Kemalar qabristoni
Kemalar qabristoni | |
---|---|
Joylashuvi | Moʻynoq tumani, Qoraqalpogʻiston |
Koordinatalar | 43°47′25″N 59°02′04″E / 43.790186007816786°N 59.03437573312358°E |
Yodgorliklar | zanglagan kemalar |
Qarovchi | Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi |
Kemalar qabristoni Vikiomborda |
Kemalar qabristoni — Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti, diqqatga sazovor joy. Obyekt davri: 1970-yil. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida joylashgan[1]. Obyekt manzili: Moʻynoq shaharchasi. Davlat mulki (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida). Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[2][3].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Moʻynoq tumanida joylashgan madaniy meros obyekti[4][5]. 1960-yillarda Orol dengizning suv sathi kamayib, qurib ketishi natijasida Moʻynoq porti yaroqsiz holga kelib qolgan va kemalar qabristoniga aylangan[6]. Oʻsha paytda Sirdaryoning suv zahiralarini paxta dalalarini suʻgorish uchun kanallarga nazoratsiz yoʻnaltirilgan holda boʻlib tashlanishi tufayli suv dengizning etagiga yetib bora olmay qolgan. 1990-yilda sobiq port bilan Orol dengizi oʻrtasidagi masofa 45 kilometrni tashkil etgan boʻlsa, 2000-yilda ular oʻrtasidagi masofa 100 kilometrni tashkil qilgan. 2018-yilda masofa 180 kilometrni tashkil qilgan[6]. Hozirda sobiq port va Orol dengizi oʻrtasidagi masofa 200 kilometrdan ortiq[5][7]. Dastlab kemalar juda koʻp boʻlgan, ammo keyinchalik ularning koʻpchiligini metallolomga topshirish uchun arralab, tashib ketishgan[6]. „Kemalar qabristoni“da 13 ta kema dastlab Orolqumda alohida-alohida joylashgan boʻlgan, biroq 2000-yillarda maxsus texnikalar orqali bir joyga jamlanadi[7]. Hozirda mavjud 11 ta kema yoʻqolib ketish arafasida, bunga sabablardan biri har yili boʻladigan shamol, yomgʻir hamda quyosh nuridir[7][8].
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-fevraldagi „Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini 2017−2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qaroriga asosan „Kemalar qabristoni“dagi 11 ta kemani qayta tiklash va ularga qiziqish yuqori boʻlgan turistlar keluvchi mamlakatlar nomini berish koʻzda tutilgan, jumladan, uchta kemaga „Germaniya“, „Yaponiya“ va „Oʻzbekiston“ nomlarini berish taklifi berilgan[9]. 2017-yilda ushbu madaniy meros obyektiga BMT Bosh kotibi António Guterres tashrif buyurgan[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „O‘zbekistonning sayohat qilishga arzigulik 19ta ajoyib maskani“ (2017-yil 19-may).
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
- ↑ „Orol dengizi tubidagi kemalar qabristoni“.
- ↑ 5,0 5,1 „Orol dengizining sohillari“.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 „Kemalar qabristoni – Orol dengizidagi dahshatli manzara“.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 „Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynog‘idagi „Kemalar qabristoni“ — suratlarda“ (2023-yil 31-may).
- ↑ 8,0 8,1 „OROL FOJIASI: qamishzorlar dengizi yoxud metallolomga topshirilgan kemalar…“ (2023-yil 18-yanvar).
- ↑ „Qurigan Oroldagi kemalarning birinchisiga «Germaniya» nomi beriladi“ (2017-yil 13-aprel).