Kontent qismiga oʻtish

Kerayit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Keroitdan yoʻnaltirildi)

Kerayit (Keroit) — turkiy-moʻgʻul xalqlari tarkibidagi qadimiy qabilalardan biri. Oʻrta asrlarda (X—XI asrlar) Onon va Kerulen daryolarining (Moʻgʻuliston) yuqori oqimlari, shuningdek, Tola daryosi boʻylarida yashab, bir necha qabilalarga (kerayit, jirkin, konkant, saqant, tumaut, albat) boʻlingan. XI—XIII asr boshida oʻz davlatlari boʻlib, u Vanxon Toʻgʻril davrida inqirozga uchragan. 1203-yil Vanxon Chingizxondan yengilgach, bu davlat moʻgʻullar tasarrufiga oʻtgan; Kerayitlarning aksariyati keyinchalik moʻgʻullar istilosida qatnashgan. Kerayotlarning bir guruhi XIII asr oxirida Ozarbayjonning janubiga kelib, mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan.

Kerayitlarning bir qismi Chingizxondan yengilgach, Dashti Qipchoqqa qochib kelib oʻrnashgan va keyinchalik (XIV asr) Dashti Qipchoq oʻzbeklarining qabila ittifoqiga qoʻshilib islom dinini qabul qilgan. XVI asr boshida Shayboniylar bilan birga Movarounnahrga kirib kelgan va keyinchalik oʻtroqlashib oʻzlarining qabila-urugʻ nomlarini unutib, oʻzbeklar tarkibiga singib ketgan. "Nasabnomayi oʻzbek" va "Asomiyi navodu du firqayi oʻzbek" ("Toʻqson ikki oʻzbek qabilasi ismi") asarlarida boshqa oʻzbek urugʻ qabilalari qatorida sanab oʻtilgan. Dashti Qipchoqda qolgan kerayit qozoqlar, boshqirdlar va noʻgʻoylar tarkibiga kirgan. Oʻzbekistonda 1920—1926-yillar maʼlumotlariga koʻra, kerayitlardan Jizzax uyezdida 600 kishi, Kattaqoʻrgʻon uyezdida 250 kishi va Buxoro vohasida 230 kishi yashagan.

Qozoqlarning Kichik juz tarkibiga kirgan kerayitlar XIX asrda Sirdaryo boʻylarida koʻchmanchilik qilgan. Kerayitlarning tamgʻasi ± shaklda boʻlgan.[1]

  • Rashid-ad-din, Sbornik letopisey, t.1, kn. 1, M.—L., 1952;
  • Abdulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992;
  • Axmedov B.A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985;
  • Radlov V.V., Iz Sibiri, M., 1989.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil