Kontent qismiga oʻtish

Joʻxori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jo‘xoridan yoʻnaltirildi)

Joʻxori (Sorghum Pers.) — gʻalladoshlar (gʻallagullilar) oilasiga mansub bir va koʻp yillik oʻsimliklar turkumi, don va yem-xashak ekini. Joʻxorining 50 ga yaqin yovvoyi va madaniy turi bor. Donli joʻxori (S. cernuum; oq joʻxori, qoʻqon joʻxori, gaolyan va boshqalar), shirin joʻxori (S. saccharatum), durra (S. durra), supurgi joʻxori (S. technicum), oʻtsimon joʻxori (sudan oʻtiS. Sudanense, oʻtsimon joʻxori — S. almum) kabi bir yillik turlari koʻproq ekiladi. Vatani — Mar-kaziy Afrika. Miloddan avvalgi 4—3-ming yillikdan beri ekib kelinadi. Eron, Hindiston, Xitoy, AQShda va Afrika, Okeaniya, Avstraliya, Oʻrta Osiyo, Ukraina jan.da ekiladi. Jahon boʻyicha joʻxori ekin maydonlari 43,6 mln.ga(gektar) dan ortiq, yalpi hosili 68,2 mln. tonna, hosildorligi 14,4 s/ga. Oʻzbekistonda ekin maydoni 9 ming ga (1999). Joʻxorining ildiz tarmogʻi popuk ildiz boʻlib, asosiy qismi yerning haydalma qatlamida rivojlanadi, ayrim ildizlar esa 2,5 m chuqurlikka kirib boradi. Poyasi somon poya, boʻyi 0,5-7 m gacha, oʻrtacha 2-3 m, poyaning ichi gʻovak parenxima toʻqimalari bilan toʻlgan. Poyasi tuplanadi (1-8). Bargi keng, 10-25 ta boʻladi. Toʻpguli roʻvak, 15-60 sm, yon shoxlari uchlarida 2 ta boshoqcha chiqaradi, bittasida meva hosil boʻladi. Joʻxori chetdan changlanadi. Doni krbikli va qobiqsiz, dumaloq, tuxumsimon; rangi oq yoki sariq. 1000 ta doni vazni 20-70 g. Donining tinim davri yoʻq, hosil yigʻilgandan soʻng ekish mumkin. Joʻxori muhim don ekini, doni oziqovqatga ishlatiladi. Donidan yorma, un, spirt, kraxmal tayyorlanadi, unidan non yopiladi, mol va parrandalarga toʻyimli yem sifatida beriladi. Koʻk massasi siloslanadi. Doni toʻyimli, tarkibida 65-75% kraxmal, 10-15% oqsil (lizin), 3,5% gacha yogʻ bor. 100 kg joʻxori doni 119 ozuqa birligiga teng. 100 kg koʻk massasida — 23,5, silosida — 22, pichanida — 49,2 ozuqa birligi bor. Poya shirasida 10-15% qand boʻlib, shinni ishlab chiqariladi. Supurgibop joʻxoridan supurgilar va choʻtkalar tayyorlanadi. Joʻxori takroriy ekin sifatida ham ekiladi. Joʻxori bir yillik oʻsimlik. Qurgʻoqchilikka va issiqlikka chidamli. Tuproq va havo qurgʻoqchiligiga bardosh beradi. Maysasi —G da nobud boʻladi. 30-40° haroratga chidaydi. Yorugʻsevar, qisqa kun oʻsimligi. Tuproqqa talabchan emas, ammo gʻovak tuproklarda yaxshi oʻsadi. Shoʻrga chidamli, oʻsuv davrining boshlanishida sekin oʻsadi. Ekilgan urugʻlar 10-15 kunda maysalaydi, 25-30 kundan keyin tuplanadi, 40-50 kunda nay oʻrash davriga kiradi, roʻvak chiqarish davri 55-65 kunga boradi, roʻvak chiqarishdan 5-6 kundan keyin gullash boshlanadi. Oʻsuv davri 75-100 kun. Joʻxori gʻoʻza, noʻxat, boshqa dukkakli ekinlardan boʻshagan yerlarga ekiladi. Chimqirqar plug bilan 28-30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi. Yer qurigan boʻlsa shudgordan oldin sugʻoriladi. Shudgorlashdan oldin gektariga 10-15 t goʻng, 50-60 kg fosfor, 40-50 kg kaliy solinadi. Bahorda (aprel—may) harorat 13-15° boʻlganda keng qatorlab ekiladi (qator orasi 60, 70 sm). Urugʻlik ekish normasi 5-10 kg/ga, ekish chuqurligi 3—5 sm, koʻchat qalinligi har gektarda 70-100 ming tupga boradi. Qator oralariga 2-3 ishlov beriladi. Sugʻoriladigan maydonlarda 25-30 s/ga don, 300-400 s/ga koʻk massa beradi (intensiv texnologiya usullari qoʻllanilganda 100—115 s/ga don, 1000+1200 s/ga koʻkpoya).

Navlari: Oʻzbekistonda joʻxorining 3 turi (donli joʻxori, shirin joʻxori va supurgi joʻxori guruxlari) koʻproq Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari, Fargʻona va Mirzachoʻlning sugʻoriladigan shoʻr yerlarida oʻstiriladi. Sugʻoriladigan maydonlarda Kattabosh, Chillaki, Oʻzbekiston 5, Sangzor, Oʻzbekiston 18, Karlik (Pastak) va boshqa navlari ekiladi.

Joʻxori zararkunandalari: bitlar, simqurtlar, tunlamlar, poya parvonasi, karadrina; kasalliklari: chang qorakuya, poya va ildiz chirishi, bakteriozlar.

Halima Otaboyeva.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil