Kontent qismiga oʻtish

Los-Anjeles

Koordinatalari: 34°02′0″N 118°16′0″W / 34.03333°N 118.26667°W / 34.03333; -118.26667
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Los-anjelesdan yoʻnaltirildi)
Los-Anjeles
Shahar
Los-Anjeles
Bayroq
Los-Anjeles
Gerb
34°02′0″N 118°16′0″W / 34.03333°N 118.26667°W / 34.03333; -118.26667
Mamlakat AQSh
Hukumat
 • Mer Karen Bass D
Asos solingan 4-senytabr, 1781-yil
Maydon 1,299.01 km2 (501.55 kv mi)
Markazi balandligi 93 m
Aholisi
3,898,747
Zichligi 3,206.29 kishi/km2
Los-Anjeles xaritada
Los-Anjeles
Los-Anjeles

Los-Anjeles (inglizcha: Los Angeles, ispancha: Los Ángeles, shuningdek, L.A. va City of Angels — Farishtalar shahri nomlari bilan mashhur) — AQSHning Kaliforniya shtatidagi eng yirik shahar. Shahar ichida yashovchi 3.9 milyon aholi hisobiga Los-Anjeles AQSHda Nyu York shahridan keyingi eng yirik shahar hisoblanadi. Shahar Janubiy Kaliforniya mintaqasining tijoriy, moliyaviy va madaniy markazidir. Los-Anjeles O'rtayer dengizi iqlimiga, etnik va madaniy jihatdan rang-barang aholiga ega va shaharni keng miqyosli metropoliya o'rab turadi.

Shaharning asosiy qismi Janubiy Kaliforniya basseynida joylashgan bo'lib, g'arbda Tinch okeaniga tomon, Santa Monika tog'lari orqali shimolda San Fernando vodiysigacha, sharqda esa San Gabriel vodiysigacha cho'zilgan. Hududi 1,210 km2 boʻlgan shahar[1] Los-Anjeles okrugi markazidir va ushbu okrug 9.86 milyon aholisi bilan AQSHdagi eng ko'p aholi istiqomat qiluvchi okrug hisoblanadi. 2019-yilda 4.6 milyon sayyohlar bilan shahar tashrif buyuruvchilar soni bo'yicha AQSHda uchinchi o'rinda turadi.

Los-Anjeles hududida avvaliga mahalliy Tongva qabilalari istiqomat qilgan bo'lib, keyinchalik 1542-yilda Xuan Rodriges Kabrilyo hududni Ispaniya mulki deb e'lon qilgan. 1781-yil 4-sentyabrida ispan gubernatori Felipe de Neve idorasi ostida Yaanga qishlog'i hududida shaharga asos solingan.[2] Meksika mustaqillik urushidan so'ng, 1821-yilda shashar Meksika imperiyasining bir qismiga aylandi. 1848-yilda, Meksika-Amerika urushi yakuniga yetishi bilan Los-Anjeles va Kaliforniyaning boshqa qismlari Guadelupe Hidalgo shartnomasiga ko'ra AQSH tomonidan xarid qilindi va Qo'shma Shtatlarning bir qismiga aylandi. Los-Anjeles 1850-yil 4-aprelda, Kaliforniyaga shtat maqomi berilishidan besh oy oldin munitsipal maqomni qo'lga kiritdi. 1980-yillarda hududda neft topilishi shaharning shiddat bilan o'sishiga sabab bo'ldi.[3] 1913-yilda shaharga Sharqiy Kaliforniyadan suv olib kelish uchun mo'ljallangan Los-Anjeles Akveduktining qurib bitkazilishi shaharning yanada shiddat bilan o'sishiga olib keldi.

Los-Anjeles iqtisodiyoti xilma-xil va ulardan eng mashhuri Gollivud kino sanoatidir. Shaharda shuningdek Amerika qit'asidagi eng tirband konteyner portlaridan biri joylashgan.[4][5][6] 2018-yilda Los-Anjeles metropoliten hududining yalpi ichki mahsuloti $1.0 trillionni tashkil qilib, shahar bu ko'rsatkich bo'yicha jahonda uchinchi o'rinni egalladi.[7] Los-Anjeles 1932- va 1984-yillarda Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qildi va 2028-yilgi O'yinlarga ham mezbonlik qiladi. So'nggi yillarda, Kaliforniya shtati miqyosidagi qurg'oqchiliklar shaharda ham, Los-Anjeles okrugida ham ichimlik suvi xavfsizligi bilan bog'liq xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.[8][9]

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1781-yil 4-sentyabrda "Los Pobladores" nomi bilan tanilgan 44 ispan kelgindilari hududda puebloga (shaharchaga) asos soladi va uni El Pueblo de Nuestra Señora la Reina de los Ángeles — "Bekamiz, Farishtalar Qirolichasi shaharchasi" deb atashadi.[10]

Yevropaliklar kelgunga qadar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yaanga, ispanlar Los-Anjelesga asos solishidan oldin shahar hududida joylashgan Tongva qabilasi manzilgohlaridan biri

Bugungi Los-Anjeles basseyni va San Fernando vodiysida yashovchi mahalliy hindu qabilalari orasida Tongva qabilasi (Ispan mustamlakachiligi davridan buyon qabila bugungi kunga qadar Gabrieleño nomi bilan yuritilib kelmoqda) hukmron mavqega ega boʻlgan. Tongva qabilasining hududdagi markaziy manzilgohi tarixan Yaanga (tongva tilida: Iyáangẚ) qishlog'i bo'lib, bu so'z "zaharli eman manzili" degan ma'noni anglatadi. Aynan shu manzilda keyinchalik ispanlar Pueblo de Los Ángeles manzilgohiga asos solishadi. Iyáangẚ so'zi shuningdek "tutun vodiysi" sifatida ham tarjima qilinadi.[11][12][13][14][15]

Ispaniya hukmronligi ostida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ispan dengiz sayohatchisi Xuan Rodriges Kabrilyo Markaziy Amerikadagi Yangi Ispaniya mustamlaka hududlaridan chiqib shimolga, Tinch okeani qirg'oqlari bo'ylab ekspeditsiyasi davrida 1542-yilda Janubiy Kaliforniya hududini Ispaniya imperiyasi mulki deb e'lon qiladi.[16] Gaspar de Portolà va Fransiskan missioneri Juan Crespí 1769-yil 2-avgustda bugungi Los-Anjeles shahri hududiga qadam bosadi.[17]

1797-yilda ispanlar tomonidan San Fernando Rey de España missiyasiga asos solingan.

1771-yilda Fransiskan friari Xunipero Serra hududdagi birinchi missiya bo'lmish San Gabriel Arcángel missiyasiga asos soladi.[18] 1781-yil 4-sentyabrda "Los Pobladores" nomi bilan atalgan 44 ispan kelgindilari hududda puebloga (shaharchaga) asos soladi va uni El Pueblo de Nuestra Señora la Reina de los Ángeles — "Bekamiz, Farishtalar Qirolichasi shaharchasi" deb atashadi.[10] Bugungi kunda shaharda AQSHdagi eng yirik Rim-katolik arxiyepiskopligi joylashgan. Meksikadan (yoki Yangi Ispaniyadan) kelgan aholining uchdan ikki qismi metis yoki mulat, ya'ni afrikalik, hindular va yevropaliklar aralashmasidan iborat boʻlgan. Manzilgoh o'n yillar davomida kichik rancho shaharchasi sifatida mavjud bo'ldi. Biroq, 1820-yilga kelib shaharcha aholisi tahminan 650 kishiga yetadi.[19] Bugungi kunda pueblo shaharning Los-Anjeles Pueblo Plaza tarixiy qismi va Olvera Street qismlarida joylashgan.[20]

Meksika hukmronligi ostida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kaliforniyadagi so'nggi Meksika gubernatori vazifasini bajargan Kaliforniyalik davlat arbobi Pio Piko Meksika hukmronligi oxiri va Amerikaga qo'shilgandan keyingi davrlarda Los-Anjeles rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatgan.

Yangi Ispaniya 1821-yilda Ispaniya imperiyasidan mustaqillikka erishdi va pueblo endilikda yangi tashkil topgan Meksika Respublikasi tarkibiga kirdi. Meksika hukmronligi davrida gubernator Pio Piko Los-Anjelesni Alta California viloyatining poytaxtiga aylantiradi. Bu davrga kelib yangi tashkil etilgan respublika Los-Anjeles hududida yanada dunyoviylashuv qonunlarini joriy qila boshladi.1846-yilda, Meksika-Amerika urushi davrida, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari matroslari puebloni egallashdi. Bu esa 150 ko'ngilli jangchilarning shaharni qamal qilishiga sabab bo'ladi va bosqinchilar oxir-oqibatda taslim bo'lishga majbur bo'ladi.

Meksika-Amerika urushining bir qismi bo'lmish Kaliforniya istilosidan keyin shaharda Meksika hukmronligiga ham barham beriladi. Bir necha janglar oqibatida amerikaliklar kaliforniyaliklardan nazoratni tortib oladi va to'qnashuvlar 1847-yil 13-yanvarda Cahuenga shartnomasining imzolanishi bilan yakuniga yetadi. 1848-yilgi Guadelupe Hidalgo shartnomasiga ko'ra Meksika-Amerika urushi yakunlanadi va Meksika Los-Anjeles hamda Alta Californianing boshqa qismlarini AQSHga berishga rozi bo'ladi.

AQSH istilosidan so'ng

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1847-yilda Kaliforniyalik Andres Piko va amerikalik Jon Ch. Fremon o'rtasida imzolangan Cahuenga shartnomasi AQSH tomonidan Kaliforniyaning istilo qilinishi jarayonini yakunladi.

1876-yilda Yangi Orleandan Los-Anjelesga tortilgan transkontinental Southern Pacific temir yo'lining va 1885-yilda Santa Fe temir yo'lining qurib bitkazilishi bilan Los-Anjelesga temir yo'llar ham kirib keldi. 1892-yilda shahar va uning atroflarida neft konlari topildi va 1923-yilga kelib bu kashfiyotlar natijasida Kaliforniya AQSHdagi eng yirik neft qazib chiqaruvchi shtatga aylandi va jahonda qazib chiqariluvchi neftning to'rtdan biri aynan shu shtatda qazib chiqarildi.

1990-yilga kelib shahar aholisi 102,000 dan oshib ketdi va bu shaharning suv ta'minotiga bosim o'tkaza boshladi. Uilyam Mulxolland nazorati ostida 1913-yilda Los-Anjeles akveduktining qurib bitkazilishi shaharning o'sishda davom etishiga imkon yaratdi. Shahar xartiyasidagi Los-Anjeles ma'muriyatining shahar chegaralaridan tashqariga suv sotishi, yoki shahar tashqarisini suv bilan ta'minlashini ta'qiqlovchi bandlar tufayli shahar tashqarisidagi ko'plab shaharchalar va aholi punktlari Los-Anjelesga qo'shilishga intilgan. Los-Anjelesda AQSHdagi birinchi munitsipal zonalashtirish amaliyoti joriy qilingan. 1908-yil 14-sentyabrida Los-Anjeles shahar kengashi shaharga tegishli yerlarning aholi istiqomat qilishiga va sanoat ishlab chiqarishi maqsadlarida ishlatishga mo'ljallangan qismlarga bo'linishini e'lon qildi. Yangi qarorda bir xil turdagi uchta aholi istiqomat qilishi uchun mo'ljallangan zonalar tashkil etildi va ularda yerdan sanoat maqsadlarida foydalanilishi ta'qiqlandi. Sanoat maqsadlarida yerda foydalanish deganda chorvachilik fermalari, yog'och kesish fermalari va har qanday mashina kuchidan foydalanuvchi qurilmalar ishlatiluvchi hudud tushunilardi. Bu qonunlar qabul qilgunga qadar ham hududda sanoat ishlab chiqarish obyektlari mavjud boʻlgan. Bu qonun shahar ma'muriyati uchun muammo hisoblanuvchi turli faoliyat turlariga qarshi oldin qabul qilingan qonunlarga qo'shimcha bo'lib xizmat qildi. Bu faoliyat turlariga misol sifatida portlovchi moddalar omborxonalarini, gazni qayta ishlash zavodlarini, neft qazib chiqarish stansiyalarini, kushxonalarni va teri oshlash ustaxonalarini keltirish mumkin. Los-Anjeles shahar kengashi shuningdek shahar ichida yettita sanoat zonalarini tashkillashtirdi. Biroq, 1908-1915-yillar oralig'ida shahar kengashi ushbu uch aholi yashash zonalaridan foydalanishni tartibga soluvchi qoidalarga bir qancha istisnolar kiritdi va bunin oqibatida aholi yashash zonalarining ichida ham muayyan turdagi sanoat ishlab chiqarish obyektlari paydo bo'la boshladi. 1908-yildagi AQSHda munitsipal hududlar zonalashtirish to'g'risidagi qaror va keyingi qarorlar orasida ikki tafovut mavjud. Birinchidan, 1908-yildagi zonalashtirish to'g'risidagi qarorda xuddi 1916-yildagi Nyu-York zonalashtirish qonuni kabi zonalashtirish batafsil shahar xaritasi asosida amalga oshirilmadi. Ikkinchidan, Aholi istiqomat qilish zonalarida aholi istiqomat qiluvchi obyektlar tasniflanmagan; qonun kvartiralar, mehmonxonalar va yakka oila istiqomat qiluvchi obyektlarni bir xil obyektlar sifatida ko'rgan.

XX asr boshlarida Paramount Pictures va boshqa Hollywood kinostudiyalari Hollywoodning dunyo kinosanoati poytaxtiga aylanishiga va Los-Anjelesning global iqtisodiy markaz sifatida shakllanishiga ko'maklashdi.

1910-yilda Gollivud Los-Anjeles shahri tarkibiga qabul qilindi. Bu davrgacha 10 kino kompaniyalari allaqachon Los-Anjeles shahri hududida faoliyat olib borayotgandi. 1921-yilga qadar jahon kino sanoatining 80 foizdan oshig'i Los-Anjelesda to'plangandi. Kino sanoatidan tushgan pul evaziga shahar butun mamlakatni qamrab olgan Jahon iqtisodiy inqirozidan o'zini saqlab qolishga erishdi. 1930-yilga kelib shahar aholisi milyondan oshdi. 1932-yilda shahar Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qildi.

Ikkinchi Jahon urushidan so'ng

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ikkinchi jahon urushi davrida Terminal orolida joylashgan Californiya Shipbuilding Corporation va boshqa shunga o'xshash kompaniyalar Los-Anjeles portining mamlakatdagi eng yirik portlardan biri sifatida shakllanishiga sabab bo'ldi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Los-Anjeles AQSHdagi yirik urush sanoati ishlab chiqarishi markazlaridan biri bo'lib, shaharda yirik kemasozlik va aviatsiya sanoati korxonalari joylashgan. Calship (inglizcha: California Shipbuilding Corporation) kompaniyasi Terminal orolida yuzlab Liberty va Victory kemalarini barpo etgan bo'lsa, Los-Anjeles hududida AQSHning eng yirik aviatsiya kompaniyalaridan oltitasining (Douglas Aircraft Company, Hughes Aircraft, Lockheed, North American Aviation, Northrop Corporation, va Vultee) shtab-kvartiralari joylashgan. Urush davomida, shaharda atigi bir yilda aka-uka Wrightlar 1903-yilda birinchi bora samolyotdan uchgandan beri ishlab chiqarilgan samolyotlardan ko'ra ko'proq samolyotlar ishlab chiqarilgan. Los-Anjelesda sanoat ishlab chiqarishi misli ko'rilmagan darajada o'sdi va buni AQSH Milliy mudofaa kengashidan Uilyam S. Knudsen quhyidagicha ifodalaydi: "G'alaba qilishimizga sabab boʻlgan narsa shuki, biz dushmanni umrida ko'rmagan va mavjud bo'lishini tasavvur ham qila olmaydigan darajada yirik boʻlgan ishlab chiqarish salohiyatimiz bilan mag'lub etdik."

Ikkinchi jahon urushi tugashidan keyin Los-Anjeles o'sishda davom etdi va San Fernando vodiysiga ham kirib bordi. 1950-1960-yillarda shtatlararo magistrallar tizimining kengayishi shahar chetida yashovchi aholi sonining o'sishiga va shaharning qachonlardir dunyodagi eng yirik hisoblangan elektrlashtirilgan temir yo'l qatnov tizimining barham topishiga sabab bo'ldi. Ikkinchi jahon urushi, shahar chetida yashovchi aholining o'sishi va aholi zichligi sababli hududda ko'plab ko'ngilochar parklar qurildi va foaliyat yurita boshladi. Bunga misol sifatida Beverly bulvari va La Cienega ko'chasi kesishuvida joylashgan Beverly Parkni keltirish mumkin bo'lib, keyinchalik u yopildi va o'rniga yangidan Beverly Center barpo etildi.

Shahardagi irqiy kelishmovchiliklar 1965-yilda Watts qo'zg'oloniga sabab bo'ldi va tartibsizliklar oqibatida 34 kishi vafot etdi va 1,000 ortiq kishi jarohatlandi.

1984-yilgi Yozgi Olimpiya o'yinlari ochilish marosimi, Los Angeles Memorial Coliseum majmuasi.

1969-yilda Los-Angelesdagi Kaliforniya universitetidan (UCLA) Menlo Parkdagi Stanford Tadqiqot Institutiga birinchi xabar jo'natilishi bilan Kaliforniya Internet beshigiga aylandi.

1973-yilda Tom Bradley shaharning birinchi qora tanli meri sifatida saylandi va 1993-yilda nafaqaga chiqqunicha besh marotaba o'z lavozimiga qayta saylandi. 1970-yillarda sodir boʻlgan boshqa voqealar qatoriga 1974-yilda Simbionist ozodlik armiyasining JanubiyLos-Anjelesdagi politsiya bilan to'qnashuvlarini va 1977-1978-yillardagi Hillside qotillik ishini keltirish mumkin.

1984-yil boshlarida shahar aholi soni bo'yicha Chikagoni ortda qoldirdi va shu bilan AQSHdagi aholi soni bo'yicfha ikkinchi o'rindagi shaharga aylandi.

1984-yilda shahar ikkinchi marotaba Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezoblik qildi. 14 kommunist davlatlari tomonidan boykot qilingan bo'lsada, 1984-yilgi Olimpiada oʻyinlari moliyaviy jihatdan oldingilar bilan solishtirganda eng muvaffaqiyatlisi va moliyaviy foyda keltirish bo'yicha faqatgina ikkinchisi bo'ldi; birinchi o'rinda 1932-yilgi Yozgi olimpiada oʻyinlari bo'lib, u ham Los-Anjelesda o'tkazilgan.

1992-yilda Simi Valley shahri jurisi tomonidan to'rt Los-Anjeles Politsiya Departamenti (LAPD) zobitlarining Rodney Kingni do'pposlagani videotasviri bo'yicha sud ishi oqlanganidan keyin 29-aprel kuni irqiy nizolar yana avj olib ketdi va keng miqyosli qo'zg'olonlarga sabab bo'ldi.

1994-yilda 6.7 ballik Northridge zilzilasi shaharni larzaga solib, $12.5 milliard zarar va 72 kishining o'limiga sabab bo'ldi. Amerika tarixidagi eng keng yoritilgan politsiya qonunbuzarligi ishlaridan biri bo'lmish Rampart mojarosi bilan asr yakunlandi.

2017-yilda qurilgan Wilshire Grand Center Kaliforniya va AQSH G'arbidagi eng yirik binodir.

2002-yilda shahar meri James Hahn shahar tarkibidagi birliklarning shahardan ajralib chiqishiga qarshi kampaniyani boshladi va oqibatda saylovchilar San Fernando vodiysi va Hollywoodning shahardan ajralib chiqish to'g'risidagi urinishlarini chippakka chiqardi.

2022-yilda Karen Bass shaharning birinchi ayol meri sifatida saylandi va Los-Anjeles AQSHda ayol merga ega boʻlgan eng yirik shaharga aylandi.

Los-Anjeles 2028-yilgi Yozgi Olimpiada o'yinlariga va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi va bu Los-Anjelesni uch marta Olimpiya o'yinlariga mezbonlik qilgan uchinchi shaharga aylantiradi.

  1. City of Los Angeles Hub City Boundary
  2. Estrada, William David. The Los Angeles Plaza: Sacred and Contested Space. University of Texas Press, 2009 — 15–50-bet. ISBN 978-0-292-78209-9. 
  3. Cheryl Preston. „Subterranean L.A.: The Urban Oil Fields“ Getty: Iris Blog (2013-yil 16-iyul). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  4. LaRocco, Lori Ann. „New York is now the nation’s busiest port in a historic tipping point for U.S.-bound trade“. CNBC (2022-yil 24-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  5. „Port of NYNJ Beats West Coast Rivals with Highest 2023 Volumes“. The Maritime Executive (2023-yil 4-aprel). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  6. Haun, Eric. „Port of New York and New Jersey Remains US' Top Container Port“. MarineLink (2022-yil 28-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  7. "Table 3.1. GDP & Personal Income". U.S. Bureau of Economic Analysis. 2018. Qaraldi: 5-sentyabr, 2023-yil
  8. Smith, Hayley. „Los Angeles is running out of water, and time. Are leaders willing to act?“. Los Angeles Times (2022-yil 13-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  9. Smith, Hayley. „California drought continues after state has its driest January and February on record“. Los Angeles Times (2022-yil 1-mart). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  10. 10,0 10,1 "Settlement of Los Angeles". Los Angeles Almanac. Qaraldi: 5-sentyabr, 2023-yil.
  11. Bowman, Chris. „Smoke is Normal – for 1800“. The Sacramento Bee (2008-yil 8-iyul). 2008-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  12. Gordon J. MacDonald. "Environment: Evolution of a Concept" (PDF). p. 2. The Native American name for Los Angeles was Yang na, which translates into "the valley of smoke."
  13. Bright, William. Fifteen Hundred California Place Names. University of California Press, 1998 — 86-bet. ISBN 978-0-520-21271-8. 
  14. Sullivan, Ron. „Roots of native names“. San Francisco Chronicle (2002-yil 7-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  15. Estrada, William David. The Los Angeles Plaza: Sacred and Contested Space. University of Texas Press, 2009 — 15–50-bet. ISBN 978-0-292-78209-9. 
  16. Willard, Charles Dwight. The Herald's History of Los Angeles. Los Angeles: Kingsley-Barnes & Neuner, 1901 — 21–24-bet. ISBN 978-0-598-28043-5. 
  17. "Portola Expedition 1769 Diaries (Wayback Machine saytida 2015-11-13 sanasida arxivlangan)". Pacifica Historical Society.
  18. Leffingwell, Randy; Worden, Alastair. California missions and presidios. Voyageur Press — 43–44-bet. ISBN 978-0-89658-492-1. 
  19. Guinn, James Miller. Historical and biographical record of southern California: containing a history of southern California from its earliest settlement to the opening year of the twentieth century. Chapman publishers, 1902 — 63-bet. 
  20. Estrada, William D.. Los Angeles's Olvera Street. Arcadia Publishing, 2006. ISBN 978-0-7385-3105-2.