Kontent qismiga oʻtish

Muhammad al-Avsat ibn Ali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad al-Avsat ibn Ali
Tavalludi
Muhammad al-Avsat ibn Ali

milodiy 632-yil
(hijriy 12-yil)
Vafoti milodiy 684-yil (hijriy 19-may)
(hijriy 64-yil Ramazon oyi)
Aran, Isfahon ustoni, Eron
Otasi Ali
Onasi Umoma binti Abu al-Os

Muhammad al-Avsat ibn Ali (arabcha: محمد الأوسط بن علي) – xalifa Alining oʻgʻli. Onasi Umoma binti Abu al-Os Zaynab binti Muhammadning qizi, Islom paygʻambari Muhammad va Xadicha binti Xuvaylidning nabirasi boʻlgan. Maqbarasi Eronning Isfahon ustoni Aran shahrida joylashgan[1].

Muhammad al-Avsat shia olimlari tomonidan koʻp marta zikr qilingan. U haqida al-Voqidiydan rivoyat qiluvchi at-Tabariy tomonidan bir qancha maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, xalifa Ali ibn Abu Tolib paygʻambar Muhammadning nabirasi Umomaga uylangani, ulardan Muhammad al-Avsat dunyoga kelgani aytiladi[2][3]. Biroq al-Voqidiy tomonidan rivoyat qilingan hadislar sunniy muhaddislar tomonidan ishonchsiz deb hisoblaniladi. Shu sababdan Muhammad al-Avsatning tarixda mavjud boʻlganligi ham shubhalidir. Shia olimi al-Mufid Ali ibn Abu Tolibning oʻgʻillarini sanab oʻtganida Muhammad haqida zikr qilmagan[4].

Biroq Muhammad al-Avsat haqida maʼlumot bergan olimlar ham yetarlicha[5]. Uning nomi bir qancha tarixchilar, jumladan, Ibn Shahrashub, al-Majlisiy, Nuriddin bin as-Sabbogʻ al-Molikiy, Abu al-Faraj bin al-Javziy, Sibt ibn al-Javziy, al-Hofiz al-Kanjiy ash-Shofeʼiy, ash-Shablaji ash-Shofeʼiy, Kamoliddin ibn Talha, al-Muhib at-Tabariy va Ibn Hojar al-Asqaloniy kabi olimlar tomonidan ham tilga olingan[6].

Muhammad al-Avsat haqida tarixchilar uning mavjudligini tan olishdan tashqari hech qanday maʼlumot bermagan[7]. Muhammad Rizo ash-Sheroziyning oʻgʻli Abdulmajid oʻzining „Zaxirat ad-Darayn“ kitobida Muhammad al-Avsat Karbalo jangida qatnashganligi va oʻsha jangda shahid boʻlgunga qadar Husayn ibn Alining oldida turib jang qilgani haqida zikr qilgan[8]. Garchi uning ushbu jangda shahid boʻlganligi ehtimoli katta boʻlsa-da, koʻpchilik zamonaviy va eski manbalarda Muhammad al-Avsatning shahid boʻlganligi haqida soʻz yuritilmaydi[9][10]. Aranlik mulla Gʻulomrizo Araniy muallifligida hijriy 1242-yilda (milodiy 1826-yil) yozilgan „Risola Hiloliya“ nomli qoʻlyozma mavjud boʻlib, ushbu qoʻlyozmada Eronning Aran va Bidgol shahrida Muhammad al-Avsatning ziyoratgohi va taxminiy qabri joylashganligi haqida maʼlumotlar bergan.