Kitob surat al-ard
Muallif(lar) | Ibn Havqal |
---|---|
Tarjimon(lar) | Shamsiddin Kamoliddinov |
Til | arabcha |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2011-yil |
Kitob surat al-ard (Yer surati kitobi) – geografik asar. Muallifi X asrda yashagan arab sayyohi va olimi Ibn Havqaldir. Asar 977–978-yillarda Sitsiliyada yozilgan boʻlib, koʻplab xalqlar tarixiy geografiyasi bayon qilingan[1]. Asarda yerning tasnifi, iqlimi, mamlakatlar va shaharlar toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilgan. 943-yilda Ibn Havqal savdogar sifatida Ispaniya, Sitsiliya, Mesopotamiya, Shimoliy Afrika, Hindiston, Eron kabi mamlakatlarga boradi. U Istaxriy bilan tanishadi va asar yozishga kirishadi. Istaxriy „Kitob masolik ul-mamolik“ asaridagi xaritalarni qayta yozadi va toʻgʻirlab chiqadi, bir nechta xaritalarni kitobga ilova sifatida kiritadi[2]. Asarda Buxoroga oid boʻlgan maʼlumotlarni uchratish mumkin. Ibn Havqal asarida Buxorodagi 7 ta darvoza nomlarini sanab oʻtadi. U asarda Buxorodagi Xarqonrud, Shofirkom arigʻi, Baraxsha (Varaxsha), Quyi va Yuqori Farovuz, Nahr-i Romitan kabi joy nomlari va toponimlarini yozgan. Ibn Xavqal asarida Istaxriy maʼlumotlaridan tashqari, al-Jayhoniy, Ibn Xurdadbeh kabi shaxslarning kitoblaridan foydalanadi[3]. 1878-yilda asarning arabcha matni asosida De Gue tomonidan, 1938–1939-yillarda Kramers tomonidan nashr qilingan. Asar 2011-yilda tarixchi olim Shamsiddin Kamoliddinov tomonidan ilmiy-izohli lugʻati bilan birgalikda Toshkentda oʻzbek tilida chop etilgan[3]. Shamsiddin Kamoliddinov Kramers tomonidan tayyorlangan tanqidiy matni asosida tarjima qilgan[4]. Ibn Havqalning ushbu asari ayrim parchalari rus tiliga tarjima qilingan. Volin, Garkavi, Betger kabi olimlar oʻz tadqiqotlarida „Kitob surat al-ard“ asaridan foydalanishgan[5]. Mazkur asarning H. Mamadaliyev tomonidan 2007-yil „Movarounnahr“ qismi oʻzbek tiliga tarjima qilingan ammo u nashr etilmay qolgan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ибн Ҳавқал 2011, s. 4.
- ↑ Тўраев 2023, s. 37.
- ↑ 3,0 3,1 Тўраев 2023, s. 38.
- ↑ 4,0 4,1 Ибн Ҳавқал 2011, s. 8.
- ↑ Ибн Ҳавқал 2011, s. 7.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Тўраев Ҳ. Бухоро тарихи ёзма манбалари. Бухоро: Durdona, 2023 — 204-bet.
- Ибн Ҳавқал. Китоб сурат ал-ард. Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2011 — 400-bet.