Kontent qismiga oʻtish

Kabir ibn Kabir Dizaqiy Samarqandiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kabir ibn Kabir Dizaqiy Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi faqih

Andoza:Wikidata image

Kabir ibn Kabir Dizaqiy Samarqandiy (XIV asr) — faqihshunos olim.

XIV asrda yashagan faqih olim. Sharqshunos D. G. Voronovskiy (tav. 1908 y.) bu olimning ismi haqida gapirib, Kabir oti uning otasi va bobosidan oʻtib kelishi, uning boy tabaqadan kelib chiqqanidan dalolat berishini aytadi. Ehtimol, bu Movarounnahrning moʻgʻullar istilosigacha boʻlgan birorta hukmronning laqabidir, — deb yozadi. Mirzo Ulugʻbek va mazkur olimning koʻrsatishicha, Kabir ibn Kabirning faoliyati Amir Temurning taxtga chiqishi (771/1370-807/1404)dan oldingi davrga toʻgʻri keladi. Olim Movarounnahr hukm­dori Tugʻluq Temur (748/1348-764/1362) va uning oʻgʻli Ilyosxoʻja ibn Tugʻluq Temur (764/1362-791/1389) zamonida yoki Amir Temur hukmronligining ilk davrlarida yashagan boʻlishi ham mumkin[1]. Kabir ibn Kabir Jizzaxda tugʻilib oʻsgan va keyinchalik Samarqandda ilmiy faoliyatini davom ettirgan boʻlishi kerak. Kabirning OʻzR FA ShIda saqlanayotgan qoʻlyozmasining birinchi varagʻida uning ismi Kabiruddin deb koʻrsatilgan (inv. № 1544/P, 213a). Alloma asarlaridan bizgacha uning „Fatovou-l-Kabiriy“ („Kabiriyning fatvolari“) nomli kitobi yetib kelgan. Asar fors tilida yozilgan boʻlib, unda juda koʻp arab tilidan parchalar, turli kitoblardan olingan misollar keltirilgan. Bu fiqh ilmiga oid masalalar toʻplami hisoblanadi. Asar soʻz boshidan boshlanib, 30 ta kitob (bob)ga boʻlinadi. Birinchisi „Kitobu-t-tahorat“ („Tahorat kitobi“), oxirgisi „Kitobu-l-vasoyo“ („Vasiyatlar kitobi“). Asarning ikkita kotib tomonidan 795/1393 va 1125/1713-yil koʻchirilgan nusxasi (inv. № 3185/III), 1055/1596 yili nomaʼlum kotib tomonidan koʻchirilgan nusxasi (inv. № 2574/III), Muhammad Kotib tomonidan 1046/1636 yili koʻchirilgan nusxasi (inv. № 3132/II) va taxminan XVII asrda koʻchirilgan nusxasi (inv. № 1544/II)lar Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Bu asarning bizga maʼlum boʻlgan boshqa kutubxonalarda mavjudligi aniq emas. Shuningdek, allomaningMasoil nasir“ („Yordam beruvchi masalalar“) nomli asari Sankt-Peterburg Sharqshunoslik institutida (inv. № 4047) saqlanmoqda. Bu kitob ham islom dini huquqshunosligining bir qancha masalalariga bagʻishlangan boʻlib, 35 ta kitob (boʻlim)dan iborat. Asar Samarqandda yozilgan. Ehtimol, bu „Fatovou-l-Kabiriy“ning oʻzga nom bilan atalgan nusxasidir[2].

  1. СВР. VIII. № 5853. – С. 282-283.
  2. Абдуллаев И. Ҳикматуллаев Ҳ. Самарқандлик олимлар. – Т.: Фан, 1969. – Б. 48-49.