvofiq telekanalning umumiy shtat birliklari soni 251 ta etib belgilangan. 2017-yil iyun oyining boshlarida Xalqaro press klubda telekanal direktori Ozod Hamidxoʻjayev telekanal ochilgunga qadar radiokanal, veb-sayt undan keyin telekanal ochilishini maʼlum qilgan. Bunda efir vaqtining 70 foiz qismi oʻzbek tilida, 25 foizi rus tilida hamda 5 foiz qismi ingliz tilida yangiliklar berib borilishi aytilgan. „Oʻzbekiston“ telekanalidagi „Axborot“ teledasturi ham „Oʻzbekiston 24“ ga oʻtkazilgan[5]. Telekanal rasmiy ravishda 2017-yil 24-iyul kuni ilk marotaba efirga uzatilgan. Bundan bir oylar oldin, ommaviy axborot vositalarida telekanal 27-iyun „Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni“ munosabati bilan, shu sanada efirga chiqishini taxmin qilishgan, biroq Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bu xabarlarni tasdiqlamagan edi[6][7].

Telekanal oʻz faoliyatini tun-u kun 24 soatlik rejimda amalga oshiradi. „Intervyu-24“, „Tafsilot“, „Maxsus reportaj“, „Taraqqiyot formulasi“ va „Studiya-24“ koʻrsatuvlari efir vaqtlarining asosiy qismini tashkil etadi.