Kontent qismiga oʻtish

Xasmol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Milkakdan yoʻnaltirildi)
Xasmol
KXK-10 L03.0
KXK-9 681.01
MedlinePlus 001444

Xasmol (milkak, panaritsiy) — qoʻl barmogʻi toʻqimalarining oʻtkir yiringli yalligʻlanishi. Koʻpincha barmoqning oxirgi (tirnoq) falangasidagi mayda jarohatga (yoriq, tirnalgan, tikan, zirapcha kirgan, pichoq kesgan, sanchilgan) yiringlatuvchi mikroblar kirishidan paydo boʻladi. Yalligʻlanish yuzada (terida, tirnoq yaqinida) va chuqur (teri ostida) payda, boʻgʻimda, suyaksa boʻlishi mumkin. Yuza X.da yiring epidermis ostida yigʻiladi; atrofidagi teri qizaradi, ogʻriydi (asosan, achishish seziladi). Pufak astasekin kattalashadi, bunda yiringli yalligʻlanish kamdankam hollarda chuqurroq joylashgan toʻqimalarga oʻtadi. Tirnoq yaqinidagi X.da yiringli pufak tirnoq gardishi terisida hosil boʻladi. Agar yiring tirnoq ildizi ostiga oʻtsa, tirnoq osti X.i deyiladi va bu, odatda, tirnoq koʻchib tushgandan soʻng yoʻqoladi. Chuqur X., odatda, barmoqning kaft yuzasida, avvaliga teri ostida paydo boʻladi. Bu yuzadagi teri qalin boʻlganidan uning ostida hosil boʻladigan yiring uzoq vaqtgacha tashkariga yorib chiqa olmaydi, natijada payga, boʻgʻimlarga va suyakka oʻtadi, baʼzan ularni bir vaqtning oʻzida shikastlantiradi. Bunda kuchli ogʻriq paydo boʻladi, kasallangan barmoq bezillab turadi. Barmoqni qimirlatganda, uni bukib yozganda ogʻriqning kuchayishi X.ning pay yoki boʻgʻimga oʻtganligini bildiradi. X.ning har qanday shakli va ayniqsa, chuqur X. noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. X.ning oldini olishda barmoklarni shikastlanishdan asrash, qoʻlni toza tutish, tirnoq olshpda ehtiyot boʻlish zarur. Barmoq terisi salgina shikastlanganida uni toza suv bilan yuvib, yod, spirt surtish va oʻsha joyni steril bint bilan bogʻlash lozim. X.ni oʻz bilgicha davolash yaramaydi. Davosi: konservativ muolajalar (UVCH, ultratovush, kvars) oʻtkaziladi, agar ular naf bermasa jarrohlik usuli qoʻllanadi.[1]

Etiologiyasi va patogenezi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fayl:Xasmol.JPG
Xasmolda ko‘p tarqalgan kesish usuli[2].

Kasallik qoʻzgʻatuvchisi koʻproq stafilokokklar (77-80 foiz hollarda), kamroq aralash infeksiyadir. Koʻp hollarda kasallik mayda shikastlardan (nina uchi kirib ketishi, shilinish), yot jismlarning kirib qolishi (oynaning mayda zarralari, zirapchalar) dan, baʼzan esa manikyurdan soʻng boshlanadi. Yalligʻlanishning avj olishi koʻp jihatdan barmoqlarning anatomik tuzilmasi xususiyatlariga bogʻliqdir. Kaft tomonda teridan pay qinlariga, suyak falangalariga va panja oʻzagi suyaklariga yoʻnalishda fibroz tolalar perpendikulyar holda oʻtadi. Bu tolalar toʻqimalarning maʼlum qattiqlashuvini va barmoqlarning kaft yuzasidagi terisi harakatning cheklanishini vujudga keltiradi. Yalligʻlanish kuchaygan sari shish kattalashib boradi, yiring tashqariga yorib chiqa olmaydi, shu tufayli u chuquroqqa kira boshlaydi. Kaftda tegishli fassiyalar va paylar oʻrtasida joylashgan chuqur va yuza fassiya boʻshliqlari yiringli jarayonning bundan keyin qanday tarqalishini belgilaydi. Shuningdek, infeksiya pay va sinovial qinlari boʻylab ham tarqaladi; bu qinlar II, III va IV barmoqlarda birbiridan holi joylashadi, I va V barmoqlarda esa ular bilak suyagi va tirsak sinovial xaltalari orqali birikadi. Ikkala xalta bilak kanali sohasidagi kaft chuqurligida koʻpincha bir-biriga tegib turadi, mana shuning uchun ham yalligʻlanish bir boʻshliqdan ikkinchisiga oʻtishi mumkin. Shuningdek, yiringli jarayonning bilakka oʻtish xavfi ham bor Tasnifi. Tasniflash odatda anatomik prinsip asosida amalga oshiriladi.

Xasmollarning quyidagi turlari tafovut qilinadi :

1) teri xasmoli — yuzaki limfatik erizipeloid;

2) teri osti xasmoli — distal falangada oʻrta va asosiy falangada barmoqlar orqa sathida;

3) pay qini xasmoli — tarqalgan chegaralangan;

4) suyak xasmoli — oʻtkir surunkali;

5) boʻgʻim xasmoli — boʻgʻim-suyak boʻgʻim;

6) tirnoq xasmoli — tirnoq osti xasmoli tirnoq yoni xasmoli — paronixiya;

7) pandaktilit — quruq nekroz turi hoʻl nekroz turi aralash turi.

Teri xasmoli mayda jarohatlar natijasida kelib chiqadi. Yalligʻlanish jarayoni epidermis qavati ostida, kaft yuzasida va orqa tomonida kechadi. Patologik-anatomik manzarasi. Dastlab terining epiderma qavati ostida yiringli sargʻish pufakcha paydo boʻladi. Yiringli ekssudat epidermisni asta-sekin qatlamlab koʻchira boshlaydi. Mahalliy giperemiya va

limfangitning paydo boʻlgani aniqlanadi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yalligʻlanish bir falanga doirasida cheklanadi. Dastlab shish paydo boʻladi, teri qizarib ketadi. Bir-ikki kundan soʻng esa yiringli pufakcha kattalashadi. Yalligʻlanishda nisbatan umumiy

reaksiya sezilmaydi.

Teri xasmoli jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Koʻchib tusha boshlagan epidermis qatlamlari steril qaychi bilan kesib tashlanadi. Koʻpincha teri osti qatlamiga ochilgan teshik yaraga sintomitsin emulsiyasidan bogʻlov qoʻllanadi. Barmoqni immobilizatsiya qilish zarur. Jarayonning dastlabki bosqichida barmoqni issiq suvga tiqib turish yoʻli bilan (bir kecha-kunduzda 4-6 marta) toʻxtatish mumkin.

Teri osti xasmoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bunda yalligʻlanish jarayoni teri osti qatlamida rivojlanadi, koʻproq u falanganing kaft tomonida joylashgan boʻladi. Teri osti xasmoli nisbatan koʻproq uchrab turadi va panjaning barcha yiringli kasalliklarining 45-50 foizini tashkil etadi.

Patologik-anatomik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shish bannoqning orqa yuzasida, toʻqimalar zichligi kam boʻlgan joyda rivojlanadi. Yogʻ qavatining nekrozlanishi va yiringli yemirilishi tezlik bilan boshlanadi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qon aylanishining darhol buzilishi natijasida oʻqtin-oʻqtin qattiq ogʻriq turadi. Ogʻriq tufayli uyqusizlik kelib chiqadi, ishtaha boʻgʻiladi. Barmoq shishadi, teri kerikadi. Yalligʻlanish markazida ogʻriq birdaniga zoʻrayadi. Jarayon chuqurroqqa tarqalgani sababli flyuktuatsiya boʻlmaydi, shishda teri taranglashgani kuzatiladi. Intoksikatsiya belgilari bemoming oʻzini yomon his qilishi, haroratning koʻtarilishi (37,5-38°C), koʻproq et uvishishi kabi jarayonlarda kuzatiladi.

Dastlabki bosqichda issiq vannachalar, spirtli kompresslar qoʻllanadi. Jgut bilan bogʻlangan venaga antibiotiklar yuboriladi. Teri osti xasmolini davolashning asosiy metodi

kasallikni tezroq jarrohlik yoʻli bilanʼdavolashdir, uni yalligʻlanish jarayoni avj olayotgan paytda bemorning birinchi uyqusiz tunidan kechiktirmay amalga oshirish tavsiya etiladi. Operatsiya novokainning 1-2 foizli eritmasi bilan mahalliy anesteziya ostida, OberstLukashevich metodi boʻyicha amalga oshiriladi. Bunda venaga yuboriladigan yoki ingalyatsion qisqa muddatli narkozdan ham foydalaniladi. Kesma yetarlicha keng boʻlishi, lekin u barmoqlar va panja funksiyasiga zarar yetkazmaydigan boiishi kerak . Nekrotik toʻqimalar olib tashlanadi. Infiltrat bosqichida ham insiziya tavsiya etiladi, bu toʻqimalar zoʻriqishini kamaytiradi va nekroz paydo boʻlishining oldini oladi. Kesish yon va kaft (volyar) chegarasida (Klapp usuli) yoki barmoqning orqa (dorzal) yuzasida amalga oshiriladi. Kesma avval bir tomondan oʻtkaziladi, keyin pinset yara orqali barmoqning karama-qarshi tomoniga oʻtkazilib,

kontrapertura qilinadi va u orqali rezina tasma oʻtkaziladi. Oxirgi falanga sohasida oval va yarim oval shaklidagi kesma qoʻllanadi; bunday kesmalar yordamida nekrotik yiringli oʻchoqni yaxshiroq aniqlash, kesib tashlash va drenaj qilish mumkin. Keyingi yillarda nekroz oʻchogʻi kesib tashlanib, yara antibiotiklar bilan tozalangandan soʻng, tuzalish

muddatini ikki baravar qisqartiradigan zich chok (V.I.Struchkov) solish usulidan foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda. Operatsiyadan keyingi davrda antiseptik eritmali vannachalar,

antibiotiklarni mahalliy yuborish, UYUCH, UFO, davolash gimnastikasi qoʻllanadi. Yaradan yiring suyuqligi oqib chiqishi toʻxtamaguncha drenaj qilish davom ettiriladi.

Pay xasmoli (Pay qini xasmoli, tendovaginit)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pay qinining hamda pay sinovial pardasining yalligʻlanishi panjaning eng ogʻir yiringli kasalliklaridan biri hisoblanadi. Yiringli jarayon odatda ikkilamchi hoi sifatida paydo boʻladi. Bunga teri osti, boʻgʻim yoki suyak xasmollaridan, ayniqsa, oʻz vaqtida jarrohlik yoʻli bilan davo qilinmagan hollarda oʻtgan infeksiya sabab boʻladi.

Patologik-anatomik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pay qinida va sinovial pardasida seroz yalligʻlanish avj oladi. Ekssudat tezda serozfibrinoz, keyin esa yiring tusini oladi. Toʻqimalarning shishishi rivojlanadi. Payda qon aylanishining

buzilishi yuz beradi, pay nekrozga uchrab, yemiriladi. I barmoq pay qinining shikastlanishi V barmoq pay qiniga oʻtishi mumkin (panjaning V-simon flegmonasi), I va V barmoqlarning yiringli iendovagnitlari kaftning bilak va tirsak sinovial qinlari vositasida Paron-Pirogov boʻshligʻi orqali oʻtib, bilak flegmonasini yuzaga keltiradi. Paron-Pirogov boʻshligʻi

bilakning chuqur qatlamlaridajoylashgan boʻlib, orqa tomondan kvadrat pronator, bilak suyaklari va chuqur kaft fassiyasi bilan, old tomondan esa barmoqlarning chuqur bukuv mushak paylari va bosh barmoqning uzoq bukuv paylari bilan chegaralangan.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Payda qattiq ogʻriq paydo boʻladi. Barmoqlarning shishgani maʼlum boʻladi, bemor ularni yarim bukib oladi. Barmoqni toʻgʻrilashga harakat qilinsa ogʻriqning birdaniga kuchayib ketishi

kuzatiladi, bu esa uning xarakterli siptomidir. Barmoqlarning yiringli tendovaginiti umumiy buzilishlar — bosh ogʻrishi, darmonsizlik, yuqori harorat bilan birga kechadi. Ayniqsa, I va V barmoqlarning yiringli tendovaginitlari xavflidir.

Kasallikning dastlabki soatlaridayoq pay qinini punksiya qilib, ekssudatni chiqarib yuborish va oʻz navbatida antibiotiklarni yuborish tavsiya etiladi. Pay qiniga 1-2 ml suyuqlikdan ortiq sigʻmaydi, shuning uchun antibiotiklar yuqori konsentratsiyada yuboriladi. Jgutdan foydalanib antibiotiklarni venaga yuborish afzal va bunda qoʻl immobilizatsiya qilinadi.

Agar konservativ davo foyda bermasa, jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi. Yalligʻlanish oʻchogʻini yorish asosiy falanganing oldingi yon yuzasi boʻylab parallel kesmalar qilish, ayni paytda, noaniq(yopiq) qinni ochish uchun kaftda qoʻshimcha kesmalar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Yaralar rezina chiqaruvchilar bilan drenaj qilinadi, bunda pay tutqichiga zarar yetkazmaslik uchun rezinalar pay ostidan oʻtkaziladi. Agar zaruriyat tugʻilsa, bilakda qoʻshimcha kesmalar qilinadi. Hozirgi paytda yiringli tendovaginit operatsiya qilinganda

koʻproq zich chok solish qoʻllanilmoqda.

Suyak xasmoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suyak xasmoli falanga osteomiyeliti turlaridan biridir. Infeksiya odatda, teri osti xasmoli notoʻgʻri yoki boshqa bir xasmol oʻz vaqtida davolanmaganligi natijasida falangani ishdan chiqaradi.

Patologik-anatomik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlabki bosqichda suyak toʻqimasining mayda infiltratsiya oʻchogʻi kuzatiladi. Keyinchalik yiringli imbibitsiya, osteoporoz oʻchoqlari rivojlanadi, oqma yaralar orqali chiqib turuvchi suyak sekvestrlari paydo boʻladi. Granulyatsion toʻqimalarning intensiv taraqqiy etishi, vaqti kelib esa barmoqning deformatsiyalanishi

aniqlanadi. Suyak xasmoli subtotal va total suyak distruksiyasini keltirib chiqaradi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suyak xasmoli koʻproq oxirgi falangani shikastlantiradi. Barmoq oʻqtin-oʻqtin tutadigan qattiq ogʻriq, tirnoq falangasining urchiqsimon qalinlashuvi bilan xarakterlanadi. Koʻpincha

kasallikning ikkinchi haftasi oxiriga borib, yiringli teshik yaralar paydo boʻladi. Suyak xasmoli odatda teri osti, boʻgʻim xasmolining asorati sifatida namoyon boʻladi. Jarayon bir necha haftalarga, hatto oylarga choʻzilishi mumkin. Oʻziga xos qoʻziqoringa oʻxshash granulyatsiya rivojlanib, yaradan mayda suyak boʻlakchalari chiqib turishi bilan birga kechadi.

Rentgenogrammalarda osteoporoz, destruksiya va falangalar sekvestratsiyasi kuzatiladi.

Ilk bosqichlarda antibiotiklarni, jgut yordamida vena va arteriya tomirlariga yuborish tavsiya etiladi. Agar qisqa muddatli konservativ terapiya yordam bermasa, jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi. Oxirgi falanga sohasidagi yiring oʻchogʻi yarim oval shaklida kesib ochiladi. Agar oʻrta va asosiy falangada jarayon boʻlsa nekrsekrestvektomiya ikki yon tomondan kesma qilinib bajariladi. Nekrotik kletchatka tag-tomiri bilan kesilib olib tashlanadi, yara drenaj qilinadi. Yirik sekvestrlar mavjud boʻlgan hollarda halok boʻlgan suyak parchalarini olib tashlash tavsiya etiladi. Birlamchi zich chok solish ham mumkin.

Boʻgʻim xasmoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻpincha teri osti va suyak xasmoli tufayli yiringli jarayonning tarqalishi oqibati sifatida paydo boʻladi. Shuningdek, mikroorganizmlar boʻgʻimga yorilgan yaralar va ochiq shikastlar orqali ham oʻtadi. Falangalararo yoki panja-falanga boʻgʻimlarining yiringli yalligʻlanishi kuzatiladi.

Patologik-anatomik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlabki bosqichda boʻgʻim boʻshligʻida bir necha kun davomida yiringga aylanadigan seroz ekssudat paydo boʻladi. Togʻaysimon boʻgʻim sathi yemirilishga uchraydi va

jarayon suyak toʻqimasiga oʻtadi. Ayni paytda boʻgʻim xaltasi va boylam apparatiga putur yetadi. Asta-sekin ankiloz, patologik suyak chiqishlar rivojlanadi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qattiq ogʻriq turadi, barmoq bukilganda u yanada kuchayadi. Shish barmoqning toʻgʻrilangan sathi bilan cheklanadi, boʻgʻim duksimon shaklni oladi. Vaqt oʻtishi bilan patologik yon

harakatlar paydo boʻladi va krepitatsiya aniqlanadi. Patologik suyak chiqishlar boshlanadi, ora-sira teshik yaralar yuzaga keladi. Rentgenogrammalarda boʻgʻim konturlarining destruksiyasi koʻzga tashlanadi.

Boʻgʻimni punksiya qilish va unga antibiotiklar yuborish muhim ahamiyatga ega. Puxta immolizatsiya qilish zarur. Boʻgʻimda yiring boʻlsa, artrotomiya qilinadi, boʻgʻim ikki parallel kesmalar bilan ochiladi va antibioktiklar bilan tozalanadi. Yaraga rezina tasma kiritiladi. Ancha keyingi davrda boʻgʻim sathida rezeksiyasi amalga oshiriladi. Ahyon-ahyonda barmoqni amputatsiya qilishga toʻgʻri kelishi ham mumkin.

Tirnoq osti xasmoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tirnoq ostidagi yiringlash tirnoq ostiga yot jism (zirapcha) kirib qolishi, jarohatni kovlash, shuningdek, tirnoq osti qavatining yiringlashi natijasida avj oladi.

Patologik-anatomik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tirnoq ostida seroz ekssudat rivojlanadi va u koʻp oʻtmay yiringga aylanadi. Tirnoq qatlamlanib koʻchadi. Yiring tashqariga yorib chiqqanda tirnoq ostida teshik yara paydo boʻladi,

granulyatsiyaning jadal avj olayotgani kuzatiladi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik dam-badam boʻladigan kuchli ogʻriq bilan kechadi, tirnoq ostida yiring yigʻilganligi yaqqol koʻrinib turadi. Tirnoq ustidan bosilganda birdan ogʻriq turadi.

Tirnoq osti xasmolining davosi faqat jarrohlik yoʻli bilan tuzatishdir. Baʼzan yalligʻlanish jarayonini toʻxtatish uchun zirapchani chiqarib yuborishning oʻzi kifoya qiladi. Zirapchani sugʻurib olib tashlash uchun tirnoq cheti ponasimon qilib kesiladi. Yiring uncha koʻp yigʻilmagan boʻlsa, zirapcha skalpel yoki perforator bilan tirnoqni trepanatsiya qilish

yoʻli orqali olib tashlanadi. Ogʻirroq hollarda tirnoq butunlay kuyganda tagidan yarim oval shaklida kesilib, tirnoq yonidagi etdan ajratiladi, tirnoq Pean qisqichi bilan ushlab turilib, aylanma harakat bilan olib tashlanadi Ochilgan tirnoq ostiga surtma dorili bogʻlov qoʻyiladi.

Tirnoq yoni xasmoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tirnoq yoni xasmolida yiring tirnoq atrofidagi (yoki uning tomonlaridan birida) yumshoq toʻqimalarda yigʻilganda kuzatiladi. Jarrohlik yoʻli bilan davo qilinadi. Odatda, tirnoq yonini kesish bilan cheklaniladi, kamdan-kam hollarda tirnoqni qisman olib tashlashga toʻgʻri keladi[3].

  1. "Xasmol" OʻzME. X-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Ergashev U.Y.. Xirurgik kasalliklar ToshTA 2020. 
  3. Oripov O.. Umumiy xirurgiya Yangi asr avlodi 2008.