Kipriksimon tana
Kipriksimon tanaKipriksimon tana | |
---|---|
lotincha: corpus ciliare | |
Sistema | Oftalmologiya |
Arteriya | uzun va kalta orqa siliar arteriyalar |
Kataloglar | |
|
Kipriksimon tana (Siliar tana deb ham ataladi) – koʻzning bir qismi boʻlib, u gavhar shaklini boshqaradigan kipriksimon mushaklar va suvsimon suyuqlikni ishlab chiqaradigan kipriksimon epiteliyni oʻz ichiga oladi. Suvsimon suyuqlik kipriksimon tananing pigmentli boʻlmagan qismida ishlab chiqariladi[1]. Kipriksimon tana koʻz tomirli pardasining bir qismi boʻlib, koʻz toʻqimalariga kislorod va ozuqa moddalarini yetkazib beradigan toʻqimalar qatlami hisoblanadi. Kipriksimon tana tomirli pardaning tishsimon chizigʻi (ora serrata)ni kamalak pardaning ildiziga birlashtiradi[2].
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kipriksimon tana – bu koʻz ichidagi toʻqimalarning halqa shaklidagi qalinlashgan qismi boʻlib, orqa kamerani Shishasimon tana|shishasimon tanadan]] ajratib turadi. U kipriksimon mushaklar, tomirlar va tolali biriktiruvchi toʻqimalarni oʻz ichiga oladi. Ichki kipriksimon epiteliydagi burmalar kipriksimon oʻsimtalar deb ataladi va ular orqa kameraga suvsimon suyuqlikni chiqaradi. Keyin suvsimon suyuqlik koʻz qorachigʻi orqali old kameraga oqib oʻtadi[3].
Kipriksimon tana gavharga Zinn tolalari deb ataladigan biriktiruvchi toʻqima orqali birikkan. Kipriksimon mushaklarning boʻshashishi bu tolalarni taranglashtiradi va yorugʻlikni toʻr pardaga toʻgʻirlash uchun gavhar shaklini oʻzgartiradi.
Kipriksimon tananing ichki qatlami shaffof boʻlib, shishasimon tanani qoplaydi va toʻr pardaning nerv toʻqimasiga davom etadi. Tashqi qatlam kuchli pigmentlashgan, toʻr parda pigment epiteliysining davomi boʻlib, kamalak pardani kengaytiruvchi mushak hujayralarini hosil qiladi. Ushbu qoʻsh membrana koʻpincha toʻr parda bilan uzluksiz davom etadi va toʻr pardaning embriologik rudimenti hisoblanadi. Ichki qavat kamalak pardaga yetguncha pigmentsiz boʻlib, kamlak pardada pigmentlanadi. Toʻr parda ora serrata (tishsimon chiziq) bilan tugaydi.
Kipriksimon tana va kamalak parda asosi orasidagi boʻshliq kipriksimon egat hisoblannadi[4].
Nerv bilan taʼminlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kipriksimon tananing parasimpatik innervatsiyasida Edinger-Vestfal yadrosidan kelib chiqadigan presinaptik parasimpatik signallar III bosh miya nervi (okulomotor nerv) tarkibida boradi va siliar gangliy orqali tarqaladi. Siliar gangliydan postsinaptik tolalar kalta siliar nervlarni hosil qiladi. M3 muskarinik retseptorlarining parasimpatik faollashuvi siliar mushaklarning qisqarishiga olib keladi, qisqarish taʼsirida siliar mushak halqasining diametri qisqaradi[5]. Yuqori darajadagi akkomodatsiya, masalan, kitob oʻqish kerak boʻlganda, parasimpatik nervlar dominant boʻladi[6].
Siliar tana simpatik innervatsiyani uzun siliar nervlar orqali qabul qiladi[7]. Sinov subyektlari hayratlanganda, ularning koʻzlari avtomatik ravishda uzoqni koʻrishga moslashadi[8].
Funksiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Siliar tana uchta funksiyaga ega: akkomodatsiya, suvsimon suyuqlikni ishlab chiqarish va rezorbsiya qilish hamda gavharga birikuvhi va uni qavariqligini o'zgarishini ta'minlovchi Zinn tolalarini saqlash.
Akkomodatsiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Akkomodatsiya, asosan, siliar mushaklar qisqarganda, gavhar yanada qavariqlashib, odatda yaqinroq obyektlar uchun fokusni yaxshilaydi. Mushaklar boʻshashganda, gavharni tekislashtiradi, natijada uzoqroq obyektlar uchun fokus toʻgʻirlanadi.
Suvsimon suyuqlik ishlab chiqarish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Siliar oʻsimtalarning siliar epiteliysi oʻz qon taʼminotiga ega boʻlmagan gavhar va shox pardani kislorod, ozuqa moddalari va metabolik chiqindilarni drenajlash uchun javobgar boʻlgan suvsimon suyuqlikni hosil qiladi. Suvsimon suyuqlik ishlab chiqarishning 80 foizi faol sekretsiya mexanizmlari (Na + K + ATFaza fermenti suvning orqa kameraga oʻtishi uchun osmotik gradient hosil qiladi) orqali amalga oshiriladi va yigirma foizi plazma ultrafiltratsiyasi orqali hosil boʻladi. Koʻz ichi bosimi ultrafiltratsiya tezligiga taʼsir qiladi, ammo sekretsiyaga taʼsir qilmaydi[9].
Zinn tolalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zonulyar tolalar (Zinn tolalari) birgalikda gavharning tayanch boylamini hosil qiladi. Bu tolalar siliar mushaklar va gavharning kapsulasi oʻrtasidagi kuchli birikishni taʼminlaydi.
Klinik ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Glaukoma – bu yuqori koʻz ichi bosimi bilan bogʻliq neyropatiyalar bilan tavsiflanadigan koʻz kasalliklari guruhi[10]. Koʻz ichi bosimi suvsimon suyuqlikni ishlab chiqarish va uning rezorbsiya darajasiga bogʻliq. Siliar tanasi suvsimon suyuqlikni ishlab chiqarganligi sababli, u glaukomaga qarshi koʻplab dorilarning asosiy nishoni hisoblanadi. Uning sekretor funksiyasining ingibirlanishi, suvsimon suyuqlik ishlab chiqarilishining pasayishiga va natijada koʻz ichi bosimining pasayishiga olib keladi. Siliar tanaga taʼsir qiluvchi uchta asosiy dori guruhlari mavjud[11][12]:
- Glaukoma uchun ikkinchi eng koʻp qoʻllaniluvchi davolash usuli boʻlgan beta blokatorlar suvsimon suyuqlik ishlab chiqarishni kamaytiradi. Ular nisbatan arzon va umumiy sotuvda mavjud. Timolol, Levobunolol va Betaxolol glaukomani davolash uchun buyurilgan keng tarqalgan beta-blokatorlardir.
- Alfa-adrenergik agonistlar suyuqlik ishlab chiqarishni kamaytirish va drenajni oshirish orqali ishlaydi. Brimonidin va apraklonidin koʻp hollarda glaukomani davolash uchun buyuriladigan alfa agonistlar hisoblanadi[13]. Bundan tashqari, epinefrin kabi kamroq selektiv alfa agonistlari siliar tanani vazokonstriksiya qilish orqali suvsimon suyuqlik ishlab chiqarilishini kamaytirishi mumkin (faqat ochiq burchakli glaukoma uchun).
- Karboangidraza ingibitorlari ham suyuqlik ishlab chiqarishni kamaytiradi. Ular koʻz tomchilari (Trusopt va Azopt) va tabletkalar (Damox va Neptazan) sifatida mavjud.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Standring, Susan. Gray's anatomy : the anatomical basis of clinical practice. Churchill Livingstone/Elsevier, 2008. ISBN 978-0-443-06684-9. OCLC 213447727.
- ↑ Cassin, B. and Solomon, S. Dictionary of Eye Terminology. Gainesville, Florida: Triad Publishing Company, 1990.
- ↑ Lang, G. Ophthalmology: A Pocket Textbook Atlas, 2 ed.. Pg. 207. Ulm, Germany. 2007.
- ↑ Schnaudigel OE. Anatomie des Sulcus ciliaris [Anatomy of the ciliary sulcus]. Fortschr Ophthalmol. 1990;87(4):388-9. German. PMID: 2210569.
- ↑ „Head (chapter 7)“, Clinically Oriented Anatomy, 5th, Lippincott Williams & Wilkins, 2006 — 972-bet. ISBN 0-7817-3639-0.
- ↑ Hibbs, Ryan E. „Agents Acting at the Neuromuscular Junction and Autonomic Ganglia“, . Goodman & Gilman's The Pharmacological Basis of Therapeutics, 12th Brunton: , McGraw-Hill, 2011. ISBN 978-0-07-162442-8.
- ↑ Ruskell, G. L. (1973). "Sympathetic innervation of the ciliary muscle in monkeys". Experimental Eye Research 16 (3): 183–90. doi:10.1016/0014-4835(73)90212-1. PMID 4198985.
- ↑ Fleming, David G.; Hall, James L. (1959). "Autonomic Innervation of the Ciliary Body: A Modified Theory of Accommodation". American Journal of Ophthalmology 48 (3): 287–93. doi:10.1016/0002-9394(59)90269-7. PMID 13823443.
- ↑ Murgatroyd, H.; Bembridge, J. (2008). "Intraocular pressure". Continuing Education in Anaesthesia, Critical Care & Pain 8 (3): 100–3. doi:10.1093/bjaceaccp/mkn015.
- ↑ Casson, Robert J; Chidlow, Glyn; Wood, John PM; Crowston, Jonathan G; Goldberg, Ivan (2012). "Definition of glaucoma: Clinical and experimental concepts". Clinical & Experimental Ophthalmology 40 (4): 341–9. doi:10.1111/j.1442-9071.2012.02773.x. PMID 22356435. https://zenodo.org/record/1065544.
- ↑ „Glaucoma Medications and Their Side Effects“. Glaucoma Research Foundation.
- ↑ „Medication Guide“. Glaucoma Research Foundation.
- ↑ Colo., Malik Y. Kahook, MD, Aurora. „The Pros and Cons of Preservatives“. Qaraldi: 2017-yil 13-mart.