Mustye madaniyati
Mustye madaniyati, mustye davri — ilk paleolit davriningeng soʻnggi madaniyati (mil. av. 150—40 ming yillik). 19-asrning 60-yillarida fransuz arxeologi G. Mortilye Fransiyaning janubi-gʻarbidagi Le-Mustye (Le Moustier) gʻoridan suyak va tosh qurollar topganligi uchun shu nom bilan yuritiladi. Bu davrda yashagan odamlar ne-andertallar nomi bilan fanga kirgan. Mustye madaniyati uchun gardishsimon nukleus va 3 burchakli tosh parrakchalar xos boʻlib, ular yogʻoch yoʻnish, ishlash, kiyim va qurol tayyorlashda ishlatilgan. Mustye davrida nayzasimon tosh qurol, oʻroq, randa, qumtosh yoki ohaktoshdan yasalgan sharlar, Mustye madaniyatining oxirida esa keskich asboblar — qirgʻich, pichoq hamda suyak qurollar paydo boʻlgan. Mustye davrida odamning jismonii qiyofasi takomillasha borgan. Qad. odam (pitekantrop va sinantrop) oʻzgarib, hozirgi tipdagi odamga yaqinroq boʻlgan neandertal shakliga kiradi. Bu odam miyasida nutq markazi yuzaga keladi hamda uning jismonii qiyofasi oʻzgara boradi, bu uning ish vaqtida erkin harakat qilishini taʼminlaydi. Olovni saqlab qoʻyishdan uni ishqalash yoʻli bilan hosil qilishga oʻtilishi Mustye davrining muhim yutugʻidir. Toshni ishlashda levallua texnikasidan foydalanilgan. Mustye madaniyatida gʻor va ochiq manzil-gohlarda neandertal odamlar yashab, mamont, ayiq, shimoliy bugʻusi kabi hayvonlarni ovlab, isteʼmol qilishgan hamda terimchilik bilan shugʻullangan. Mustye davri qarorgohlarida oʻchoq, kuygan suyak va kabrlar uchraydi. Qabrlar va ulardan topilgan buyumlar dafn marosimlarida diniy eʼtiqodlar turila boshlaganini koʻrsatadi. Mustye madaniyati yod-gorliklari Yevropa, Afrika, Yaqin Sharqda, Rossiyaning Yevropa qismida, Kavkaz, Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda topib tekshirilgan. Oʻzbekistonda — Surxondaryo (Teshiktosh gʻori), Samarqand (Omonqoʻton gʻori, Qoʻtirbuloq ma-koni, Zirabuloq, Xoʻjamazgil makoni), Toshkent viloyati (Obirahmat gʻori, Koʻlbuloq makoni, Xoʻjakent makoni, Paltov), Fargʻona vodiysi (Qalʼacha makonlari, Soʻx daryosidagi makonlar), Navoiy viloyati (Uchtut)da Mustye madaniyati yodgorliklari topilgan va tekshirilgan. Hozirgi vaqtda Oʻrta Osiyoda neandertal zamondoshlari yashagan makonlar 90 dan ortiq joyda uchratilgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston xalqlari tarixi, 1-j., T.. 1992.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |