Kontent qismiga oʻtish

Koʻzning tomirli pardasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koʻzning tomirli pardasi(lot.tunica vasculosa tractus uvealis) — bu koʻruv aʼzosining asosiy qismi hisoblangan koʻz olmasining ikkinchi qavati boʻlib, qon tomirlarga boy boʻlganligi uchun shunday nomlangan. Koʻzning tomirli pardasi bevosita oqsil qavatining ostida yotadi.

Anatomik tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻzning tomirli pardasi quyidagi 3 qismdan iborat:

  1. Rangdor parda (iris)
  2. Kipriksimon tana (corpus ciliaris)
  3. Xususiy tomirli parda (chorioidea)

Tomirli pardaning birinchi qismi rangdor parda - iris

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rangdor parda tomirli pardaning oldingi qismidir, koʻzga turli havorang, koʻkimtir, toʻq jigarrang va qora rang beradi, doira shaklida boʻlib, vertikaliga 12 mm va gorizontal tomonlama 12.5 mm ga teng. Rangdor parda ikki varaqdan iborat boʻlib, oldingisi mezodermal va ikkinchisi ektodermaldir. Rangdor pardaning oldingi sathida bir qancha chuqurcha va kavakchalar hamda devorchalar bor (lacuna, crypta) boʻlib, ular pardaga oʻziga xos koʻrinish va jilo beradi . Bu chuqurchalar pardaning ustki mezodermal varagʻida joylashgan va undagi fibrill tolalar hamda qon tomirlarning yoʻnalish izidan tashkil topgan. Koʻz rangining toʻq va och koʻkimtir, havorang va boshqachaligi shu pardadagi pigment hujayralaridagi xromatoforlar — melanin miqdoriga bogʻliq. Pigment hujayralarida melanin koʻp boʻlsa, koʻz rangi toʻq, oz boʻlsa ochroq rangli boʻladi. Qorachiqni oʻrab yotgan muskul tolalari (m. Sphincter pupilla) ham shu mezodermal varaqda joylashgan boʻlib, ular qisqarganda qorachiq torayadi. Rangdor pardaning orqa sathini epiteliy varagʻi tashkil etadi. Bu varaq bilan mezoderma varagʻi oʻrtasida radial (m. Dilatator pupilla) muskul tolalari joylashgan boʻlib, ular qisqarganga koʻz qorachigʻi kengayadi. Rangdor pardaning oldingi mezodermal varagʻida stroma va koʻp pigment hujayralari borki, bular oʻzaro chatishib rangdor pardaning tashqi pigment chegara membranasini tashkil etadi. Uning orqa sathida — ekzoderma varagʻida esa qorachiqni kengaytiruvchi radial nozik muskul tolalaridan tashqari, pigment qavati ham boʻlib, u qorachiq qirrasini oʻrab olib, uning pigmentli qora jiyagini tashkil etadi. Rangdor pardaning qoq oʻrtasida yumaloq kichkina boʻshliqli teshik — qorachiq ( pupilla) Qorachiqning qirra cheti atrofidan 1,5 mm ichkarida boʻrtiqroq, qalinligi 0,4mm ga teng tasmachani eslatadigan doira bor. Qorachiq atrofidagi yuqorida taʼriflangan boʻrtiqroq doira uning oldingi sathini mayda va yirik naqshli ikkita doira qismga ajratadi. Bular qorachiq atrofi va kipriksimon tana zonalari deyiladi. Koʻzga yogʻdu tekshirganda bu zonalardan biri mayda-mayda chiziqli va ikkinchisi yirik shaklli boʻlib, yaqqol koʻrinib turadi. Ular normal holatining oʻzgarishi rangdor pardaning turli kasalliklariga tashxis qoʻyishda katta ahamiyatga ega. Hozirgi zamon iridodiagnostika usuli nuqtai nazaridan qaraganda rangdor pardadagi pigment dogʻlari mayda-mayda chiziq va shakllarning oʻzgarishi va oʻzgacha joylashishi faqatgina koʻz patologik kasalliklarini emas, balki butun tanada paydo boʻladigan oʻzgarishlarni aniqlashga imkon beradi. Qorachiq rangdor kengayganda pardaning kipriksimon tana oldi zonasida bir necha qator gardishga oʻxshash burmachalar paydo boʻladi. Qorachiq torayganda esa burmachalar tekislanib, oʻrni aylana tasmaga oʻxshab turadi. Rangdor pardaning eng yupqa — 0,2 mm ga teng joyining kipiksimon tanaga oʻtishi chegara qismdir. Koʻzga tushadigan yorugʻ nurlarni rangdor parda qorachigʻi oʻzining torayish va kengayish xususiyati bilan nazorat qiladi, shuning uchun rangdor pardani koʻzning tabiiy diafragmasi deb ataladi. Rangdor parda sezuvchi nerv tolalari n. Trigemi dan, vazomotor tolalari tsiliar tugunning simpatik nerv shoxchalaridan va harakatga keltiruvchi n.oculomotoriusdandir.

Tomirli pardaning ikkinchi qismi, kipriksimon tana - corpus ciliaris

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kipriksimon tana — koʻz soqqasi gardishi, oqsil parda qavati ichidagi bir butun halqa kengligi 8 mm (burun tomoni 5,8 mm, chakka tomoni kengligi 6,7 mm) tasmaga oʻxshab yotadi . Tomirli qavatning oldi qismi rangdor parda bilan orqa qismi xorioideyalar oraligʻida kipriksimon tana joylashgan. U shu pardaning eng qalin qismi boʻlib, rangdor parda bilan chegaralangan joyining qalinligi 2 mm ga teng, chunki shu yerda uning muskuli m. Ciliaris joylashgan. Uning xorioideyaga oʻtish chizigʻi (ora serrata) esa kungiralidir. Kipriksimon tana sathi ikki xil tuzilishga ega. Uning rangdor pardaga yaqin — oldingi qismining ichki sathi koʻz ichiga boʻrtibroq chiqqan kiprikka oʻxshash tolalardan tuzilgan (processus ciliaris) juda koʻp tolali (70 ga yaqin) tasmani eslatadi. Buni odatda kipriksimon chambarak (corena ciliaris) deyiladi. Tananing orqa, xorioideyaga oʻtish qismi bora-bora tekislanib yupqa gardish (orbiculus ciliaris) deb ataladi. Kipriksimon tanani meridian yoʻnalishida kesib qaraganda uchburchakli kesma paydo boʻladi. Uchburchakning birinchi — ustki sathi oldingi — rangdor parda oʻzagi tomonga, ikkinchisi — orqa sathi xorioideyaga va uchinchi — toʻmtoq sathi esa ko'z gavhari tomonga qaragan boʻladi. Kipriksimon tananing chambaragi koʻz gavharini oʻrab olgan. Ular orasida kengligi oʻzgarib turadigan gavhar atrofi boʻshligʻi (sratium circum lental) bor. Kipriksimon tananing oldingi sathidan boshlanadigan boylamchalar — Sinn boylamchalari (ligamentum Zinni) koʻz gavhari ekvatorining orqa sathiga, uning orqa qismidan boshlanadigan boylamchalar gavhar ekvatorining oldingi sathiga borib birikadi. Natijada gavhar atrofida bir-biri bilan kesishgan Tsinn boylamchalari orasida Kloket kanali (spatium Cloketi) paydo boʻladiki, bunda kipriksimon tanadan chiqqan suyuqlik-ko'z ichi suyuqligi girdoblanib oqadi. Kipriksimon tanada ham birinchi- mezodermal varagʻi boʻlib, u „adashgan“ toʻqima, muskul tolalari va juda koʻp qon tomirlarga ega. Uning ikkinchi (pigmentli) ektodermal varagʻi va toʻr pardaning oʻrta — optik qismidan rangdor pardaga qarab yoʻnalgan va ularning orqa sathini yopgan ikkinchi ektodermal epitelial qismlari bor. Demak, kipriksimon tanada ham, rangdor pardada ham ektodermal varaq bir juftdan. Rangdor pardada esa ikkita ektodermal va epitelial pigmentli varaqlar juda koʻp pigmentli hamda qop-qora boʻlgani uchun nur oʻtkazmaydi va koʻz ichki pardalariga haddan tashqari koʻp yorugʻ nurlar oʻtishidan saqlaydi. Kipriksimon tanadagi mayin silliq muskullar uch xil meridianal, radial va tsirkulyar yoʻnalishlidir. Meridianal tolalar qisqarganda xorioideyani oldinga tortadi va bu m.chorioidea deyiladi. Radial tolalar esa oqsil parda oʻsiqchasidan kipriksimon tana kiprikli va kipriksiz gardishlariga borib birikadi. Tsirkulyar tolalar esa ayrim-ayrim bogʻichlar shaklida kiprikli qismda joylashgan. Kipriksimon tanada uch xil yoʻnalgan muskullar toʻplami ayrim-ayrim qisqarib akkomodativ vazifani bajaradi. Kipriksimon tomirli qatlam oʻrin olgan. Bunda qon tomirlardan tashqari siyrak biriktiruvchi toʻqima, elastik tolalar va pigment hujayralari koʻp. Koʻzning orqa qutbidan tomirli parda bilan oqsil parda orasidagi nozik boʻshligʻi — spatium suprachoriodeadan kipriksimon tananing uzun arteriyasi oʻtib kelib, kipriksimon tananing oldingi limbga yaqin yotgan arteriyasi bilan anastomozlab, rangdor pardaning kipriksimon tanaga oʻtish joyida ularning katta qon aylanish doirasini tashkil qiladi. Doiraning tolalari kipriksimon tana kiprikli qismini qon tomirlar bilan boyitadi. Bu esa kipriksimon tananing koʻz ichi suyuqligi ishlab chiqarishiga katta imkoniyat beradi. Kipriksimon tanadagi muskullar akkomodatsiya jarayonini taʼminlasa, uning kiprik epiteliysi koʻz ichi suyuqligi ishlanishini taʼminlaydi. Kipriksimon tanadagi qon tomirli qatlam ostida juda yupqa shaklsiz, asosiy qatlam joylashgan, uning ostida esa pigmentli epiteliy va undan keyin pigmentsiz epiteliy qavatlari qatma-qat boʻlib yotadi. Keyingi ikki-pigmentli va pigmentsiz qavatlardan biri- pigmentsiz toʻr pardaning koʻrmaydigan (optik emas) qismidir. Kipriksimon tanada nerv tolalari chigali yotadi. Uning sezuv nervi tolachalari uch tarmoqli nervning birinchi tolasidan, qon tomirlarni kengaytirib-toraytirib turuvchi va radial muskullarni harakatlantiruvchi tolalar esa simpatik nerv tolasidagi va aylana muskullarni harakatlantiruvchi tolalar koʻzni harakatlantiruvchi nerv (n.oculomotorius) tolalaridandir.

Tomirli pardaning uchinchi qismi — chorioidea

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mazkur qism tomirli pardaning eng orqa qismi boʻlib, u oqsil pardaning ichki sathiga suyanib yotadi. Qalinligi 0,2-0,4 mm ga teng. Uning sathi kungirali chiziqdan to koʻruv nervi diski qirrasigacha boʻlgan masofaga teng va faqat shu ikki oʻrinda oqsil pardaga yopishgan boʻladi.

Xorioideyaning gistologik qavatlari

  • Supraxorioideya — qon tomirlarning ustki qatlami juda yupqa endoteliy bilan qoplangan koʻp tolali pigment hujayralari bilan taʼminlangan biriktiruvchi toʻqimadan iborat.
  • Yirik diametrli arteriya va vena qon tomirlar qatlami.
  • Oʻrta diametrli arteriya va vena qon tomirlar qatlami.
  • Mayda xoriokapillyar qon tomirlar qatlami.
  • Brux membranasi — shishasimon tiniq, silliq va nafis parda, xoriokapillyar varagʻi bilan toʻr parda pigment epiteliysi orasida yotgan membrana. Xorioideya toʻr pardaning optik qismi bilan jipslashib yotadi. Xorioideyada sezuv nerv tolalari yoʻq. Koʻzning orqa qutbidagi siliar arteriyasi qon tomirlarning 6-8 ta orqa qisqa tolalari xorioideya qatlamlariga kirib, bir-biri bilan anastomozlangan holda uni arteriya qoni bilan taʼminlaydi. Xorioideya bilan to'r pardaning hamkorligi koʻzning ko'rish jarayonini yaxshilaydi, chunki xorioideyaning eng ichki xoriokapillyar qatlami toʻr pardani qon bilan taʼminlab, unda moddalar almashinuvini tartibga solib turadi.

Fiziologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorioideyaning tomirli sistemasi kalta orqa kiprikli arteriyalar koʻrinishida namoyon boʻladi. Ular 6-8 ta boʻlib, skleraning orqa polyusidan chiqib, quyuq tomirli tutamni hosil qiladi. Xorioideya koʻrish uchun zarur toʻxtovsiz tushib ketadigan koʻruv purpuralarning qayta tiklanishini taʼminlovchi energetik manba boʻlib hisoblanadi.  

Gavhar. Gavhar ximik tarkibining uziga xos xususiyati undagi koʻp miqdordagi (35 dan yuqori) oqsil moddalarining borligidadir. Gavhar qon tomirlarga ega emas. Moddalar almashinuvi uchun zarur boʻlgan tarkibiy qismlar va almashinuv jarayoni mahsulotlarining ajralishi diffuziya va osmos yoʻli bilan boradi va juda sekin kechadi. Gavharning oldingi kapsulasi yarim oʻtkazgich parda vazifasini bajaradi.  Gavhar oziqlanishining regulyasiyasida gavhar oldingi yuzasining sub-kapsulyar epiteliysi va uning ekvatorial qismi ishtirok etadi.  Gavhar oziqlanishining manbasi koʻz ichi suyukligi va kamera suyuqligi hisoblanadi. Gavhar oziqlanishi uchun zarur boʻlgan moddalarning yetishmasligi yoki unga keraksiz, yot moddalarning kirishi normal moddalar almashinuvini buzadi va bu oqsilning parchalanishiga, tolalarning ajralib ketishiga,  gavharning xiralashishi — kataraktaga olib keladi.

Iridotsiklitlar. Koʻz tomirli qavatning rangli pardasi (lot.iris) yalligʻlanganda iritis, kipriksimon tana (corpus ciliaris) yalligʻlanganda ciclitis va uning xususiy yalligʻlanganda chorioiditis deyiladi.

Toksoplazmoz iridotsiklitlari koʻpincha toksoplazmozning hayotda yuqtirilgan turi bilan kasallangan odamlarda ham uchraydi. Toksoplazmalar qonga yoki koʻzga tushganda shox parda, rangdor parda va kipriksimon tananing oʻtkir yalligʻlanishi, koʻzda yoshlanish, ogʻriq berish va perikorneal in'ektsiya bilan boshlanib, rangdor pardadagi tugunchalar yoki diffuz yopishqoq yalligʻlanish tezlik bilan kipriksimon tanaga oʻtadi va proliferativ jarayon boshlanadi va juda ogʻir davom etadi. Choʻkma donachalar yuzaga kelib, koʻkimtir sargʻish ekssudat qorachiqni bekitib qoʻyadi va ikkilamchi glaukoma kelib chiqadi.

Zaxm- sifilisdan paydo boʻladigan iridotsiklitlar zaxmning ikkinchi davrida rangdor parda qorachigʻi poyasidan kengaygan qon tomirlarning chegaralangan qizgʻish manbai (ochag) paydo boʻlib, 4-5 kundan soʻng ular soʻrilib koʻrinmay ketadi. Shuningdek bir oz qizarib shishgan rangdor pardaning shu joyida papula paydo boʻlishi mumkin. Bu kichkina sargʻish-qizil shish shaklida boʻladi.

Virusli iridotsiklitlar — uchuqli yoki gripp virusidan paydo boʻlib, asta-sekin boshlanib, seroz yallig'lanish sifatida surunkali davom etadi. Oʻzi kam uchraydi, vaqtida davolansa asoratsiz kechadi.

Xorioiditlar. Xorioiditlarning klinik koʻrinishi koʻpincha tugunchali va kamdan-kam diffuz yallig'lanish sifatida boʻladi. Koʻproq uchraydigan surunkali tugunchali xorioiditlar xorioideyadagi yirik-yirik qon tomirlarida oqib turgan qon dinamikasining juda sekin va sust harakati sababli bemorning boshqa aʼzolarida paydo boʻlgan kasalliklarning mikroblari (sil tayoqchalari, toksoplazmalar, spiroxetalar) ularda choʻkib qolib, yalligʻlanish boshlanadi. Shu tartibda koʻzda tugunchali yoki koʻzga tushgan strepto-, stafilo- va boshqa kokklar esa diffuz yiringli yalligʻlanishni qoʻzgʻatadi.

Foydanilgan adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Ko‘z kasalliklari, M. H. Hamidova, Z. Q. Boltayeva, Toshkent-2006. „Zarqalam“ nashriyoti
  2. Oftalmalogiya, R. O. Muxammadiyev, Toshkent-2020. „Photo Excpress“ nashriyoti,
  3. Oftalmologiya karmanniy spravochnik-atlas Gerxard K.Lang 2009
  4. Ko‘z kasalliklari, F. S. Yuldasheva, M. S. Yusupova, S. M. Aripova,Toshkent-2017
  5. Yeroshevskiy T. I., Bochkareva A. I., „Glaznie bolezni“, 1989 g.