Nuʼmon I
Nuʼmon I | |
Laxmiylar davlati (hozirgi Saudiya Arabistoni shimoli sharqi) podsho | |
Hukmronligining boshlanishi: | IV asr oxiri |
---|---|
Hukmronligining tugashi: | 418 |
Oʻtmishdosh: | Imru ul-Qays II |
Voris: | al-Munzir I |
Tugʻilgan sanasi: | IV asr |
Farzandlari: | al-Munzir I |
Sulola: | Laxmiylar sulolasi |
Otasi: | Imru ul-Qays II |
Nuʼmon I – Laxmiylar sulolasidan boʻlgan, Laxmiylar (Hira) davlati podshohi. Imru ul-Qays ІІ Laxmiyning oʻgʻli Nuʼmon I davrida Hira (Laxmiylar) davlati yuksaldi. Nuʼmon I arab dunyosida „moʻjiza“ hisoblangan Havarnaq va Sidir saroylarini qurdirganligi bilan tarixda nom qoldirgan[1].
Havarnaq saroyi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havarnaq saroyi bilan bogʻliq bir qancha arab rivoyatlari yetib kelgan. Rivoyatlardan birida aytilishicha, Eron shohi Yazdigard I Sosoniy (399—420) farzandlari nobud boʻlavergach, havosi har qanday balo-qazodan toza joyni surishtirganda unga, Hira yeridagi bir togʼ yonbagʻrini aytishadi. Shunda u endi tugʻilgan oʻgʻli Bahrom Goʻrni Nuʼmonga berib, unga bir maskan qurib, arab badaviylari orasida oʻstirishni soʻrabdi. Havarnaq saroyini vizantiyalik Sinimmor ismli bir meʼmor qurgan. Bino bitgach, goʻyo u shunday deganmish: „Agar menga haqqimni toʻliq toʻlanishi va yaxshi munosabatda boʻlinishi haqida oldindan kafolat berilganida, quyosh bilan barobar aylanadigan bino qurardim“. Bu gapni eshitgan Nuʼmon I meʼmorni saroy tepasidan tashlab oʻldirishni buyurganmish.
Boshqa rivoyatga koʻra, meʼmor Nuʼmonga bino poydevoridagi bir toshni koʼrsatib, „shu tosh surilsa, bino qulaydi“, – debdi. Boshqa odamlarga ham bu toshni koʻrsatib qoʻyishidan qoʻrqqan podsho Nuʼmon I uni qatl qilganmish. Arab tilida keng ishlatiladigan „Sinimmorning jazosi“ degan ibora shu rivoyatlardan kelib chiqqan[2].
Bahrom Goʻr bilan aloqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Firdavsiyning „Shohnoma“sida aytilishicha, Nuʼmon I Bahrom Goʻrning tarbiyasi uchun toʻrtta jismi sogʻlom, nasabi toza, zehni oʻtkir, odobli, pokiza ayolni tanlabdi, ularning ikkisi arab zodagon oilasidan va ikkisi Eronning badavlat oilalaridan ekan. Shunday qilib, Bahrom Goʻr arab odatida tarbiyalangan va bu keyinchalik Yazdigard І vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan Bahrom Goʻrga (420—438) Eron zodagonlari va ruhoniylarining adovat qilishiga yana bir sabab boʻladi. Nuʼmon I ning oʻgʻli al-Munzir I (418—462) Bahrom Goʻrga Eron taxtiga oʻtirishda va Eron zodagonlari hamda ruhoniylariga qarshi kurashda yordam bergan[3].
Tashqi siyosat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nuʼmon I faol tashqi siyosat olib borgani haqida maʼlumotlar bor. U bir necha bor Suriya yerlariga bostirib kirgan. Nuʼmon I armiyasida tannux qabilasidan tuzilgan ikki qism (davsar) va forslardan yollangan bir qism (shahbo) boʻlgan[4].
Xristianlik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baʼzi arab tarixchilari Nuʼmon I xristian diniga kirgan birinchi Hira podshosi deb hisoblaydilar Bu haqda aniq hujjat yoʻq. Ammo Isfahoniy taʼrifiga koʻra, bir muncha muddat aysh-ishrat, rohat-farogʻatda yashab turgan Nuʼmon I birdan hayot tarzini oʻzgartirib, darveshona yashay boshlagan. Yana shu narsa maʼlumki, ayni Nuʼmon hukmronligi davrida Hirada xristian dini keng tarqalgan va xatto 410-yili Hiraga maxsus usquf (yepiskop) tayinlangan[5].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2001. 120-bet.
- ↑ Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2001. 120-121-betlar.
- ↑ Грюнебаум Г. Э. Основные черты арабо-мусульманской культуры. Статьи разных лет. – М., 1981. 227 с.
- ↑ Грязневич П. А. Аравия и арабы. Письменные памятники и проблемы истории культуры народов Востока, 1977, т. 12. С. 122-131.
- ↑ Грязневич П.А. В поисках затерянных городов. – М.: Наука, 1981. 364 c.